O‘zbekistonda xalqaro baholashning asosiy sinov jarayonlari boshlandi
Navoiy va Buxoro viloyatlarida joylashgan qator maktablarda PIRLS 2026 xalqaro baholash dasturining asosiy sinov jarayonlari boshlandi.
Mazkur tadqiqotda ishtirok etish uchun xalqaro tashkilotlar tomonidan O‘zbekistonning barcha hududlaridan jami 164 ta maktab reprezentativlik va tasodifiylik tamoyillari asosida tanlab olingan. Ushbu jarayonda 6000 nafarga yaqin 4-sinf o‘quvchilari, ularning ota-onalari, 214 nafar boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari hamda 164 nafar maktab direktorlarining ishtirok etishi rejalashtirilgan.

PIRLS xalqaro tadqiqoti o‘quvchilarning o‘qish savodxonligini baholashga qaratilgan bo‘lib, unda o‘qib tushunishning muhim jihatlari qamrab olinadi. Jumladan, o‘quvchilarning matndan zarur ma’lumotlarni ajratib olish, xulosa chiqarish, g‘oya va ma’lumotlarni talqin qilish hamda uyg‘unlashtirish, shuningdek, matn mazmunini baholash va tanqidiy tahlil qilish ko‘nikmalari sinovdan o‘tkaziladi.

Ushbu xalqaro baholash dasturi orqali ta’lim tizimining zamonaviy talablarga qay darajada moslashayotgani, o‘quvchilarning bilim va ko‘nikmalari qay darajada shakllangani aniqlanadi. Bu esa kelgusida ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan muhim qarorlar qabul qilishda asos bo‘lib xizmat qiladi.


Qayd etish joizki, PIRLS 2026 tadqiqotida dunyoning 60 dan ortiq mamlakati va ta’lim tizimlari ishtirok etmoqda. O‘zbekiston ushbu nufuzli tadqiqotda ikkinchi marotaba ishtirok etib, xalqaro maydonda o‘z ta’lim tizimini baholash imkoniga ega bo‘lmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri