O‘zbekistondagi islohotlar yuqori baholanmoqda
Poytaxtimizda o‘tayotgan Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley assambleyasi ishtirokchilari yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni, o‘zgarishlarni keng e’tirof etishmoqda.
Xususan, Meksika parlamenti vakillari Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov bilan uchrashuvda samimiy mehmondo‘stlik uchun chuqur minnatdorlik bildirib, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarni yuqori baholadi. So‘nggi sakkiz yilda O‘zbekiston o‘z taraqqiyotining yangi bosqichiga qat’iy qadam qo‘ygani, mamlakatda barcha sohalalarda bo‘layotgan o‘zgarishlar va yangilanishlar dunyo hamjamiyati tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanayotganini ta’kidladi.
Toshkent shahrida o‘tkazilayotgan Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley assambleyasi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan va natija berayotgan keng ko‘lamli islohotlar, demokratik yangilanishlarning xalqaro miqyosdagi ulkan e’tirofi ekanligini qayd etdilar.
Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlik masalalari, shu jumladan O‘zbekiston —Meksika parlamentlari aloqalarini mustahkamlash va kengaytirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
M.Komilova, O‘zA