O‘zbekistondagi islohotlarning xalqaro e’tirofi
Jahon bozorida o‘zbek paxtasiga qo‘yilgan boykotning bekor qilinganidan so‘ng xalqaro brend va yirik kompaniyalar O‘zbekistondagi korxonalar bilan hamkorlik qilishga intilmoqda. Bu ushbu sohada mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning xalqaro e’tirofi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Paxta-to‘qimachilik sanoatidagi korxonalar faoliyatiga xalqaro standartlarni keng tatbiq qilish orqali brend korxonalarni jalb etish bo‘yicha ham ishlar olib borilmoqda.
Senati raisi, Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish Milliy komissiyasi raisi T.Norboyevaning "Better Cotton Initiattive" (BCI) xalqaro tashkiloti bosh direktori Alan Makkley bilan uchrashuvida shu haqda fikr almashildi.
O‘zbekistonda samarali investitsiyaviy faoliyat va biznes yuritish uchun barcha zarur shart-sharoitlar, muhimi, xalqaro tashkilotlar tavsiyalari asosida munosib mehnatni tashkil etish uchun barcha imkoniyatlar yaratilayotgani qayd etildi.
To‘qimachilik sanoatida mahsulot ishlab chiqarish va realizatsiya qilishda barqaror paxta xom ashyosidan, jumladan, BCI standartlari tizimiga muvofiq yetishtirilgan paxtadan foydalanishi muhimligi ta’kidlandi.
Muloqot davomida xalqaro standartlarni joriy qilish hamda o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish, ushbu jarayonlarda yangi loyihalarni amalga oshirish orqali to‘qimachilik sohasini rivojlantirish masalalari muhokama etildi.
O‘zA