O‘zbekistonlik yoshlar “Yozgi universitet” xalqaro ta’lim forumida ishtirok etmoqda
Tatariston Respublikasi poytaxti Qozon shahridagi Qozon federal universitetida 6-iyuldan “Yozgi universitet - 2026” xalqaro ta’lim forumi bo‘lib o‘tmoqda.
25 mamlakatdan kelgan talaba va yosh tadqiqotchilarni birlashtirgan mazkur loyihada O‘zbekistonning oliy ta’lim muassasalari talabalari ham ishtirok etib, sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar, biomeditsina va boshqa zamonaviy yo‘nalishlar bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirmoqda.
Ta’lim dasturi doirasida nazariy mashg‘ulotlar bilan bir qatorda zamonaviy simulyatsion markazlarda amaliy darslar, yetakchi xalqaro mutaxassislar ishtirokida mahorat mashg‘ulotlari tashkil etilgan. Shuningdek, ishtirokchilar astrofizika va boshqa ilmiy yo‘nalishlar bo‘yicha ma’ruza hamda seminarlarda qatnashyapti.
Andijon davlat tibbiyot instituti talabasi Nasiba Anvarova ham forum ishtirokchilaridan biri. Uning ta’kidlashicha, mazkur ta’lim dasturi zamonaviy tibbiy texnologiyalarni o‘zlashtirish, xalqaro tajriba orttirish va turli mamlakatlardan kelgan yoshlar bilan fikr almashish uchun muhim imkoniyat yaratmoqda.
– Bu yerda olayotgan bilim va amaliy ko‘nikmalarimiz kelgusidagi kasbiy faoliyatimiz uchun mustahkam poydevor bo‘ladi. Ayniqsa, xalqaro darajadagi jarrohlar ishtirokidagi mashg‘ulotlar men uchun katta tajriba maktabi bo‘lmoqda. Kelgusida malakali jarroh bo‘lish, ordinaturada tahsil olish va orttirgan bilimlarimni yurtimiz tibbiyoti rivojiga yo‘naltirishni maqsad qilganman, – dedi N.Anvarova.
Qozon federal universitetining Jizzax filiali talabasi Ruslan Ibraimov esa ingliz tilidagi ta’lim dasturini tanlagan. Uning fikricha, xalqaro muhitda tahsil olish kasbiy bilimlarni mustahkamlash, xorijiy til ko‘nikmalarini rivojlantirish va ilg‘or tajribani o‘zlashtirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Kelgusida u oilaviy stomatologlar sulolasini davom ettirishni rejalashtirgan.
“Yozgi universitet” xalqaro ta’lim forumi yoshlarning ilmiy va intellektual salohiyatini yuksaltirish, xalqaro akademik hamkorlikni mustahkamlash hamda ilg‘or bilim va tajribalar almashinuvini kengaytirishda muhim ahamiyatga ega.
Eslatib o‘tamiz, “Yozgi universitet - 2026” xalqaro ta’lim forumi 19-iyul kuni o‘z ishini yakunlaydi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA