O‘zbekiston xalqaro tadbirlarning mezboniga aylanmoqda
Munosabat
Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley Assambleyasi ilk bor yurtimizda o‘tkazilishi mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida muhim tarixiy voqea sifatida o‘rin olishi, shubhasiz.
Bunday katta ahamiyatga ega bo‘lgan tarixiy forumning Markaziy Osiyoda ilk bor o‘tgani bunga O‘zbekiston mezbonlik qilgani barchamizga g‘urur va faxr bag‘ishlaydi.
Ta’kidlash joiz, Parlamentlararo Ittifoq dunyo mamlakatlarining qonun chiqaruvchi organlari uchun global muloqot maydoniga aylangan nufuzli tashkilotdir. Parlamentlar o‘rtasidagi aloqalarni rag‘batlantirish va xalqaro tinchlik hamda hamkorlikni mustahkamlash ishida birgalikda faoliyat ko‘rsatish uchun ularni birlashtirish mazkur tashkilotning asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi.

Mamlakatimizning Parlamentlararo Ittifoqqa a’zoligi 2017 yilda, ya’ni O‘zbekiston o‘z taraqqiyotida yangi bosqichga o‘tgan vaqtda, izchil islohotlarni dadil boshlagan paytda qayta tiklandi. Yurtimizning qator sohalarda erishgan yutuqlari yirik xalqaro tashkilotlar va xorijiy mamlakatlar tomonidan alohida e’tirof etilmoqda.
Aynan shu nuqtai nazardan, Parlamentlararo Ittifoqning 150- yubiley Assambleyasi yurtimizda o‘tkazilishi bejiz emas. Chunki, so‘nggi yillarda mamlakatimizda yangi tahrirdagi Konstitutsiya hamda “O‘zbekiston-2030” strategiyasi doirasida Prezidentimiz boshchiligida inson huquqlarini himoya qilish, qonun ustuvorligini ta’minlash, gender tenglikni ta’minlash, ilm-fan, texnologiyani rivojlantirish, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, xalqlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash kabi sohalarda sezilarli ijobiy natijalarga erishildi.
Ushbu nufuzli anjuman O‘zbekistonning mana shunday ijobiy tajribasini jahon mamlakatlari bilan bo‘lishish, o‘rtoqlashish imkoniyatini beradi.
Bir so‘z bilan aytganda, jahon parlamentlarining eng nufuzli tashkiloti bo‘lmish Parlamentlararo Ittifoq Assambleyasining O‘zbekistonda o‘tgani mamlakatimizning xalqaro doirada obro‘yi oshib borayotganini ham ko‘rsatadi. Mazkur Assambleya qonun ijodkorligi va parlament nazorati kabi yo‘nalishlarda erishgan yutuqlarimizni xorij parlamentariylari va jamoatchiligiga yana bir karra namoyon etishga imkon yaratadi. O‘zaro tajriba almashish va dunyo mamlakatlari manfaatli aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Zavra Abdullayeva,
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kenesi deputati,
O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.
O‘zA.