O‘zbekiston va Qozog‘iston Prezidentlari Bahouddin Naqshband majmuasiga tashrif buyurdilar
Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev mamlakatimizga amaliy tashrif bilan kelgach, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan birgalikda Bahouddin Naqshband maqbarasini ziyorat qildi.
Qadimiy Buxorodan 12 kilometr uzoqlikda joylashgan majmua mintaqadagi eng muhim ziyoratgohlardan biri hisoblanadi. Bu yerda XIV asrning yirik ulamosi – naqshbandiya tariqatining asoschisi Bahouddin Naqshband dafn etilgan.


O‘zbek va qozoq xalqlarining dini, ma’naviy qadriyatlari bir. Yurtimizda yashagan avliyo va allomalar Qozog‘istonda ham e’zozlanadi. Buyuk ajdodimiz Bahouddin Naqshband ana shunday siymolardan biridir.


Ansambl asrlar davomida shakllangan bo‘lib, bugungi kunda uning tarkibida maqbara, Abdulazizxon tomonidan ziyoratchilar uchun qurilgan xonaqoh, ikkita masjid, shayboniylar, ashtarxoniylar va mang‘itlar sulolalari amirlari dafn etilgan daxma, shuningdek, so‘fiylik tarixiga bag‘ishlangan muzey o‘rin olgan.


O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan majmua yanada obod qilinib, tarixiy qiyofasi tiklandi. Avvalo, Toqi miyona darvozasidan boruvchi tarixiy yo‘lak qayta ta’mirlandi. Toqi miyona darvozasining ikki yoni boqqa aylantirilgan. Muzey va tahoratxona barpo etilgan. Mang‘itlar sulolasiga mansub bo‘lgan Buxoro otalig‘i Doniyolbiy qurdirgan madrasa ta’mirlanmoqda.


Tashrif davomida Qur’on oyatlari tilovat qilinib, qardosh xalqlarimizga tinchlik va farovonlik tilab, duo o‘qildi.
