O‘zi kichik, ammo orzulari osmon qiz
3 dekabr – Butunjahon nogironlar kuni
Bu dunyoda hech bir inson mukammal yaratilan emas. Hammaning ham bir kamchiligi, ko‘ngli to‘lmas kemtikligi bor. Aslida insonni inson sifatida belgilovchi muhim omil, kishining to‘rt muchasi sog‘ligida emas, balki toza qalbida. Atrofimizda shunday sof qalbli, dunyoning faqat go‘zal tomonlarini ko‘ruvchi, ezgulikka talpinuvchi va yaxshilik ulashuvchi insonlar bisyor.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra butun dunyo aholisining 1 milliarddan ortig‘ida muayyan turdagi jismoniy nuqson mavjud. Shundan 100 milliondan ortig‘ini yosh bolalar tashkil qiladi. Yurtimizda 3 dekabr – Butunjahon nogironlar kuni sifatida nishonlanib kelinmoqda. Bu kunni nishonlashdan asosiy maqsad ham bu turdagi insonlarga yordam qo‘lini cho‘zish, mehr ulashish, ularni qiynayotgan muammolarni hal qilishdan iboratdir.

bugungi suhbatdoshimiz ham o‘zidagi kichik nuqsonni hech qachon tan olmaydi. O‘zini barcha insonlar bilan teng tasavvur qiladi. Hayot qiyinchiliklari bilan mardonavor kurashib, sabr-toqati va irodasi bilan g‘alaba qozonib kelayotgan qahramonimiz Iroda O‘rozovadir. O‘zi kichik bo‘lsada, dunyoga teran nigohlar bilan boqayotgan Irodaning orzu-maqsadlari, qiziqishlari, ta’lim jarayonlari haqida suhbatlashdik.
– Avvalo, o‘zingiz, qiziqishlaringiz haqida suhbatlashsak.
– Men Iroda O‘rozova Surxondaryo viloyatining Qiziriq tumanida tug‘ilganman. Hozirda Toshkent shahar Olmazor tumanidagi 100-sonli ixtisoslashtirilgan maktab-internatning 8-sinfida tahsil olmoqdaman. Bolalikdan juda ko‘p narsalarga qiziqaman. Qo‘llarim shunday kichik bo‘lsada, mening qiziqishlarim bilan shug‘ullanishimga to‘sqinlik qila olmaydi. Shu jajji qo‘llarim bilan kitob o‘qiyman, she’r yozaman, rasm chizaman. Agar inson chin dildan xohlasa, harakat qilsa, albatta, o‘z maqsadlariga erishadi. Bundan tashqari men sportning shaxmat va shashka turi bilan ham shug‘ullanaman. Shashka sport turi bo‘yicha o‘tkazilgan respublika musobaqalarida 2 marta g‘oliblikni qo‘lga kiritganman.
Hozirda ota-onamdan olisda o‘qiyotganim, yashayotganim sababli ham ularni juda sog‘inaman. Bu sog‘inchlarim qog‘ozga she’r bo‘lib to‘kiladi. Shu boisdan ham aksariyat she’rlarim ota-ona haqida. Qolaversa, shukronalik haqida. Inson har qanday vaziyatda, har qanday holatda ham shukur qilishi lozim. 2019 yilda Moskva shahrida “Central Asia’s Got Talent” ko‘rsatuvida xuddi shunday insonlarni shukronalikka chorlaydigan she’rimni o‘qib berganman va bu she’rim ko‘pchilikka manzur bo‘lgan.
– Bilasizmi, baxt, sog‘inch va armon kabi tushunchalar bor. Ularni har bir inson o‘zidan kelib chiqib turlicha tushunadi. Siz uchun bu tushunchalar nimalarni bildiradi?
– Baxt – men uchun mana shu yorug‘ dunyoni ko‘rib turganim. Musaffo osmon, tong otishi, kapalaklarning gullarga qo‘nishi kabi go‘zalliklarni o‘z ko‘zim bilan ko‘ra olaman, to‘yib-to‘yib nafas olish imkoniyatiga egaman. Demak, men baxtliman. Bunday baxtdan mosuvo insonlar kam deb o‘ylaysizmi.
Sog‘inch – aslida kerakli tuyg‘u. Negaki, men o‘qigan kitoblarda insonni sog‘inadigan kishisi bo‘lsa, demak u baxtiyor odam deyilgan. Menda shunday insonlar bor. Ular ota-onam, buvijonim. Ularni juda sog‘inaman va bu sog‘inch qo‘limga qalam tutishga, she’rlar mashq qilishga sababchi bo‘lgan.
Armon – bu hayotdagi har bir lahzaning besamar o‘tishi. Ustozlarim vaqt juda tez o‘tadi, undan unumli foydalanish kerak, deyishadi. Men bunga imkoni boricha amal qilishga harakat qilaman. Kunning birinchi qismida maktabga borsam, ikkinchi qismida sevimli to‘garaklarim bilan mashg‘ul bo‘laman. Do‘stlarimga, tengdoshlarimga umrning har bir lahzasidan oqilona foydalanishlarini, o‘z kelajaklari uchun qattiq mehnat qilishlarini so‘rab qolardim.
– Siz nimadan kuch olasiz, siz uchun motivatsiya manbai nima?
– Men kuchni, o‘zimga bo‘lgan ishonchni buvimdan olaman. U inson meni yoshlikdan tarbiyalab, o‘zimga bo‘lgan ishonchni shakllantirgan. Nimagaki qo‘l ursam, o‘sha ishni bajara olishimga o‘zi ishonar va meni ham ishontirar edi. She’r yozsam, ular ham menga qo‘shilib she’r yozardi. Bundan tashqari ustozlarimning qo‘llab-quvvatlashi doimo menga kuch bag‘ishlagan. Bilmagan narsalarimni shirinso‘zlik bilan o‘rgatadilar, bilim beradilar, ham aqlan ham ma’nan yuksalishimga ko‘maklashadilar. Shuningdek, sinfdoshlarim, do‘stlarim doimo menga qo‘shqanot. Ularning borligiga shukur.
– Kelajakdagi orzularingiz, maqsadlaringiz?
– Orzularim juda ham ko‘p. Orzu qilishdan charchamayman (ko‘zlari quvnab). Men kelajakda jurnalist bo‘lmoqchiman. Chunki boshqa kasblarga qaraganda ularda imkoniyat katta. Xalqimizni qiynayotgan muammolarni hal qilishda, ularni yoritishda faol ishtirok etishni xohlayman. Davlatimizga nafim tegadigan yetuk kadr bo‘lib, hech kimdan kam emasligimni isbotlamoqchiman.
Suhbatdoshimiz o‘zi endigina 15 yoshda bo‘lsada, hayot uni katta qilib qo‘ygandek go‘yo. Suhbat davomida Irodaning fikrlashi, nutqining ravonligi, xushchaqchaqligi va hayotga kulib boqishi bizni hayron qoldirdi. Suhbatimiz yakunida Iroda tahsil olayotgan maktabning amaliyotchi psixologi Gulnoza To‘xtayevadan ham fikr oldik.

– Maktab-internatimizda har sohada iqtidorli o‘quvchilarimiz talaygina. Biz o‘quvchilarimiz bilan bir oiladek bo‘lib ketganmiz, chunki ular o‘z oilasidan ko‘ra ko‘p vaqtini biz bilan o‘tkazadi. Maktab-internatimizda har bir o‘quvchining erishgan kattami yoki kichik yutug‘i, muvaffaqiyati biz ustozlar qalbida faxr va g‘urur uyg‘otadi. Ular jismonan kemtikliklariga qaramay intiluvchan, iqtidorli. Biz ular bilan doimo faxrlanamiz. Ulardan biri Iroda O‘rozovadir. Iroda o‘zining ismiga monand juda irodali, sabr-toqatli, kuchli qiz. Uning hayotda erishgan yutuqlarining sababi ham har bir muammoli vaziyatlarda o‘zini tuta olishi, to‘g‘ri xulosa qila olishi metindek matonatidan deb bilaman. Doim yangilikka intiladi, o‘z ustida ishlaydi, har bir boshlagan ishiga chin ko‘ngildan, sidqidildan yondoshadi. Shu fazilatlari bilan ham u boshqa o‘quvchilardan ajralib turadi.
O‘zA muxbiri
Fayzullo Yahyoyev
suhbatlashdi