O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasida hamkorlik rivojlanmoqda
O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi hamkorlik har tomonlama rivojlanib bormoqda. Keyingi yillarda ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalar izchil rivojlanib, yangi bosqichga ko‘tarildi.
Malayziya geografik jihatdan Malay yarim orolida joylashgan. Shu boisdan mamlakatimiz Malayziya bilan hamkorlik qilish orqali katta bozorga kirish imkonini beradi. Malayziyada Malakka transport yo‘lagi mavjud. Malakka yo‘lagi – strategik joylashuvga ega. Chunki u Janubiy Xitoy dengizini Hind okeanini, shuningdek, Yevropa va Sharqiy Osiyo o‘rtasidagi savdo yo‘llarini bog‘laydi.
Ushbu koridor dunyodagi eng ko‘p aholi yashaydigan mamlakatlar – Hindiston, Xitoy va jadal rivojlanayotgan ASEAN mintaqasi o‘rtasidagi transport aloqalari uchun juda muhim.
Bugungi kunda ASEAN tashkilotiga 10 mamlakat a’zo. O‘z navbatida bu davlatlar bilan ham savdo iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish imkoniyatlarini beradi.
Malayziyaning O‘zbekistonga eksportining asosiy yo‘nalishlari yog‘-moy, mashina va transport ehtiyot qismlari, oziq-ovqat va kimyo mahsulotlari hisoblanadi. O‘z navbatida, O‘zbekistondan Malayziyaga kimyo, to‘qimachilik va qayta ishlangan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksport qilinadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Malayziyaga tashrifi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishga va foydalanilmagan yuqori salohiyatga ega ikki tomonlama hamkorlikni faollashtirishga xizmat qiladi.
Mehrojiddin Darxonov, jurnalist