O‘zbekistonning statistika sohasidagi islohotlari va natijalari Jahon bankida taqdim etildi
O‘zbekistonda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar borasida ma’lumotlarni shakllantirish, qayta ishlash jarayonlarini modernizatsiya qilish, statistika sohasiga raqamli texnologiyalarni joriy etish ko‘lami kengaydi. Bunda ma’muriy ma’lumotlar tizimlari bilan integratsiya kuchaytirilib, tadbirkorlik sub’ektlari uchun hisobot yuki qisqartirildi hamda sun’iy intellekt asosidagi yechimlardan foydalanishga e’tibor qaratildi.
Jahon banki guruhining Vashington shahridagi shtab-kvartirasida O‘zbekistonning statistika sohasidagi islohotlari va natijalariga bag‘ishlangan “Inside Uzbekistan’s Data Systems Transformation: Reforms, Innovation, Impact” mavzusida gibrid formatda taqdimot bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Milliy statistika qo‘mitasi raisi, BMT Statistika komissiyasi Byurosi raisi o‘rinbosari Behzod Hamroyev ishtirok etib, mamlakatimizda statistika tizimini isloh qilish, uni zamonaviy bosqichga olib chiqish hamda ma’lumotlarga asoslangan davlat boshqaruvini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’ruza qildi.
Institutsional islohotlarga ham alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, Statistika agentligining Milliy statistika qo‘mitasi sifatida qayta tashkil etilgani, Statistika kengashi va Transformatsiya ofisi faoliyati yo‘lga qo‘yilgani, kadrlar salohiyatini mustahkamlash, raqamli transformatsiyani jadallashtirish va xalqaro standartlarga muvofiqlikni kuchaytirishga qaratilgan yondashuvlar haqida ma’lumot berildi.
Shuningdek, 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan Statistikani rivojlantirish milliy strategiyasining ustuvor yo‘nalishlari, jumladan, statistikani shakllantirish jarayonlarini takomillashtirish, sifatni ta’minlash, ma’muriy ma’lumotlar integratsiyasi, ochiq ma’lumotlar, foydalanuvchilar bilan muloqotni kuchaytirish va kadrlar salohiyatini oshirish masalalari ham muhokama qilindi.
Ushbu taqdimot O‘zbekistonning statistika sohasidagi islohotlari, innovatsion yondashuvlari va amaliy natijalarini xalqaro ekspertlar hamda hamkor tashkilotlar doirasida keng taqdim etish, shuningdek, o‘zaro tajriba almashish uchun muhim muloqot maydoni bo‘lib xizmat qildi.
A.RUSTAMOV, O‘zA