O‘zbekiston va Kanada: inson huquqlari, gender tenglik, migratsiya va xavfsizlik bo‘yicha tajriba almashiladi
Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Kanadaga rasmiy tashrif mobaynida samarali uchrashuvlar o‘tkazdi.
Kanada Senati Spikeri Raymonda Gane bilan uchrashuvda ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasida doimiy muloqotni yo‘lga qo‘yish, hamkorlikni tizimli ravishda kengaytirish va qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish masalalari muhokama qilindi.

Senatorlar S.Ataullaxjan va M.Ravalia bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda parlament diplomatiyasi, inson huquqlari, gender tenglik, migratsiya va xavfsizlik masalalari bo‘yicha tajriba almashish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Kanada parlamenti Jamoalar palatasi Spikeri F.Skarpaledja bilan uchrashuvda qonunchilik sohasida tajriba almashish va qo‘shma ekspertlar muloqotini tashkil etish borasida fikr almashildi.

Kanada parlamentida "O‘zbekiston kuni" tashkil etildi. O‘zbekiston delegatsiyasi tomonidan iqtisodiy islohotlar, investitsion muhitdagi o‘zgarishlar, ayollar va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash siyosati, yashil energetika va innovatsiyalar yo‘nalishidagi yangi tashabbuslar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Kanada parlamenti a’zolari O‘zbekistonning so‘nggi yillarda erishgan yutuqlarini yuqori baholab, ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlikni yanada mustahkamlashga tayyor ekanini bildirdi.

Toronto shahrida faoliyat olib borayotgan bir qator tashkilotlarda uchrashuvlar o‘tkazildi. Ontario universitetlar kengashi prezidenti S.Orsini bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralar davomida O‘zbekiston va Kanada oliy ta’lim muassasalari tomonidan qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini kengaytirish, ilmiy-tadqiqot loyihalarini qo‘llab-quvvatlash masalalari ko‘rib chiqildi.
“Vector Institute” rahbariyati bilan uchrashuvda sun’iy intellekt, ma’lumotlar tahlili, kiberxavfsizlik, IT ta’limi va innovatsion tadqiqotlar bo‘yicha hamkorlik qilish, o‘zbekistonlik yoshlarni zamonaviy texnologiyalar sohasiga jalb qilish bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqildi.
Kanadada istiqomat qilayotgan vatandoshlar, yoshlar va talabalar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ularning fikr-mulohazalari tinglandi. Xalqaro hamkorlik siyosati, vatandoshlar bilan ishlash jarayoni haqida batafsil ma’lumot berildi hamda ular tomonidan bildirilgan takliflar muhokama qilindi.
N.Abduraimova,
O‘zA