O‘zbekistonda nechta muzey bor?
Muzeylar madaniyat ko‘zgusi, kecha va bugunni o‘zaro bog‘laydigan ma’naviyat maskanidir.
Bu maskanlar insonga ma’naviy ozuqa, estetik zavqu shavq ulashadi, kishining dunyoqarashini, intellektual ongini o‘stiradi. Muzeylar faqatgina madaniy qadriyatlar namoyishi bo‘lib qolmasdan, ular bizni o‘tmish sayohatiga chorlovchi yo‘lchi yulduz hamdir.
Ma’lumki, dunyoda 18 may – Xalqaro muzeylar kuni sifatida nishonlanadi. O‘zbekistonda qator muzeylar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ular yil davomida tashrif buyuruvchilarning ma’naviy dunyoqarashini kengaytirishga xizmat qilib kelmoqda. Yurtimiz muzeylari 130 yillik tarixga ega. Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, 1917 yilgacha Toshkentdagi birinchi va yagona muzey Toshkent muzeyi bo‘lgan. 1917 yildan keyin turli ixtisoslikdagi keng ekspozitsiyalarga ega bo‘lgan muzeylar tashkil etila boshlagan. Manbalarda qayd etilishicha, 1918 yil knyaz N.Romanov saroyida uning musodara qilingan kolleksiyasi asosida Badiiy muzey (hozirgi O‘zbekiston davlat san’at muzeyi), 1921 yil Eski shahar muzeyi, 1926 yil O‘zbek eski shahar muzeyi tashkil qilingan.
Madaniy taraqqiyot yangi muzeylar tashkil qilish va mavjud muzeylarni qayta jihozlash zarurligini taqozo etgan. O‘rta Osiyo muzeyining geologiya, zoologiya, botanika va antropologiya bo‘limlari, qishloq xo‘jaligi muzeyi va hayvonot bog‘i Tabiat muzeyiga aylantirilgan. Respublika ko‘rgazmalari negizida Politexnika muzeyi (1933), Amaliy san’at muzeyi (1937, 1937-91 yillarda Amaliy san’at asarlari doimiy ko‘rgazmasi) tashkil qilindi, Adabiyot muzeyi tuzildi.
Muzeylar yillar davomida ma’nan boyib, muntazam kengayib boraveradi. bugungi kunda mamlakatimiz miqyosida muntazam faoliyat yuritayotgan turli yo‘nalish va soha muzeylari tashrif buyuruvchilarni mamnun qilib kelmoqda. Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yil 1 yanvar holatida O‘zbekistondagi muzeylar soni 105 tani tashkil etadi. Hududlar bo‘yicha faoliyat ko‘rsatayotgan muzeylar soniga e’tibor qaratilsa, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 4 ta, Andijon viloyatida 2 ta, Buxoro viloyatida 19 ta, Jizzax viloyatida 5 ta, Qashqadaryo viloyatida 3 ta, Navoiy viloyatida 5 ta, Namangan viloyatida 2 ta, Samarqand viloyatida 12 ta, Surxondaryo viloyatida 2 ta, Sirdaryo viloyatida 1 ta, Toshkent viloyatida 5 ta, Farg‘ona viloyatida 13 ta, Xorazm viloyatida 3 ta muzey o‘z ekspozitsiyalari bilan tashrif buyuruvchilarga xizmat qilmoqda.
Kelgusida sohalar taraqqiyoti, turizm rivoji muzeylarimiz soni yanada ortishiga zamin yaratadi. Milliy madaniyatimiz, san’atimiz, boy tariximiz va bugunimizni o‘zida aks ettiradigan ma’naviyat maskanlarini yanada rivojlantirish borasidagi ishlar kengaytiriladi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA