O‘zbekistonda sun’iy intellekt ekotizimining ilk xaritasi taqdim etildi
Gorgona AI kompaniyasi ALPHA korporativ ta’lim markazi bilan hamkorlikda O‘zbekistondagi sun’iy intellekt ishtirokchilarining birinchi kompleks bozor xaritasini taqdim etdi. Xarita 14 ta toifa bo‘yicha jamlangan 100 dan ortiq kompaniya, mahsulot va tashabbuslarni qamrab oladi — til texnologiyalari va fintechdan tortib davlat infratuzilmasi hamda kiberxavfsizlikkacha.
Bozor hali shakllanish bosqichida 2025-yilda O‘zbekiston Government AI Readiness Index reytingida sakkiz pog‘onaga ko‘tarilib, dunyoda 62-o‘rinni egalladi va AIni joriy etishga tayyorlik bo‘yicha mintaqaviy yetakchi maqomini mustahkamladi. Ishlayotgan aholi orasida generativ AIdan foydalanish 2025-yilning ikkinchi yarmidagi 5,7% darajadan oshib, 2026-yil I choragida 7,2% ga yetdi. So‘rov natijalariga ko‘ra, mutaxassislarning 64 foizi AI vositalaridan ish jarayonida hech bo‘lmaganda qisman foydalanmoqda.
Shu bilan birga, O‘zbekiston AI bozori hajmi bo‘yicha yagona baho hali mavjud emas — bu bozor hali shakllanish jarayonida ekanining eng aniq belgisi. Gorgona AI va ALPHA xaritasi aynan shu bosqichdagi tuzilmani aks ettiradi.
Davlat rivojlanish sur’atini belgilamoqda
Xaritada davlat bir vaqtning o‘zida ikki rolni bajaradi — regulyator va eng yirik buyurtmachi sifatida. Strategik yo‘nalish Prezident Administratsiyasi tomonidan belgilanadi. Raqamli texnologiyalar vazirligi raqamli muhitning asosiy regulyatori va davlat AI tashabbuslari operatori hisoblanadi. Markaziy bank va NAPU esa AI joriy qilayotgan banklar, to‘lov tizimlari va e-commerce kompaniyalari uchun qoidalarni belgilaydi. Xaritadagi yakunlangan loyihalar qatoriga UZINFOCOM’ning MyID va DMED loyihalari, davlat xizmatlari uchun biometrik identifikatsiya hamda AI modulli raqamli sog‘liqni saqlash platformasi kiradi.
2025-yil noyabr oyida O‘zbekiston BAA bilan hamkorlikda “Besh million sun’iy intellekt yetakchilari” dasturini ishga tushirdi. 2030-yilgacha qariyb besh million kishi — maktab o‘quvchilari, talabalar, o‘qituvchilar va davlat xizmatchilari — AI va prompt engineyering bo‘yicha boshlang‘ich ta’lim olishi rejalashtirilgan. Bu tashabbuslarning barchasi 2030-yilgacha AI’ni rivojlantirish milliy strategiyasida mustahkamlangan.
Fintech: eng yetuk segment
Bank va to‘lov sektorlari so‘nggi yillardagi jadal raqamlashtirish tufayli pilot loyihalardan AIni amaliy joriy etishga birinchi bo‘lib o‘tdi. 2025-yilda raqamli bank foydalanuvchilari 82,4 millionga yetdi, naqd pulsiz to‘lovlar ulushi esa barcha tranzaksiyalarning 43 foizigacha o‘sdi. AI kredit skoringi, firibgarlikning oldini olish, shaxsiylashtirish va xizmatlarni avtomatlashtirishda qo‘llanmoqda. Xaritadagi asosiy ishtirokchilar qatorida UZUM, TBC, Click hamda UzCard va Humo to‘lov tizimlari bor.
Til texnologiyalari — o‘sish chegarasi
O‘zbek tili AI modellari uchun past resursli til bo‘lib qolmoqda. Eng yirik ochiq nutq datasetlarida yuzlab soat audio mavjud, ingliz tili uchun esa bu ko‘rsatkich o‘n minglab soatni tashkil etadi. Shu jihatdan davlat tashabbuslari — UzLiB benchmarki, Muxlisa ovozli yordamchisi va Milliy LLM ishlab chiqilishi hamda KOTIB AI, turkiy tillar uchun Tahrirchi platformasi va ochiq manbali RubaiSTT nutqni tanish modeli atrofida yangi klaster shakllanmoqda.
Startaplar
O‘zbekiston startap ekotizimi sezilarli o‘sishni boshdan kechirmoqda. Besh yil ichida 13 barobarga o‘sdi, 3,9 milliard dollardan oshdi. StartupBlink tuzgan Global Startup Ecosystem Index 2026 reytingi O‘zbekistonni dunyodagi eng tez rivojlanayotgan startap ekotizimi deb atadi. Xarita LegalTech va HRTech dan tortib agrotex va logistika kabi turli yo‘nalishlardagi loyihalar to‘lqinini aks ettiradi. Ayrimlari xalqaro bozorlarda ham faoliyat yuritmoqda. Masalan, Twolabs AI Y Combinator akseleratoriga qabul qilingan birinchi o‘zbek startapi bo‘ldi.
2025-yil oktabr oyida O‘zbekiston OpenAI bilan hamkorlikni boshladi: ta’lim muassasalarida ChatGPT Edu joriy etilmoqda, talabalar va o‘qituvchilar uchun kurslar ishlab chiqilmoqda. Universitetlarda AI tadqiqot laboratoriyalari ochilmoqda. AI Maktab maktab o‘quvchilarini raqamli ko‘nikmalarga o‘rgatmoqda, ALPHA kabi xususiy ta’lim loyihalari paydo bo‘lmoqda. Shunga qaramay, AI mutaxassislari yetishmovchiligi bozorning asosiy tarkibiy cheklovlaridan biri bo‘lib qolmoqda.
Xarita mualliflari kiberxavfsizlik ekotizimning eng kam rivojlangan segmentlaridan biri ekanini qayd etadi. Eng ko‘p aniqlangan kiberxavflar AKT sektoriga to‘g‘ri keladi (51,4%), undan keyin davlat sektori (24,2%) va fintech (13,6%) turadi. AI joriy etilishi ko‘paygani sari yangi xavflar ham yuzaga kelmoqda: har bir so‘rovda bulutli modellarga uzatiladigan ma’lumotlar, korporativ tizimlarga ortiqcha kirish huquqiga ega agentlar va shaffof bo‘lmagan qaror qabul qilish algoritmlari.
Hisoblash infratuzilmasi ham raqamlashtirish sur’atidan ortda qolmoqda: yangi data-markazlar va bulut platformalari loyihalariga qaramay, mamlakatda hozir taxminan olti data-markaz faoliyat yuritadi, hisoblash quvvatiga talab esa yangi klasterlar ishga tushirilishidan tezroq o‘smoqda.
Xarita 2026-yil iyun holatini aks ettiradi va har yili yangilanadi. Mualliflar hozirgi nashrga kirmagan kompaniyalarni keyingi reliz uchun o‘z ma’lumotlarini taqdim etishga taklif qiladi.
Mualliflar haqida
Gorgona AI — biznes uchun sun’iy intellekt (AI) agentlarini yaratish va ularni "tayyor holda" joriy etishga ixtisoslashgan kompaniya - apparat ta’minotidan tortib platforma va biznes jarayonlariga integratsiyagacha. Platforma mijozning o‘z infratuzilmasida lokal tarzda joylashtiriladi, ma’lumotlar tashqi serverlarga uzatilmaydi.
ALPHA — O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston va boshqa mamlakatlardagi 200 dan ortiq kompaniya uchun 500 dan ziyod ta’lim dasturlarini o‘tkazgan korporativ ta’lim markazi. Mijozlar orasida Kapitalbank, TBC Bank, Click, Milliy bank, Korzinka va UzAuto bor.
O‘zA