O‘zbekiston-Xitoy hamkorligining yangi sahifalari
So‘ngi yetti yilda O‘zbekiston va Xitoy davlatlari o‘rtasidagi munosabatlarning yangi davri boshlandi, desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Alohida ta’kidlash kerakki, har bir davlat, ayniqsa, mamlakatimizning XXI asrning qudratli davlatlaridan biri sanalgan Xitoy bilan siyosiy, iqtisodiy, savdo, ilm-fan va madaniy sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishi juda muhim. Bugungi kunda demografik nuqtai nazardan ham aholisi 1,5 milliarddan oshiqroq davlatning tarixiy ildizlari, yashash tarzi, qadriyatlari, madaniyatlari, qarashlari bizning xalqimiz yaqin, hamkorlik munosabatlari azaliydir.
Xitoy va o‘zbek xalqlarining o‘zaro madaniy aloqalari Buyuk ipak yo‘lining ko‘p asrlik tarixi bilan bog‘liq. Bunga miloddan avvalgi I-II asrlarga mansub yozma manbalar va zamonaviy O‘zbekiston hududidagi arxeologik topilmalar dalil bo‘la oladi. Ona zaminimiz hududi taxminan uch ming yillik sivilizatsiya beshigi hisoblanadi. Yurtimizda dastlabki dunyo dini bo‘lgan zardushtiylik dini va uning muqaddas kitobi “Avesto”ning yaratilishi, undagi do‘zax va jannat tushunchalarning aynan o‘zgarishsiz Islom dinida qabul qilinishi yurtimiz aholisining qadim-qadimdan diniy va dunyoviy ilmlarda, sivilizatsion bosqichda dunyoda yuqori bosqichda turishini isbotlaydi. Xitoy sivilizatsiyasi ham dunyoda eng ilg‘or taraqqiyot va tamaddunlardan biri bo‘lib, mamlakatimiz hududida zardushtiylik rivojlangan bosqichda “Yuz maktab raqobati”, “Legitimlik (huquqshunoslar) maktabi” va oxir oqibat “Konfutsiylik” g‘alabasi bilan yakunlangan kurashlarni ko‘rishimiz mumkin.

Xitoy ijtimoiy-iqtisodiy hayotida ham yurtimiz aholisi, xususan, buxoroliklarning o‘rni va roli katta bo‘lib, buxorolik An Szinjun tomonidan Xuanxe daryosiga Kay – Yuan erasining yettinchi yilida (719 – 720 y) damba qurilib, dehqonchilik ishlari olib borish ancha yengillashgani keltirib o‘tilgan. Shu uyezd yaqinidagi Xechi deb nomlanuvchi ko‘ldan yomg‘irdan so‘ng tuz olinishi, bu esa Tan imperiyasi xazinasiga yaxshigina daromad keltirishi haqidagi ma’lumotlarni tarixiy adabiyotlarda uchratish mumkin. Bundan tashqari, An Szunjunning ajdodlari kechki (shimoliy) Chjou (557 – 581 yy) davlati mavjud bo‘lgan davrda bu hududlarga kelib joylashgani va davlatning ma’muriy hududiy bo‘linishlarida yuqori martabali mansablarda ishlagani haqida ma’lumot mavjud. An Szinjunning otasi An Shenyan qabr toshida uning ajdodlari aslida Buxorodan bo‘lgani, o‘zi esa Gutszan shahrida tug‘ilgani haqidagi yozuvlar buxoroliklarning bir necha avlodi bu hududlarda yashaganligi keltirilgan.
1991 yil 27 dekabr kuni Xitoy Xalq Respublikasi O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligini tan olgani, 1992 yil 2 yanvarda ikki davlat o‘rtasida diplomatik munosabat o‘rnatilganiga guvoh bo‘lamiz. 1992 yil oktyabrda Toshkentda XXR elchixonasi, 1995 yil may oyida Pekinda O‘zbekiston elchixonasi faoliyat ko‘rsata boshlagan.

Bugungi kunga qadar ham o‘zbek-xitoy olimlari, tadqiqotchi va mutaxassislari ikki davlat tarixi, madaniy merosini o‘rganish borasida ham keng ko‘lamli hamkorlikdagi ishlar jadallik bilan davom ettirilmoqda.
So‘ngi yillarda Xitoy ham, O‘zbekiston ham ta’limga katta ahamiyat berib kelmoqda. Bu borada yurtimizda ta’lim sohasini “Yangi O‘zbekiston” taraqqiyot strategiyasining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilab, ikki davlat rahbarlarining katta e’tibori tufayli Xitoy – O‘zbekiston hamkorligi izchil rivojlanmoqda.
Bugungi kunda xitoy – o‘zbek o‘rtasida xorijda ta’lim almashuvi kengaymoqda. Ma’lumki, bugungi kunda Xitoyda 5 mingga yaqin o‘zbekistonlik talaba tahsil oladi. Xitoy har yili O‘zbekistonga xorijda o‘qish uchun 100 ga yaqin davlat stipendiyasi, shuningdek, chet elda ta’lim olish uchun ko‘plab universitetlararo stipendiya dasturlarini taqdim etmoqda. Xitoy tili o‘qituvchilari va o‘qituvchilarini O‘zbekistonga yubormoqda va xitoy tili kurslarini ochishni qo‘llab-quvvatlamoqda. Shu bilan birga, ikki davlat universitetlari o‘rtasida yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Masalan, o‘tgan yillar davomida Chin mamlakati Buxoro davlat universiteti, Toshkent davlat sharqshunoslik, O‘zbekiston davlat jahon tillari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetlari, Namangan muhandislik-texnologiya instituti kabi 18 oliy o‘quv yurti bilan rasman hamkorlik qilib kelyapti. Ikkita Konfutsiy instituti o‘zbekistonliklarni xitoy tili va madaniyati bilan yaqindan tanishtirib kelmoqda.

Xitoy Markaziy millatlar universiteti va Pekin chet tillar universitetida o‘zbek tilini o‘qitish yo‘lga qo‘yilgan. Nufuzli o‘quv akademik muassasalaridan biri hisoblangan Shanxay Xalqaro tadqiqotlar universitetida alohida o‘zbek tili kafedrasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Ikki tomonlama kelishuvga muvofiq va SHHT doirasida XXR hukumati o‘zbekistonlik talaba va stajyorlarga muntazam grantlar ajratyapti.
Joriy yilning 20-24 yanvar kunlari Pekin shahrida O‘zbekiston Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Xitoy Xalq Respublikasi Ta’lim vazirligi tomonidan tashkil etilgan O‘zbekiston-Xitoy ta’lim forumi ham ikki davlatning ta’lim tizimi yanada yuksalishi, yangi sahifalari ochilishiga xizmat qiladi. Chunki ushbu forumda O‘zbekistonning eng yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan 37 nafar, Xitoy tomonidan esa 110 nafar nufuzli oliy ta’lim muassasasi rektorlari ishtirok etishdi.
Aytish o‘rinliki, forum tadbirlari davomida ikki davlat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida 70 ta ikki tomonlama hujjat imzolandi, 5 ta oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida qo‘shma ta’lim dasturlarini tashkil etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Mazkur qo‘shma ta’lim dasturi asosida 300 nafardan ortiq o‘zbekistonlik talaba Xitoyning ilg‘or universitetlarida tahsil olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shu bilan birga, o‘zbekistonlik 100 nafardan ortiq talaba uchun grant dasturlarini tashkil etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Forum doirasida Buxoro davlat universiteti bilan Xitoyning 3 ta universiteti o‘rtasida muzokaralar olib borildi.
Shu jumladan, Xitoyning xususiy universitetlari o‘rtasida eng yuqori o‘rinda deb hisoblanuvchi Sanya universiteti bilan hamkorlik doirasida BuxDUda 2024 yilning aprel oyida "Xitoy tili markazi" tashkil etiladi. Markazda turizm, iqtisodiyot, aniq fanlar, tabiiy fanlar yo‘nalishlarida 2024 yil davomida 30 nafar talaba o‘qitiladi. Sanya universiteti markaz faoliyatini o‘quv adabiyotlari va 1 nafar xitoy tili o‘qituvchisi bilan ta’minlaydi.
Sanya universitetida 2024 yilning iyun oyida "Matematika ilmiy tadqiqot markazi" tashkil etiladi. Markazda BuxDU va Sanya universiteti olimlari tomonidan matematikaning dolzarb muammolari bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib boriladi.
Tianszin pedagogika universiteti bilan o‘zaro professor-o‘qituvchi va talaba almashish, Tianszin sport universiteti bilan ikki tomonning ustuvor sport turlari bo‘yicha o‘qituvchi-trenerlar almashish, qo‘shma sport tadbirlarini tashkil etish bo‘yicha kelishildi.

Muhtaram Prezidentimizning yurtimizdagi barcha soha rahbarlari, mutasaddilari va, ayniqsa, oliy ta’lim tizimi rahbariyatini dunyoning har jihatdan eng yirik drayver mamlakati – Xitoyga katta mashtabdagi tashriflari, tajriba, amaliyot, ko‘nikma va, asosiysi, katta miqdorda barcha sohalarga olib kelinayotgan investitsiyalarga erishish o‘zi tarixiy voqeadir. Bu esa, yangi O‘zbekistonning yana bir bor yuksalish yo‘lidagi strategik, jadal harakatlaridan biri desa ham bo‘ladi.
Prezidentimiz: “Xalqimizning ulug‘vor qudrati jo‘sh urgan hozirgi zamonda O‘zbekistonda yangi bir uyg‘onish – Uchinchi Renessans davriga poydevor yaratilmoqda, desak, ayni haqiqat bo‘ladi. Chunki bugungi O‘zbekiston – kechagi O‘zbekiston emas. Bugungi xalqimiz ham kechagi xalq emas”, deya olijanob xalqimizga yuksak ishonch bildirganlar. Bu ishonch va yuksalishga harakat namunalari O‘zbekiston-Xitoy davlatlarining azaliy hamkorligi barcha sohalarda o‘zining tizimli bosqichiga o‘tganida ham ko‘rinadi. Bugun dunyoning barcha sohalarida global, yetakchi mamlakat – Xitoy bilan bir maqsad, bir yo‘lda barcha hamkorlik ishlari yo‘lga qo‘yilmoqda. Yurtimiz rahbarining davlatlar va xalqlar bilan hamkorlikda ishlash, investitsion muhitni yaratish, davlatimizga bo‘lgan xolisona, samimiy qat’iy ishonchni vujudga keltirish borasidagi amaliy tajribasi har bir o‘zbekistonlikka manfaatli bo‘lmoqda. Bugun Xitoyga tashrif buyurgan har bir rahbar-xodim ushbu mamlakatdagi amaliy tajribalarni yurtimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligi yo‘lida xizmat qiladigan yirik loyihalarni amalga oshirishi zarur. Zero, O‘zbekiston – tarixi ulug‘, ikki Renessans asoschilaridan bo‘lgan xalq sifatida uchinchi Renessans poydevorini qurishga qodir. Va mana shunday mard, mehnatsevar, vatanparvar xalqimiz bilan bir tanu bir jon bo‘lib, jonajon yurtimiz yuksalishi yo‘lida bor kuchimizni safarbar etamiz.


Obidjon Hamidov,
Buxoro davlat universiteti rektori,
iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
O‘zA