O‘zgarishlar soliq to‘lovchilarga yetkazilmoqda
O‘zbekiston Respublikasining 2021 yil 29 dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonuni qabul qilindi. Soliq kodeksining amaldagi 75 ta moddasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Shuningdek, Prezident qarori bilan soliq to‘lovchilarga bir qator huquq va yengilliklar taqdim etildi.
Xorazm viloyati davlat soliq boshqarmasi tomonidan ushbu yangiliklarni soliq to‘lovchilarga yetkazish maqsadida ko‘rgazmali amaliy seminar tashkil etildi. Unda qonunchilikdagi yangiliklar haqida batafsil ma’lumot berildi. Jumladan, tadbirkorlarga ular umumiy maydoni ming kvadrat metrdan (10 sotixdan) ortiq bo‘lgan yer uchastkalariga va (yoki) bino (inshoot)larga mulk huquqini qo‘lga kiritganda mol-mulk va yer solig‘i bo‘yicha to‘lovlarni olti oyga kechiktirish huquqi berilmoqda.

– Sug‘oriladigan yer maydoni 25 gektardan ko‘p bo‘lgan qishloq xo‘jaligi korxonalari qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lashga o‘tkazilishi belgilandi, – deydi viloyat davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i Hurmat Abdukarimov. – Amalda 50 gektardan ko‘p yer maydoniga ega korxonalar qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lashga o‘tar edi. bugungi kunda, viloyatda sug‘oriladigan yer maydoni 25 gektardan 50 gektargacha bo‘lgan va qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lashga o‘tmagan 178 ta korxonalarni ushbu tizimga o‘tkazish orqali, ularda hisobga olingan (texnika xizmati, urug‘, yoqilg‘i, mineral o‘g‘it va boshqa tovarlar sotib olinganda) qo‘shilgan qiymat solig‘i summasini byudjetdan qoplab berish imkoniyati yaratiladi. Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida oliy va professional ta’lim muassasalarida o‘qish uchun tijorat banklaridan olingan ta’lim kreditlarini (foizlari bilan) qoplashga yo‘naltirilgan mablag‘lar, yosh oila tomonidan olingan ipoteka kreditlarini va ular bo‘yicha hisoblangan foizlarni 15 million so‘mgacha miqdorda qoplashga jalb qilingan summalar daromad solig‘idan ozod qilindi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, soliq imtiyozlari hisobiga 545 million so‘m mablag‘lar fuqarolar ixtiyorida qoldiriladi.

– Seminar davomida barcha ma’lumotlarga ega bo‘ldik, – deydi bosh hisobchi Guljon Piriyeva. – O‘ylaymanki, bu yangiliklar faoliyatimizda dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi. Bu kabi tadbirlarning doimiy o‘tkazilishi faoliyatimizni yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.

Tadbirda dastlab tadbirkorlar uchun yaratilgan qator soliq imtiyozlari bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazildi. Xususan, yuridik shaxslar uchun mol-mulk va yer soliqlari stavkalarining pasaytirilgani mol-mulk solig‘i bo‘yicha soliq bazasini aniqlashda, ko‘chmas mulk ob’ektining 1 kv.metri uchun mutlaq qiymatda belgilangan minimal miqdorning belgilangani xususida batafsil ma’lumotlar berib o‘tildi.

Seminarda Davlat soliq xizmati organlari tomonidan soliq ma’muriyatchiligini raqamlashtirish natijasida bosqichma-bosqich joriy etilayotgan “Ye-aktiv”, “Ye-ijara”, “Ye-imtiyoz” tizimlari bo‘yicha 2022 yilda joriy qilingan yangiliklar, shuningdek, yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan yollangan xodimlarni davlat soliq xizmati organlarida hisobga qo‘yish, soliq solinadigan daromadlar va chegiriladigan xarajatlar hisobini yuritish tartiblari bo‘yicha tushuntirishlar berildi.
Ahmadjon Shokirov, O‘zA