O‘zbekiston va Polsha o‘rtasida shartnomalar imzolandi
Toshkent shahrida O‘zbekiston – Polsha savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorligini rivojlantirish maqsadida qator tadbirlar o‘tkazildi.
Delegatsiyalarga O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Akram Aliyev va Polsha Taraqqiyot va texnologiyalar vazirligi davlat kotibi Mixal Yarosh boshchilik qildi.
Dastlab ikki mamlakatning 150 dan ortiq yirik kompaniyasi rahbarlari ishtirokida biznes-forum bo‘lib o‘tdi. Mazkur anjumanda hamkor davlatning “Jakusz”, “BioRex Food diagnostics”, “Pronar”, “Fabryka Maszyn elektrycznych Damel S.A.”, “Społdzielnia Mleczarska Mlekovita”, “Bank Gospodarstwa Krajowego (BGK)”, “Skybone”, “Horus-Energia”, “Trade Connect group”, “Clever logistics”, “ABP Lana LP”, “Amberite Polanya” kabi yirik korxonalari mas’ullari hozir bo‘lishdi.

Tomonlar ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi hamkorlikni faollashtirish, mintaqaviy bozorlar va transport-logistika tizimi imkoniyatini chuqur tahlil qilish asosida o‘zaro savdo munosabati ko‘lamini jadal kengaytirish muhimligi ta’kidlandi.
Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, O‘zbekiston va Polsha tovar aylanmasi so‘nggi besh yilda ikki barobar tkzlashib, o‘tgan yil 400 million dollarga yaqinlashdi. Respublikamizda Yevropaning ushbu mamlakati sarmoyasi ishtirokida 39 korxona faoliyat yuritmoqda. Shu bilan birga mintaqaviy bozorlarga imtiyozli kirish imkoniyatlaridan foydalanib, mahsulot va xizmat ayirboshlashni kuchaytirish uchun hali ishga solinmagan ulkan salohiyat mavjudligi e’tirof etildi.
Biznes-forumda iqtisodiyotimiz tarmoqlari salohiyati namoyish etildi. Farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish, oziq-ovqat sanoati, qishloq xo‘jaligi, turizm, raqamli texnologiya sohalarini rivojlantirish, ta’lim yo‘nalishida sof joriy qiymat ko‘rsatkichi yuqori bo‘lgan yangi investitsiya tashabbuslari, aniq loyihaviy takliflar taqdim etildi.

Shuningdek, yurtimizda tadbirkorlarning qulay faoliyat yuritishi, huquqi va manfaati himoya qilinishi uchun yaratilgan shart-sharoit, sarmoyaviy va ishlab chiqarish salohiyatining amaliy jihatlari haqida so‘z yuritildi.
Sheriklikning hozirgi holati va aloqalarni yanada rivojlantirish istiqboli atroflicha ko‘rib chiqilib, o‘zaro savdo ko‘rsatkichi, sarmoya jalb etish va sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha maqsadli me’yorlar belgilab olindi.
Forum dasturiga ko‘ra tashkil qilingan B2B va B2G formatidagi uchrashuvlarda tadbirkorlar yangi aloqalar o‘rnatish, o‘zaro manfaatli loyihalarni birgalikda amalga oshirish va tuzilajak savdo shartnomalarini muhokama qilish imkoniga ega bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi va Polsha Respublikasi o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya yig‘ilishida tegishli vazirlik, idora va tarmoq birlashmalari rahbarlarining amaldagi kelishuvlar ijrosi yuzasidan ma’ruzalari tinglandi. Loyihalarning har bir bosqichi atroflicha tahlil qilinib, belgilangan vazifalarni muvaffaqiyatli amalga oshirishni jadallashtirishga qaratilgan samarali yechimlar ishlab chiqildi, tegishli muddatlar, mas’ullar belgilandi.
Tadbirlar yakuni bo‘yicha Hukumatlararo qo‘shma komissiya yig‘ilishi bayonnomasi hamda qator ikki tomonlama shartnomalar, jumladan O‘zbekiston Respublikasi Xorijiy investitsiyalarni jalb qilish agentligi bilan Polsha investitsiyalar va savdo agentligi o‘rtasida O‘zaro anglashuv memorandumi, ikki mamlakat Savdo-sanoat palatalari Ishbilarmonlar kengashini tashkil qilish to‘g‘risidagi bitim, respublikamiz Tadbirkorlar huquqini himoya qilish bo‘yicha Vakil (Biznes-ombudsman) va hamkor davlat Kichik va o‘rta biznes bo‘yicha Ombudsmanı o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolandi.
G.Sattorova, O‘zA