O‘zbekistondagi eng faol banklar reytingi yangilandi
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazidan ma’lum qilishlaricha, faollikning eng katta o‘sishini Xalq banki ko‘rsatdi, u umumiy reytingda 16-o‘rindan 12-o‘ringa birdaniga to‘rt pog‘ona ko‘tarildi.
Ipoteka bank ketma-ket ikkinchi chorak uchun faoliyatining pasayishini ko‘rsatdi, shuning uchun bank uch pog‘onaga 5-o‘rindan 8-o‘ringa pasaydi. Asaka bank yirik banklar reytingini yopadi, u o‘z guruhidagi so‘nggi pog‘onani egallashda davom etmoqda.
O‘zbekistonning 31 ta tijorat banki uchun "Banklar faollik indeksi" yangilandi. Uning asosida banklarning choraklik reytingi tuziladi.
Tadqiqot xususiy sektorning bank aktivlaridagi ulushi o‘zgarishlarini monitoring qilish, shuningdek, mamlakat bank sektorida olib borilayotgan islohotlar va transformatsiya jarayonlarining samaradorligini baholash maqsadida olib borilmoqda.
2022 yil 1 sentyabr holatiga respublika bank tizimining aktivlari jami 532,1 trillion so‘mni (2021 yil 1 sentyabr holatiga nisbatan o‘sish 31,8 foiz), majburiyatlari 455,7 trillion so‘m (+ 34,3%), kreditlar 355,5 trillion so‘m (+ 15,7%) hamda depozitlar 205,7 trillion so‘m (+ 56,7%). Hozirgi kunda bank tizimida 57,8 ming kishi faoliyat olib bormoqda.
Tadqiqotda banklar ikki guruhga bo‘lingan – yirik va kichik. Guruhlarning har biri uchun alohida reyting tuzildi. Shu bilan birga, kichik banklar guruhiga faqat Toshkent shahrida (yoki faqat bitta hududda) faoliyat yurituvchi banklar kiradi.
III chorak: yirik banklar faoliyati reytingi
Kapital bank 2022 yilning uchinchi choragida yirik banklar faoliyati reytingida yetakchilikni saqlab qolgan bo‘lsa, Hamkor bank (2-o‘rin) va Trast bank (3-o‘rin) o‘zaro o‘rin almashdi.
17 ta yirik banklar orasida Hamkor bank ketma-ket ikkinchi chorakda o‘rtacha o‘sishni ko‘rsatdi, bank yana bir pog‘ona ko‘tarilib, umumiy reytingda 2-o‘rinni egalladi. Bank o‘z kapitalining yetarlilik natijalarini 3 punktga yaxshiladi va moliyaviy ta’minlanganlik, aktivlar va boshqarish sifati hamda likvidlilik bo‘yicha yaxshi natijalarni (+1 ball) ko‘rsatdi. Shu bilan birga, reyting natijalariga ko‘ra, bank o‘zgarishsiz qolgan moliyaviy vositachilik va rentabellik ko‘rsatkichlariga alohida e’tibor qaratishi kerak.

Transformatsiya jarayonida bo‘lgan yirik davlat banklaridan "Ipoteka-bank" birdaniga uch pog‘ona pastlab, reytingning 8-qatoriga tushib ketdi. Ushbu bank ketma-ket ikkinchi chorakda moliyaviy vositachilikning pasayishini ko‘rsatmoqda, bu esa muddatli depozitlarning kreditlarga nisbatini yanada oshirish, boshqa banklar va moliya institutlaridan olingan mablag‘lardan foydalanish samaradorligini oshirish zarurligini ko‘rsatmoqda. Bankning moliyaviy likvidligining past ko‘rsatkichi yuqori likvidli aktivlarning umumiy aktivlarga nisbati pasayganligini ko‘rsatadi.
Yirik banklarning umumiy reytingida "Aziya Alyans bank" va "Qishloq qurilish bank" mos ravishda 4 va 13-o‘rinni saqlab qoldi.
Asaka bankning moliyaviy vositachiligi va kapitalning yetarliligi bo‘yicha ko‘rsatkichlari biroz yaxshilanganiga qaramay, ushbu bank umumiy reytingda hamon so‘nggi o‘rinni egallab turibdi.
Kichik banklar reytingi
14 ta kichik bank orasida Top-3 o‘zgarishsiz qoldi, shuning uchun joriy yilning uchinchi choragida yetakchilikni Davr bank, Universal bank va Ziraat bank egallab, o‘z pozitsiyalarini yana mustahkamlamoqda.
Ushbu chorakda Tibisi bank sezilarli darajada o‘sishga erishib, u o‘z guruhida besh pog‘onaga ko‘tarildi. Xususan, moliyaviy kapitalning yetarliligi (+7) va aktivlarning sifat (+6) ko‘rsatkichlarini yaqqol yaxshiladi, bu bankning aholi va biznes vakillari bilan faol ish olib borayotganidan dalolat beradi. Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, o‘tgan chorakka nisbatan bank kapitalining yetarlilik darajasi Bazel qo‘mitasining minimal stavkasidan 2,3 baravar ko‘p (norma 0,13). Bundan tashqari, Tibisi bankning muammoli kreditlari ulushi o‘tgan chorakka nisbatan 3 foizga kamaydi, bu bank tizimidagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan (5%) past. Biroq reyting natijalari shuni ko‘rsatadiki, bank boshqaruv samaradorligi va rentabelligiga alohida e’tibor berishi kerak.
O‘zbekistonda bank tizimi hali ham faol rivojlanish bosqichida va davlat banklarini xususiylashtirishga tayyorlanmoqda. Bank sektoridagi davlat ulushini 2025 yilda joriy 82 foizdan 40 foizgacha kamaytirish rejalashtirilgan.
Bank tizimidagi o‘zgarishlar va raqobat muhitining o‘sishi xususiy banklarni, xususan, innovatsion moliyaviy mahsulotlar va xizmatlarni izlash orqali yanada rivojlantirish zarurligini ko‘rsatadi.
O‘zA