O‘zbekistonda “1000 genom” loyihasi boshlanmoqda
25 may kuni Milan shahrida Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Shahlo Turdiqulova va dunyodagi yetakchi genomika kompaniyalaridan biri — “Illumina” rahbarlari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda mamlakatimizda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan “1000 genom” loyihasi doirasida aholi populyatsiyasini genom darajasida sikvenslash masalalari muhokama qilindi.
Mazkur loyiha — O‘zbekiston tarixida ilk marta amalga oshirilayotgan keng qamrovli genomik tadqiqot hisoblanadi. Bu yuzasidan FA axborot xizmati ma’lum qildi.
Uning asosiy maqsadi — shaxsiy tibbiyotni rivojlantirish, irsiy kasalliklarni erta aniqlash va o‘zbek populyatsiyasiga xos genetik ma’lumotlar bazasini shakllantirishdan iborat.
Loyihani amalga oshirishda “Illumina” kompaniyasining NovaSeq va NextSeq kabi yuqori aniqlikka ega zamonaviy sikvenslash platformalari qo‘llaniladi. Bu esa o‘z navbatida, tadqiqotlarni xalqaro standartlarga mos ravishda o‘tkazish imkonini beradi.
“Bu tashabbus — faqat ilmiy yutuq emas, balki kelajakdagi sog‘lom avlod, samarali tibbiyot va texnologik mustaqillik sari tashlangan muhim qadamdir. Illumina bilan hamkorlik biz uchun strategik ahamiyatga ega” deya ta’kidladi, Shahlo Turdikulova.
Uchrashuv chog‘ida, shuningdek, loyiha doirasida biobank yaratish, mahalliy mutaxassislarni tayyorlash va xalqaro tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yish masalalari ham muhokama qilindi.
M.Eshmirzayeva, O‘zA