O‘zbekistonda 180 dan ortiq me’yoriy hujjat JST me’yoriga moslashtirildi
Ma’lumki, so‘nggi yillarda davlatimiz xalqaro iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, xorijiy mamlakatlar bilan imtiyozli savdo-iqtisodiy munosabat o‘rnatishga alohida ahamiyat qaratmoqda.
Ayni payt yuqori sifatli, raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarish asosida jahon bozoridan mustahkam o‘rin egallash maqsadini ko‘zlagan islohotlarimiz eng faol bosqichga kirgan. Bu jarayonda, ayniqsa, tashqi savdoning ahamiyati beqiyos. Shu bois mamlakat eksport salohiyatini oshirish hukumatning doimiy e’tiborida.
Tabiiyki, Jahon savdo tashkilotiga kirish uchun eksport salohiyatini oshirish muhim omil hisoblanadi. Binobarin, keyingi yillarda, xususan o‘tgan yil mazkur nufuzli tuzilmaga qo‘shilish yo‘lidagi ishlar yanada jadallashgani bejiz emas. A’zo davlatlar bilan ikki va ko‘p tomonlama muzokaralarni yakunlash, milliy qonunchilikni JST hujjatlariga uyg‘unlashtirish bo‘yicha salmoqli ishlar qilindi.
Darhaqiqat, JSTga a’zo bo‘lish murakkab va uzoq davom etadigan jarayon. O‘tgan yillarda bu borada amalga oshirilgan ishlar xususida O‘zA muxbiri Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi boshqarmasi boshlig‘i O‘ktam Islomovdan intervyu oldi.
- Bugungi kunda O‘zbekiston o‘z taraqqiyotining muhim tarixiy pallasida turibdi, - deydi O‘ktam Islomov. - Prezidentimiz boshchiligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning bosh maqsadi bu xalqimizning farovonligini yuksaltirishga qaratilgan. Shu bilan bir qatorda, O‘zbekistonning jahon hamjamiyatida munosib o‘rin egallashini ta’minlash nazarda tutilmoqda. Bu borada O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga to‘laqonli a’zo bo‘lib kirishi iqtisodiy strategiyamizning eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Davlat dasturining aynan shu 2020-yil 16-fevraldagi 21-sonli farmoniga asosan qabul qilingan davlat dasturida ham aynan O‘zbekistonning JSTga to‘laqonli a’zo bo‘lib kirishini jadallashtirish bo‘yicha aniq choralar belgilab olingan. Jumladan, farmonning 407-bandida ikki tomonlama muzokaralarni va 408-bandida ko‘p tomonlama muzokaralarni yakuniga yetkazish maqsad qilingan.
Hozirgi qadar O‘zbekiston 180 dan ortiq o‘zining me’yoriy hujjatlariga o‘zgartirish kiritildi. Bular aynan shu Jahon savdo tashkilotining me’yorlariga, qoidalariga moslashtirish ishlari amalga oshirildi. Bu yo‘nalishda eksport-importga tegishli hujjatlarimiz, shu bilan bir qatorda sanitariya, fitosanitariya hujjatlari, texnik reglamentlar, undan tashqari, mana shu intellektual mulk yo‘nalishida va shuningdek, xizmatlar sohasida ham bir qator hujjatlarda muvofiqlashtirish ishlari yakuniga yetkazildi. Aynan joriy yilda ham 20 dan ortiq hujjatlarni muvofiqlashtirish nazarda tutilgan.
Ko‘p tomonlama muzokaralar doirasida ham tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 12 ta ishchi guruh yig‘ilishlari o‘tkazildi. Xususan, joriy yilning 9-mart kunida 12-ishchi guruh yig‘ilishi yakuniga yetkazildi. Ikki tomonlama muzokaralar doirasida ham O‘zbekistonga JSTning 166 ta a’zo davlatlaridan 35 tasi qiziqish bildirgan. Aynan shu 35 ta davlat bilan xizmatlar va tovarlar sohasida ikki tomonlama muzokaralar yakuniga yetkazildi.
E’tiborlisi, muzokaralar yakuniga yetkazilgan davlatlar ichida yirik iqtisodiyotga ega bo‘lgan davlatlar bor. Masalan, AQSH, Yevropa Ittifoqi, Rossiya Federatsiyasi, Xitoy kabi davlatlar bilan muzokaralar yakuniga yetkazildi va ular bilan ikki tomonlama bayonnomalar imzolanib bo‘lindi. Joriy yil yakuniga qadar yana ikki davlat bilan muzokaralar yakuniga yetkazilib, JSTga to‘laqonli a’zo bo‘lish nazarda tutilgan.
Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi, bizning milliy qonunchiligimizni xalqaro savdo qoidalariga, standartlarga moslashtirish va savdodagi ortiqcha to‘siqlarni bartaraf qilish, JSTning asosiy prinsipi bo‘lgan tenglik, shaffoflik tamoyillariga moslashtirish nazarda tutilgan. Buning natijasida O‘zbekiston iqtisodiyotini barqaror rivojlantirishga yanada qo‘shimcha zamin yaratish, shu bilan birga, investitsiya muhitini yaxshilashga xizmat qiladi.
Ushbu nufuzli tuzilmaga a’zo bo‘lish natijasida mamlakatimizning xalqaro tizimga to‘laqonli integratsiyalashuvi amalga oshiriladi va O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini yanada mustahkamlashga zamin yaratiladi.
Go‘zal Sattorova, O‘zA