O‘zbekiston va Koreya Respublikasi: investitsiyaviy sheriklikdan texnologik kooperatsiya sari
O‘zbekiston–Koreya munosabatlari rivojlanishning yangi bosqichiga qadam qo‘ymoqda.
Ilgari ularning asosini savdo, investitsiyalar va uskunalar yetkazib berish tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunda asosiy e’tibor sanoat va texnologik kooperatsiyani chuqurlashtirishga qaratilmoqda.
Qo‘shma ishlab chiqarish zanjirlarini shakllantirish, yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlarni mahalliylashtirish, strategik muhim xomashyo turlarini qayta ishlash hamda kadrlar salohiyatini rivojlantirish ikki tomonlama hamkorlik kun tartibining ustuvor yo‘nalishlariga aylanmoqda. Bunday yondashuv har ikki mamlakatning uzoq muddatli ustuvor maqsadlariga mos keladi.
Koreya Respublikasi xomashyo manbalarini diversifikatsiya qilish va ta’minot barqarorligini oshirishga intilmoqda. O‘zbekiston, o‘z navbatida, resurslarni chuqur qayta ishlash, ilg‘or texnologiyalarni o‘zlashtirish hamda mamlakatda yaratiladigan qo‘shilgan qiymatni oshirishdan manfaatdor. Ushbu manfaatlarning o‘zaro uyg‘unligi asosan investitsiyalarga tayangan hamkorlikdan keng qamrovli sanoat-texnologik sheriklikka o‘tish uchun mustahkam zamin yaratmoqda.
2025-yil yakunlariga ko‘ra, ikki tomonlama savdo hajmi qariyb 1,8 milliard dollarni tashkil etdi. 2026-yil avgust oyida ikki mamlakat hukumatlari yillik tovar ayirboshlash hajmini yaqin istiqbolda 4 milliard dollarga yetkazish vazifasi yuklatilgan qo‘shma ishchi guruhni tuzdi.
Investitsiyaviy hamkorlik ko‘lami ham sezilarli darajada kengaydi. O‘zbekiston iqtisodiyotiga jalb qilingan Koreya investitsiyalarining umumiy hajmi 10 milliard dollardan oshgan bo‘lib, shundan qariyb 8 milliard dollari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hissasiga to‘g‘ri keladi. Koreya biznesining mamlakatdagi ishtiroki ham izchil ortib bormoqda. Hozirgi kunda O‘zbekistonda Koreya kapitali ishtirokidagi mingga yaqin korxona faoliyat yuritmoqda. Taqqoslash uchun, 2019-yilda ularning soni 359 tani tashkil etgan.
Yillar davomida shakllangan investitsiyaviy baza qator yirik loyihalarda amaliy ifodasini topdi. Ularning eng muhimi qariyb 4 milliard dollarlik “Uz-Kor Gas Chemical” qo‘shma korxonasi bo‘lib, u ikki tomonlama munosabatlar tarixidagi eng yirik investitsiya loyihasidir.
Korxonada ichki bozor va eksport uchun polietilen, polipropilen hamda tovar gazi ishlab chiqariladi.
Avtomobilsozlik sanoati ham hamkorlikda muhim o‘rin tutadi. ADM Jizzakh zavodi Kia Corporation bilan sheriklikda kichik uzelli yig‘ish usuli asosida keng turdagi avtomobillarni ishlab chiqarmoqda. “UzAuto Components” tarmog‘iga kiruvchi korxonalarda “UzAuto Motors” avtomobillari uchun konditsioner tizimlari, o‘rindiqlar, shtamplangan detallar va plastmassa qismlar kabi butlovchi buyumlar ishlab chiqarilmoqda.
Ishlab chiqarish kooperatsiyasi to‘qimachilik sanoatini ham qamrab olgan. “Posco International” guruhi korxonalari Farg‘ona va Buxoro viloyatlarida paxta tolasini qayta ishlab, yuqori sifatli ip-kalava va gazlamalarni Yevropa hamda Osiyo bozorlariga eksport qilmoqda.
Hamkorlik farmatsevtika sohasida ham rivojlanmoqda. “Tashkent Pharma Park” klasterida Koreya kompaniyalari xalqaro GMP sifat standartlariga muvofiq dori vositalarini ishlab chiqarish bo‘yicha investorlar va texnologiya yetkazib beruvchilar sifatida ishtirok etmoqda.
Hamkorlik qamrovining kengayishi alohida investitsiya loyihalaridan ikki mamlakat korxonalari o‘rtasidagi barqaror ishlab chiqarish kooperatsiyasiga o‘tish uchun zamin yaratmoqda.
Hamkorlik nima uchun yangi mazmun kasb etmoqda?
Jahon iqtisodiyotida kechayotgan o‘zgarishlar sanoat va texnologik kooperatsiyaning chuqurlashuviga xizmat qilmoqda. Geosiyosiy noaniqlik, savdo cheklovlari va global ta’minot zanjirlarining qayta shakllanishi iqtisodiy xavfsizlikning ahamiyatini oshirdi.
Bu masala Koreya Respublikasi uchun ayniqsa dolzarbdir. Mamlakatning elektronika, yarimo‘tkazgichlar, avtomobilsozlik va akkumulyator ishlab chiqarish kabi yetakchi tarmoqlari xomashyo, materiallar va butlovchi qismlarning barqaror yetkazib berilishiga bog‘liq.
Koreya Respublikasi elektron mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha dunyoda uchinchi o‘rinni egallaydi hamda xotira mikrosxemalari segmentida yetakchilik qiladi. Uning hissasiga jahon yarimo‘tkazgichlar bozorining qariyb 13–15 foizi to‘g‘ri keladi. Shuningdek, mamlakat dunyoning yettita yirik avtomobil ishlab chiqaruvchisi va akkumulyator texnologiyalari sohasidagi uchta yetakchi davlat qatoriga kiradi.
Yetakchi tarmoqlarning tashqi yetkazib berishga bog‘liqligi Seulni iqtisodiy aloqalar ko‘lamini kengaytirish hamda xomashyo, materiallar va butlovchi qismlar manbalarini diversifikatsiya qilishga undamoqda. Shu sharoitda salmoqli resurs bazasiga ega va sanoatni modernizatsiya qilishdan manfaatdor bo‘lgan Markaziy Osiyoning ahamiyati ortib bormoqda.
Ayni paytda, O‘zbekiston jalb etilayotgan investitsiyalar sifatiga nisbatan talablarni oshirmoqda. Hozirgi bosqichda investitsiyalarning nafaqat hajmi, balki texnologik samarasi ham tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Asosiy e’tibor yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish, xomashyoni chuqur qayta ishlash, eksport salohiyatini rivojlantirish va malakali kadrlar tayyorlashga qaratilmoqda.
Koreya Respublikasining ishonchli xomashyo manbalariga ehtiyoji hamda O‘zbekistonning ushbu resurslarni chuqur qayta ishlashni rivojlantirishga intilishi kritik minerallar sohasidagi hamkorlikka alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Xomashyo almashinuvidan qo‘shilgan qiymat zanjiri sari
O‘zbekiston mis, volfram, litiy, molibden, rux va boshqa talab yuqori bo‘lgan resurslar zaxiralariga ega. Koreya Respublikasi uchun ular yuqori texnologiyali sanoat xomashyo bazasining muhim tarkibiy qismi sifatida katta qiziqish uyg‘otadi.
Toshkent uchun ustuvor vazifa faqat xomashyo eksportini kengaytirish emas, balki uni mamlakat ichida izchil ravishda chuqur qayta ishlashdan iborat. Shu nuqtai nazardan, resurslarni qazib olish va qayta ishlash, oraliq mahsulot ishlab chiqarish hamda undan keyingi ishlab chiqarish jarayonlarida foydalanishni yagona qiymat yaratish zanjiriga birlashtiradigan model istiqbolli ko‘rinadi.
Bunday yondashuv har ikki tomonning manfaatlariga mos keladi. U Koreya Respublikasiga strategik xomashyo manbalarini diversifikatsiya qilish va ta’minot barqarorligini oshirish imkonini beradi. O‘zbekiston uchun esa qayta ishlash ko‘lamini kengaytirish, yangi texnologik jarayonlarni o‘zlashtirish hamda yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ulushini oshirish uchun sharoit yaratadi.
Texnologik siklning ayrim bosqichlarini O‘zbekiston hududida mahalliylashtirish alohida ahamiyat kasb etmoqda. Ishlab chiqarish operatsiyalari mamlakat ichida qanchalik ko‘p amalga oshirilsa, sanoat rivoji, bandlikni ta’minlash va milliy kadrlarni tayyorlashga ta’siri shunchalik salmoqli bo‘ladi.
Shunday qilib, asosan, xomashyo va uskunalar yetkazib berishga tayangan an’anaviy hamkorlik modeli bosqichma-bosqich qo‘shilgan qiymatni birgalikda yaratishga asoslangan model bilan boyib bormoqda.
Texnologiyalar, moliyalashtirish va kadrlar
Ishlab chiqarish zanjirlarini shakllantirish investitsiyalar bilan bir qatorda, ilg‘or texnologiyalar, uzoq muddatli moliyalashtirish va malakali kadrlarni ham talab etadi. Ushbu imkoniyatlarni o‘zaro uyg‘unlashtirish O‘zbekiston–Koreya sherikligining muhim ustunligiga aylanishi mumkin.
Hamkorlikni chuqurlashtirish uchun zarur moliyaviy va institutsional asos allaqachon shakllanmoqda. Koreya Respublikasining Iqtisodiy taraqqiyot va hamkorlik jamg‘armasi (EDCF) bilan sheriklik doirasida O‘zbekiston uchun imtiyozli moliyalashtirish limiti 2 milliard dollarga oshirildi. Ushbu mablag‘lar raqamlashtirish, sog‘liqni saqlash, ta’lim va infratuzilma sohalaridagi loyihalarga yo‘naltirilmoqda.
Koreya Eksimbanki ham qo‘shimcha imkoniyatlar taqdim etmoqda. Bank O‘zbekiston tijorat banklariga ajratiladigan kredit liniyalari orqali Koreya sanoat uskunalarini xarid qilishni moliyalashtirishda ishtirok etmoqda. Eksport xatarlarini sug‘urtalash mexanizmlari ham qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishga bank kapitalini jalb etishga ko‘maklashmoqda.
Moliyaviy vositalar texnologik hamkorlikning kengayishi bilan to‘ldirilmoqda. 2026-yil avgust oyida tomonlar sun’iy intellekt va raqamli transformatsiya sohalaridagi hamkorlikni faollashtirdi. Koreya Milliy axborot jamiyati agentligi (NIA) ko‘magida raqamli davlat boshqaruvi, ma’lumotlarni standartlashtirish va sun’iy intellekt yechimlarini joriy etish yo‘nalishlaridagi hamkorlik rivojlantirilmoqda.
O‘zbekiston uchun bu ish faqat ayrim tarmoqlarni raqamlashtirish nuqtai nazaridan muhim emas. Ishlab chiqarish ma’lumotlarini standartlashtirish, avtomatlashtirish va sun’iy intellektdan foydalanish unumdorlikni oshirishi hamda zamonaviy “aqlli” ishlab chiqarishlarni rivojlantirish uchun zamin yaratishi mumkin.
Kadrlar tayyorlash ham muhim yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolmoqda. O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan Janubiy Koreyaning to‘rtta universiteti — Yodju, Inha, Puchon va Kimyo xalqaro universiteti filiallarida iqtisodiyotning yangi tarmoqlari uchun muhandislar, IT mutaxassislari va texnologlar tayyorlanmoqda.
Ta’lim yo‘nalishi EPS tizimi doirasida o‘zbekistonlik mutaxassislarni Koreya Respublikasida uyushgan holda ishga joylashtirish bilan to‘ldirilmoqda. Koreyaning sanoat va kemasozlik korxonalaridagi mehnat faoliyati ularga amaliy ko‘nikmalarni egallash hamda zamonaviy ishlab chiqarish madaniyati bilan tanishish imkonini bermoqda.
Ushbu mexanizmning ahamiyati bosqichma-bosqich mehnat mobilligi doirasidan chiqib bormoqda. O‘zlashtirilgan kompetensiyalardan samarali foydalanilgan taqdirda, u ishlab chiqarish tajribasi va kasbiy bilimlarni transfer qilish kanallaridan biriga aylanishi mumkin.
Moliyaviy vositalar, texnologiyalar va kadrlar tayyorlashning uyg‘unligi ishlab chiqarish kooperatsiyasini chuqurlashtirish uchun zarur asosni shakllantirmoqda.
Ikki tomonlama sheriklikdan mintaqaviy hamkorlik sari
O‘zbekiston–Koreya hamkorligining Koreya Respublikasi va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi mintaqaviy kun tartibiga kiritilishi qo‘shimcha imkoniyatlar ochmoqda.
2026-yil 16–17-sentabr kunlari Seul shahrida Koreya Respublikasi va Markaziy Osiyoning besh davlati rahbarlarining birinchi sammitini o‘tkazish rejalashtirilgan. Yangi format Seulning mintaqaga sanoat, texnologik va resurs kooperatsiyasi uchun istiqbolli yo‘nalish sifatida qiziqishi ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Mazkur format O‘zbekiston uchun yangi imkoniyatlar ochadi. Yirik ichki bozor, salmoqli demografik salohiyat, boy resurs bazasi va rivojlanayotgan sanoat mamlakatning muhim ustunliklaridir. Koreya biznesi va moliya institutlari bilan hamkorlikda to‘plangan katta tajriba ham O‘zbekistonning mintaqadagi mavqeyini mustahkamlaydi.
Ushbu omillar majmui O‘zbekistonga Koreya Respublikasining Markaziy Osiyo bilan sanoat va texnologik hamkorligidagi yetakchi maydonlardan biri sifatida o‘rin egallash imkonini beradi.
Ishlab chiqarish zanjirlarini izchil rivojlantirish, texnologiyalarni mahalliylashtirish va kadrlar tayyorlash O‘zbekiston–Koreya hamkorligini Markaziy Osiyoda investitsiyaviy sheriklikdan sanoat va texnologik kooperatsiyaga o‘tishning yorqin namunalaridan biriga aylantirishi mumkin.
Dmitriy Trostyanskiy
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti bosh ilmiy xodimi,
iqtisodiyot fanlari doktori.