O‘zbekistonda ichki aviachiptalar narxi o‘rtacha 20 foizgacha arzonlashtirildi
Davlatimiz rahbari topshirig‘i ijrosini ta’minlash maqsadida Raqobat qo‘mitasi tomonidan aviatsiya bozorida ichki aviaqatnovlarda yo‘lovchilar uchun mavjud tariflar, narx shakllanishi va xizmatlardan foydalanish imkoniyatlari o‘rganildi.
O‘rganishlar davomida Raqobat qo‘mitasi tomonidan aviaqatnovlarni amalga oshirish bilan bog‘liq tashish xarajatlarini optimallashtirish imkoniyatlari tahlil qilinib, mazkur xarajatlarni maqbullashtirish hisobiga ichki yo‘nalishlarda aviachiptalar narxlarini pasaytirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.
Ushbu takliflar yuqori instansiyalar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Ichki aviaqatnovlar bo‘yicha tariflar qayta ko‘rib chiqilib, joriy yilning 16-oktabridan boshlab ichki yo‘nalishlarda aviachiptalar narxlari o‘rtacha 20 foizgacha arzonlashtirildi.
Mazkur chora-tadbirlar aholi uchun aviaqatnovlarni yanada hamyonbop qilish, ichki turizmni rivojlantirish va hududlararo harakatlanishni kengaytirish, xizmat safarlari va shaxsiy tashriflarni rejalashtirishda qo‘shimcha qulayliklar yaratishga xizmat qiladi.
Dildora DO‘SMATOVA
O‘zA