O‘zbekistonning Ostona sammitidagi tashabbuslari borasida mulohazalar
Ma’lumki, Qozog‘istonning Ostona shahrida Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning navbatdagi sammiti bo‘lib o‘tdi.
Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash (OHICHK) – xavfsizlik va barqarorlik sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, savdo va iqtisodiy sheriklik, atrof-muhitni muhofaza qilish borasidagi aloqalarni faollashtirishga qaratilgan xalqaro forum hisoblanadi. Kengashga a’zo mamlakatlar va kuzatuvchilar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar delegatsiyalari ishtirokida o‘tayotgan sammitda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi. Mazkur nutqda ilgari surilgan qator dolzarb masalalar, mazkur sammitning ahamiyati borasida parlamentimiz vakillari o‘z mulohazalarini, munosabatini bayon qilishmoqda.

Aktam HAITOV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari:
— Davlatimiz rahbari Ostona sammitidagi nutqida xalqaro hamkorlik, global iqtisodiyotdagi muammolarga ham to‘xtaldi. Xususan, dunyodagi inqirozli holatlar Markaziy Osiyo davlatlariga ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri daxl qilayotganiga e’tibor qaratdi.
Umumiy xavfsizlik manfaatlari, taraqqiyotimizga ta’siridan kelib chiqib, davlatimiz rahbari oltita ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha o‘ndan ortiq nafaqat O‘zbekiston, balki Osiyo qit’asi va butunjahon uchun muhim ahamiyatli taklif va tashabbuslarni ilgari surdi.
Mazkur ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida oziq-ovqat xavfsizligi masalalariga sammit ishtirokchilari e’tiborini qaratdilar. Davlatimiz rahbari nutqida qit’amizning ko‘plab davlatlari iste’mol mahsulotlarining asosiy import qiluvchilari hisoblanishini ta’kidladi.
Butunjahon oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti hisob-kitoblariga ko‘ra, ochlikdan aziyat chekayotgan sayyoramiz aholisining yarmidan ko‘pi Osiyo qit’asida yashamoqda. Mamlakatimiz Prezidenti mazkur o‘tkir muammo yechimi yuzasidan yangi yondashuvlarni bayon etdi. Jumladan, oziq-ovqat ishlab chiqarishning barqaror tizimlarini va uni yetkazib berishning optimal zanjirini shakllantirish, ichki mintaqaviy savdo o‘sishi uchun texnik reglamentlarni uyg‘unlashtirish, Osiyoda oziq-ovqat xavfsizligini monitoring qilish yaxlit tizimini yaratish masalasiga e’tibor qaratdi.
Davlatimiz rahbari ushbu barcha masalalarni FAO shafeligida kelgusi yili O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan xalqaro konferensiyada muhokama qilishni taklif etdi. Ushbu takliflar insoniyat uchun o‘ta muhim bo‘lgan oziq-ovqat masalasida to‘g‘ri va oqilona yechimlar ishlab chiqilishiga yo‘naltiradi.

Zafar XUDOYBERDIEV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati:
— Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning Ostona sammiti mintaqaviy va xalqaro masalalar bo‘yicha fikr almashish uchun muhim platforma hisoblanadi. Hozirda unga 27 ta davlat a’zo bo‘lib, yana 9 ta davlat kuzatuvchi maqomiga ega.
Sammitda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zlab, ushbu tuzilma xavfsizlikni ta’minlash, Osiyoda o‘zaro ishonch va barqaror taraqqiyotni mustahkamlash masalalari bo‘yicha ochiq muloqot maydoni ekanligini ta’kidladi. Shuningdek, murakkab geosiyosiy voqeliklar Osiyo qit’asi barqarorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani, inqirozli holatlar Markaziy Osiyo davlatlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri daxl qilayotgani, iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni sekinlashtirayotgani aytib o‘tildi.
Davlatimiz rahbari o‘z nutqida bir qator ustuvor yo‘nalishlarga e’tibor qaratib, qator takliflarni ilgari surdi. Xususan, proteksionizmning kuchayishiga, global bozorlarni beqaror qiladigan omillarni, jumladan yangi cheklovlarning joriy etilishiga yo‘l qo‘ymaslik, Osiyo qit’asida o‘zaro bog‘liqlikni, birinchi galda, ishlab chiqarish-logistika zanjirini, Markaziy Osiyoni Janubiy va Sharqiy Osiyo, shuningdek, Yaqin Sharq bilan samarali bog‘lovchi transport yo‘laklarini yaratish hamda innovatsiyalar transferi salohiyatini yanada to‘liqroq ishga solish, raqamlashtirishni faol rag‘batlantirish, yuqori texnologiyalar, sun’iy intellekt, Internet tizimlarini rivojlantirish maqsadga muvofiqligi qayd etildi. Bu o‘z navbatida O‘zbekistonning pragmatik tashqi siyosat olib borayotganidan, ya’ni bildirilayotgan takliflar o‘zining amaliy ifodasi bilan mustahkamlanganidan dalolat beradi.

Dilbar USMONOVA, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati:
— Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev xalqaro forumdagi nutqida dunyodagi vaziyatga baho berdi va xalqaro munosabatlarda noaniqlik tobora o‘sib, muloqot va ishonch misli ko‘rilmagan darajada taqchil bo‘lib borayotganini qayd etdi.
Sammitda davlatimiz rahbari bir qator tashabbuslarni ilgari surdi. Xususan, global bozorlarni beqaror qiladigan omillarga yo‘l qo‘ymaslik, Osiyo qit’asida o‘zaro bog‘liqlikni yaratish, raqamlashtirishni faol rag‘batlantirish zarurligini ta’kidladi.
Shuningdek, sammitda Shavkat Mirziyoyev oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash sohasida yangi yondashuvlarni taklif etdi. Bu dolzarb va ayni paytda amalga oshirish juda muhim bo‘lgan masalalar sirasiga kiradi.
Eng quvonarlisi, davlatimiz rahbari mazkur sammitda ishtirok etayotgan 28 ta davlat va xalqaro tashkilotlar rahbarlarini dunyodagi global muammolarni hamkorlikda hal etishga va bunda har bir mamlakat bir-biriga ko‘makchi bo‘lishini aytib o‘tdi.
Bundan ko‘rinadiki, bugun hech bir davlat yon qo‘shni yoki uzoq-yaqindagi mamlakatlar bilan hamkorlik qilmasdan iqtisodiy yuksalishlarga erisha olmaydi. Shunday ekan, sammitda Prezidentimiz ko‘targan barcha masalalar dunyo mamlakatlarini hamjihatlik va totuvlikka chorlaydi.
Muhtarama Komilova tayyorladi, O‘zA