O‘zbekistonda jami 8,3 million xonadonda yashovchi aholi to‘liq ro‘yxatga olindi
Dastlabki natijalar 2026-yil 1-iyulga qadar e’lon qilinishi, yakuniy va to‘liq tahlil qilingan ma’lumotlar esa 2027-yil 1-iyulga qadar chiqarilishi rejalashtirilgan.
Tadbirning birinchi bosqichi 15-31-yanvar kunlari bo‘lib o‘tdi. Jami xonadonlarning 82,3 foizida istiqomat qiluvchi 30 milliondan ortiq aholi savolnomani mustaqil to‘ldirib, onlayn ro‘yxatdan o‘tdi.
Onlayn bosqichda qatnashmagan yoki ma’lumotlarni xatolik bilan kiritgan fuqarolar 4-28-fevral kunlari bo‘lib o‘tgan ikkinchi bosqichda qamrab olindi. Bu jarayonda mahalla yettiligi vakillari uyma-uy yurib, planshetlar orqali ma’lumotlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri elektron platformaga kiritib bordi.
Statistika qo‘mitasi xabariga ko‘ra, qo‘shimcha turar joy ob’ektlari, jumladan yangi qurilgan uy-joylar ham aniqlandi. Ayrim xonadonlarda a’zolarning vaqtincha xorijda bo‘lishi yoki boshqa ob’ektiv sabablar tufayli ro‘yxatga olishda qatnashish imkoni bo‘lmagan holatlar ham qayd etildi.
O‘zbekistonda aholini ro‘yxatga olish bo‘yicha tashkil etilgan 1851 qisqa raqamli koll-markaz orqali fuqarolarning qayta o‘rganishga qo‘ng‘iroq qilishlari mumkin. Bu holatda statistika organi xodimlari ularning xonadonlariga borib, ro‘yxatga olish ishlarini amalga oshiradi.
Xalqaro standartlarga muvofiq, ma’lumotlarning aniqligi va sifati baholanishi uchun ro‘yxatga olish natijalarining qayta tekshiruvi ham tashkil etiladi. Buning uchun tasodifiy tanlab olingan xonadonlarga mutaxassislar tashrif buyuradi. Odatda bunday tekshiruvlar umumiy qamrovning o‘rtacha 5-10 foizini tashkil qiladi. O‘zbekistonda ham 10 foizgacha qamrov asosida qayta o‘rganish rejalashtirilgan.
Agar 2026-yil mart oyida statistika xodimlari qayta o‘rganish maqsadida xonadonlarga tashrif buyursa, buni to‘g‘ri qabul qilib, berilgan qisqa savollarga aniqlik kiritish so‘raladi.
Barcha ma’lumotlar amaldagi qonunchilikka muvofiq himoya qilinadi. Shaxsiy ma’lumotlar maxfiy saqlanadi va faqat umumlashtirilgan statistik ko‘rinishda ishlatiladi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA