O‘zbekiston va Turkiya: Hataydagi “O‘zbekiston” majmuasi — qardoshlikning yorqin ramzi
So‘nggi yillarda O‘zbekiston tashqi siyosatida qardosh davlatlar bilan munosabatlarni aniq maqsad va amaliy natijalar asosida rivojlantirish ustuvor yo‘nalishga aylandi. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiya Respublikasiga rasmiy tashrifi ikki tomonlama hamkorlikni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqqan muhim siyosiy voqea bo‘ldi.
Anqara shahrida bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi uchrashuvlar O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi siyosiy muloqot doimiy, ochiq va o‘zaro ishonchga asoslanganini yana bir bor tasdiqladi. Tomonlarning mintaqaviy xavfsizlik, iqtisodiy barqarorlik va xalqaro hamkorlik masalalari yuzasidan o‘zaro yaqin pozitsiyalarga egaligi ikki davlat o‘rtasida qabul qilinayotgan qarorlarning uzoq muddatli va barqaror bo‘lishini ta’minlaydi.
Tashrif doirasidagi eng muhim voqealardan biri — Hatay viloyatida O‘zbekiston tomonidan qurilgan “O‘zbekiston” turar joy majmuasining ochilishi bo‘ldi. Uch yil avval sodir bo‘lgan kuchli zilzila natijasida Turkiyaning qator hududlari katta iqtisodiy va ijtimoiy zarar ko‘rgan edi. O‘zbekiston ushbu ofatning ilk kunlaridan boshlab Turkiyaga insonparvarlik yordamini ko‘rsatgan davlatlar safida bo‘ldi.
Xususan, zilzila hududiga 100 nafar qutqaruvchi va 70 nafar tibbiyot xodimi yuborildi. Qidiruv-qutqaruv ishlari natijasida 18 nafar inson tirik qolindi, 200 nafarga yaqin jabrlanganlar vayronalar ostidan qutqarib olindi. O‘zbekiston tomonidan tashkil etilgan dala shifoxonasida 4 ming nafardan ortiq bemorga tibbiy yordam ko‘rsatildi. Bu ko‘rsatkichlar ko‘rsatilgan yordamning ramziy emas, balki aniq va samarali bo‘lganini yaqqol namoyon etadi.
Shuningdek, O‘zbekiston tomonidan qisqa muddatda Hatay viloyatining Arsuz tumanida 24 ta ko‘p qavatli uydan iborat, 300 dan ortiq to‘liq jihozlangan xonadonlarga ega turar joy majmuasi barpo etildi. Majmua barcha zarur muhandislik kommunikatsiyalari va ijtimoiy infratuzilma ob’ektlari bilan ta’minlangan.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashrifi doirasida O‘zbekiston –Turkiya iqtisodiy hamkorligini yanada chuqurlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi so‘nggi yillarda barqaror o‘sib, 3 milliard AQSH dollariga yetdi. O‘tgan yili qo‘shma korxonalar soni 2,2 mingdan oshdi, o‘zlashtirilgan investitsiyalarning umumiy hajmi esa 10 milliard dollarni tashkil qildi. Kelgusi yillarda savdo hajmini 5 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilab olindi. Shu bilan birga, ikki mamlakat o‘rtasida haftada 100 ga yaqin aviatashuv amalga oshirilmoqda, Turkiyaning yetakchi kompaniyalari ishtirokida 9 milliard dollarlik loyihalar portfeli shakllantirilgan.
Tashrif doirasida sanoat, energetika, transport, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik va qurilish sohalarida hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan 10 dan ortiq hukumatlararo va idoralararo hujjatlar imzolandi. Xususan, qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish, erkin iqtisodiy zonalarda turk sarmoyasini jalb etish va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Mazkur loyihalar doirasida bir necha mingta yangi ish o‘rinlari yaratilishi, zamonaviy texnologiyalar va boshqaruv tajribasi joriy etilishi ko‘zda tutilmoqda.
Shuningdek, tashrif davomida Istanbul shahrining Bekirko‘y tumanida O‘zbekistonning xorijdagi ilk maktabi qurilishi boshlandi. Ushbu ta’lim muassasasi Turkiyada yashayotgan o‘zbek fuqarolarining farzandlariga ona tilida ta’lim olish, milliy madaniyat va an’analarni saqlash imkonini yaratadi. Bu tashabbus ta’lim sohasidagi hamkorlikning yangi — institutsional bosqichi hisoblanadi. Maktabda zamonaviy ta’lim texnologiyalari joriy etiladi va u ikki davlat o‘rtasida bilim hamda madaniyat almashinuvi uchun muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Turkiya Respublikasiga rasmiy tashrifi O‘zbekiston–Turkiya munosabatlarini deklarativ darajadan aniq amaliy hamkorlik bosqichiga olib chiqdi.
Hataydagi “O‘zbekiston” turar joy majmuasi, imzolangan iqtisodiy kelishuvlar va Istanbulda qurilishi boshlangan o‘zbek maktabi ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklikning yorqin ifodasidir.
Davlatlar o‘rtasidagi kelishuvlarning sifatli va samarali amalga oshirilishida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va parlamentlararo komissiyalar faol ishtirok etishi muhim ahamiyatga ega. Bu nafaqat qardosh davlatlar bilan hamkorlikni mustahkamlaydi, balki imzolangan iqtisodiy va ijtimoiy loyihalarning uzoq muddatli barqarorligini ta’minlaydi hamda ikki davlat strategik sherikligining samaradorligini oshiradi.
Sevara Ubaydullayeva,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.