O‘zbekiston vakili xalqaro ot sporti boshqaruvida
Ot sporti nafaqat jismoniy mahorat, balki xalqaro diplomatiya va madaniy hamkorlikni uyg‘unlashtiruvchi sohalardan biridir.
Shu ma’noda, O‘zbekiston Yilqichilik va Ot Sporti Federatsiyasi raisi Baxromjon Gaziyevning Xalqaro ot sporti federatsiyasi (FEI) Solidarity Group qo‘mitasi a’zoligiga tayinlanishi mamlakatimiz sport hayotida muhim voqea sifatida baholanishi tabiiy.
2025 yil 4–7 noyabr kunlari Gonkongda bo‘lib o‘tgan Xalqaro ot sporti federatsiyasining (FEI) yillik Bosh assambleyasi doirasida qabul qilingan ushbu qaror O‘zbekistonning jahon ot sporti maydonidagi mavqeini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Baxromjon Gaziyev — nafaqat O‘zbekiston Yilqichilik va Ot Sporti Federatsiyasi (HEFU) rahbari, balki Yevroosiyo Ot Sporti Assotsiatsiyasi (EEA) vitse-prezidenti hamda Osiyo Ot Sporti Federatsiyasi (AEF) vitse-prezidenti sifatida mintaqaviy miqyosda ham faoliyat yuritib kelmoqda. U FEI Solidarity Group qo‘mitasiga Yevroosiyo Ot Sporti Assotsiatsiyasi (EEA) nomidan vakil sifatida tayinlandi va bu lavozimda Qirg‘iziston Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisi Sadyr Mamyitovni almashtirdi. Assambleyada FEI tarkibiga kiruvchi 134 mamlakatdan vakillar ishtirok etdi.
Tadbir davomida O‘zbekiston tomonidan 2027 yilgi FEI Bosh assambleyasini Toshkent shahrida o‘tkazish bo‘yicha rasmiy ariza ham taqdim etildi. Xalqaro ekspertlarning fikricha, ushbu tashabbus tasdiqlanishi ehtimoli yuqori — bu esa mamlakatimizning xalqaro sport sahnasidagi obro‘sini yanada yuksaltiradi.
FEI Solidarity dasturi 2011–2012 yillarda Xalqaro ot sporti federatsiyasi tomonidan «Olympic Solidarity» modeli asosida yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, uning bosh maqsadi — a’zo mamlakatlarda ot sportining barqaror rivojlanishini ta’minlashdan iborat.
Dastur milliy federatsiyalarga moliyaviy va texnik yordam ko‘rsatish, murabbiylar, hakamlar va mutaxassislar uchun ta’lim dasturlari tashkil etish, yoshlar va inklyuziv loyihalarni qo‘llab-quvvatlash orqali keng qamrovli o‘sish strategiyasini yo‘lga qo‘yish singari yo‘nalishlarda faoliyat olib boradi.
FEI Solidarity Group qo‘mitasi esa ushbu tashabbuslarni global darajada muvofiqlashtirib, dunyoning to‘qqizta mintaqaviy guruhi (Group I–IX) vakillaridan tashkil topadi. Bu qo‘mita a’zolari sportda barqarorlik, ta’lim va inklyuziyani rivojlantirishga yo‘naltirilgan strategik qarorlarni ishlab chiqish uchun mas’uldir.
Qayd etish joiz, so‘nggi yillarda mamlakatda ot sporti infratuzilmasi yangilanib, yosh chavandozlar uchun zamonaviy o‘quv bazalari tashkil etilmoqda. Toshkentning 2027 yilgi FEI Bosh assambleyasini o‘tkazishga nomzod sifatida ilgari surilishi esa bu yo‘ldagi tabiiy davomdir. Agar bu tashabbus amalga oshsa, O‘zbekiston ilk bor jahon miqyosidagi ot sporti diplomatiyasining markaziga aylanadi.
M.Eshmirzayeva, O‘zA