O‘zganing mulkiga zarar yetkazishga qanday javobgarlik bor?
Huquqiy munosabat
O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga ko‘ra, o‘zganing mulkini qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish ko‘p bo‘lmagan miqdorni tashkil etsa, bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.
Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Javohir Eshonqulov bu borada batafsil ma’lumot berdi.
– Oz miqdor deganda bazaviy hisoblash miqdorining o‘ttiz baravarigacha bo‘lgan doiradagi, ko‘p bo‘lmagan miqdor deganda esa, bazaviy hisoblash miqdorining o‘ttiz baravaridan yuz baravarigacha bo‘lgan doiradagi miqdor tushuniladi, – deydi J.Eshonqulov. – Ustav fondida davlat ulushi bo‘lmagan korxonalar, muassasalar, tashkilotlarning mol-mulkini qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish faqat mazkur korxonalar, muassasalar, tashkilotlar rahbarining, mulkdorining yoki vakolatli boshqaruv organining arizasiga ko‘ra javobgarlikka sabab bo‘ladi. Bundan tashqari zarar yana ham ko‘proq ya’ni 33 million so‘m va undan ortiq bo‘lsa, jinoiy javobgarlikka ham olib kelishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 173-moddasiga ko‘ra, o‘zganing mulkini qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish ancha miqdor (33 000 000 so‘mdan 99 000 000 so‘mgacha)ni tashkil esa, bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yetmish besh baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
O‘sha harakatlar millatlararo yoki irqiy adovat yoxud diniy taassublar zamirida, atrofdagilar uchun xavfli usulda, ko‘p miqdor (99 000 000 so‘mdan 165 000 000 so‘mgacha)da zarar yetkazgan holda sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining yetmish besh baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Shuningdek, o‘sha harakatlar xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan shaxsning yoki uning yaqin qarindoshlarining mulkiga nisbatan, uyushgan guruh va uning manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan bo‘lsa, uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Yetkazilgan moddiy zarar uch karra miqdorida qoplangan taqdirda, ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qo‘llanilmaydi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA