O‘zbekistonga hurmati baland olim yodi
Yaponiyalik arxeolog olim Kyudzo Kato O‘zbekiston xalqi, madaniyati, tarixi, an’analariga cheksiz muhabbat va ehtirom bilan munosabatda bo‘lgan inson edi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi tomonidan “Kyudzo Kato – O‘zbekistonni yaponlarga tanishtirgan xalq diplomati” mavzusida o‘tkazilgan xalqaro davra suhbatida shu haqda so‘z bordi.
Onlayn davra suhbatida Qo‘mita, O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchixonasi, “Yaponiya-O‘zbekiston” do‘stlik assotsiatsiyasi, Termiz arxeologiya muzeyi vakillari ishtirok etdi.
Ushbu tadbir xalqlar o‘rtasida do‘stlik, bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikni ta’minlashga xizmat qilib, xalq diplomatiyasining rivojida muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi chorak asrdan ziyod davr mobaynida barcha sohalar, jumladan, madaniyat va san’at yo‘nalishida hamkorlik aloqalari izchil rivojlanib borayotir.
Professor Kyudzo Kato Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekistonning janubidagi bir necha ming yillik tarixga ega qadimiy shahristonlarni topish bo‘yicha 30 yilga yaqin arxeologiya ishlarini olib borilishiga hissa qo‘shgan edi.

Tadbir doirasida do‘stlik aloqalarining rivojlanib borishida xalq diplomatiyasining o‘rni g‘oyat kattaligi, o‘tgan tarixiy davr ichida mamlakatlarimiz o‘rtasida ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy yo‘nalishlarda ijobiy natijalarga erishilganligi bilan bir qatorda madaniy sohalarda alohida ahamiyatga ega ishlar olib borilayotganligi alohida qayd etildi.
“Yaponiya-O‘zbekiston” do‘stlik assotsiatsiyasi prezidenti o‘rinbosari, bir necha yillar avval mamlakatimizda elchi sifatida faoliyat ko‘rsatgan Fumixito Kato do‘stlik aloqalarida xalq diplomatiyasi va madaniy almashinuv vositalari orqali hamkorlik qilish o‘zaro ishonchni mustahkamlashga imkon yaratishini ta’kidladi.

Bu esa o‘z navbatida, Yaponiya-O‘zbekiston savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalarni yanada rivojlantirishda muhimdir.
Kyudzo Katoning rafiqasi Sadako Kato xonim barcha tadbir ishtirokchilariga minnatdorchilik bildirib, davra suhbati ikki mamlakat millat vakillari uchun o‘z madaniyati, urf-odatini asrab-avaylash, milliy qadriyatlarni rivojlantirish uchun katta hissa qo‘shishini ta’kidladi. U, shuningdek, bugungi kunda Curxondaryoda Kyudzo Kato nomidagi maktab va ko‘cha mavjudligi, turmush o‘rtog‘i O‘zbekistonning faxriy “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlanganligi, olimga ko‘rsatilayotgan hurmat-e’tibor uchun o‘zbek xalqidan bir umrga minnatdor ekanligini qayd etdi.
Termiz arxeologiya muzeyi olimi T.Annayev Kyudzo Kato – yapon arxeologi, antropologi, tarixchisi va etnografi, Yaponiya milliy etnologik faxriy professori bo‘lganligini hamda u O‘zbekiston merosi, tarixi, me’moriy yodgorliklarini o‘rganganligini alohida e’tirof etdi.
25 yildan ortiq vaqt davomida yapon olimi Fanlar akademiyasi va O‘zbekistonning boshqa ilmiy muassasalari bilan hamkorlik qilgani, ilmiy loyihalarda qatnashgani, Surxondaryo viloyatida (Dalvarzintepa, Qoratepa, Xolchayon, Fayoztepa) arxeologik qazishmalar olib borgani xalqlarimiz o‘rtasidagi madaniy aloqalarning yanada mustahkamlanishiga katta hissa bo‘lib qo‘shilgan.
Davra suhbati ishtirokchilari kelgusi yilda Kyudzo Kato tavalludining 100 yilligi munosabati bilan Termiz shahrida xalqaro simpozium o‘tkazish taklifini bildirdi.
N.Usmonova,
O‘zA