O‘zbekiston va Janubiy Koreya madaniy munosabatlarining zamonaviy bosqichi
Shu kunlarda madaniyat va san’atimizning bir guruh namoyandalari Koreya Respublikasida ijodiy safarda, ya’ni “O‘zbekiston madaniyat kunlari” tadbirlarida ishtirok etmoqda.
Mazkur ijodiy safar xususida Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti rektori, professor Eldor Shermanov bilan suhbatlashdik.
– Eldor aka, so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi munosabatlar yangi bosqichga ko‘tarilayotganini ko‘rib turibmiz. Ayniqsa, madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlikni qanday baholaysiz?
— Darhaqiqat, so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi munosabatlar har tomonlama jadal rivojlanib bormoqda. Ayniqsa, madaniy va gumanitar aloqalar tobora kengayib, an’anaviy madaniy tadbirlar doirasidan chiqib, ta’lim, ilm-fan, san’at va yoshlar hamkorligini qamrab olgan uzoq muddatli sheriklikka aylanmoqda.
Bu jarayonni inson omili ham yaqqol namoyon etadi. 2025-yil holatiga ko‘ra, Janubiy Koreyada tahsil olayotgan va ilmiy tadqiqot olib borayotgan o‘zbekistonlik yoshlar soni 20 ming nafarga, mehnat faoliyati bilan band fuqarolarimiz soni esa 100 ming nafarga yaqinlashgan. O‘zbekistonda esa 172 mingdan ortiq koreys millatiga mansub fuqarolar tinch va totuv hayot kechirmoqda. Bu raqamlarning o‘ziyoq xalqlarimiz o‘rtasidagi madaniy yaqinlik qanchalik mustahkam ekanini ko‘rsatadi.
O‘zbekiston va Koreya xalqlari o‘rtasidagi madaniy aloqalarning tarixi haqida ham to‘xtalib o‘tsangiz.
Bu aloqalarning ildizlari juda qadimiy. Buyuk Ipak yo‘li orqali ajdodlarimiz Koreya yarimoroli bilan savdo va madaniy munosabatlar o‘rnatgan.
Buning eng yorqin dalillaridan biri Samarqanddagi VII asrga oid Afrosiyob saroyi devoriy suratlaridir. Ularda So‘g‘diyona elchilari qatorida Koguryo davlati vakillari ham o‘ziga xos qiyofada, qo‘llarida turli sovg‘alar bilan tasvirlangan. Mazkur tarixiy manba xalqlarimiz o‘rtasidagi aloqalarning ildizlari uzoq o‘tmishga borib taqalishini ko‘rsatadi.
- Bugungi Koreyaning madaniy va ta’lim infratuzilmasi haqida qanday ma’lumotlar bor?
– Janubiy Koreyada madaniyat va san’at sohasi uchun zamonaviy infratuzilma shakllangan. Janubiy Koreya Madaniyat, sport va turizm vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil boshida mamlakatda 1364 ta teatr va tomosha zali faoliyat yuritgan. Ularning ayrimlari davlatga, boshqalari esa xususiy tashkilotlar, munitsipalitetlar, jamoat tashkilotlari, universitetlar hamda turli korxona va muassasalarga tegishli.
Shuningdek, aholi, ayniqsa yoshlarning musiqiy va estetik dunyoqarashini rivojlantirishga xizmat qilayotgan musiqa akademiyalari, konservatoriyalar va xususiy musiqa maktablari ham keng faoliyat olib bormoqda.
Oliy ta’lim sohasiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, Janubiy Koreyada 422 ta oliy ta’lim muassasasi mavjud. Koreya Ta’limni rivojlantirish instituti — KEDI ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil 1-aprel holatida mamlakat oliy ta’lim muassasalarida 253 ming nafar xorijiy talaba tahsil olgan. Bu 2024-yildagi 209 ming nafar ko‘rsatkichga nisbatan qariyb 21 foiz ko‘p.
Xorijiy talabalar orasida Xitoy va Vetnam yoshlari yetakchi o‘rinlarni egallasa, ularning qariyb 20 ming nafari O‘zbekiston fuqarolaridir.
– Yaqinda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Janubiy Koreyaga davlat tashrifi doirasida ham qator muhim tadbirlar o‘tkazildi. Bu jarayonda madaniy hamkorlikka qanday o‘rin berildi?
– Prezidentimiz 14–16-sentabr kunlari Janubiy Koreyaning Seul shahrida davlat tashrifi bilan bo‘ldi. Tashrif doirasida qator uchrashuvlar va davra suhbatlari tashkil etildi.
Shu kunlarda Janubiy Koreyaning bir necha shaharlarida 14-21-sentabr kunlari O‘zbekiston madaniyati kunlari o‘tkazilayotgani ham muhim ahamiyatga ega. Tadbirlar doirasida mamlakatimiz san’atkorlari ishtirokida konsert dasturlari namoyish etildi.
Biroq bu galgi madaniyat kunlarining ahamiyatini faqat konsert va tomosha dasturlari bilan cheklab bo‘lmaydi. Dasturdan nufuzli ilmiy va ta’lim muassasalari faoliyati bilan tanishish, iqtidorli yoshlar bilan muloqot qilish, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi kabi muhim masalalar ham o‘rin oldi.
– Shu ma’noda, Seuldagi universitetlar bilan hamkorlikni qanday ahamiyatli voqea sifatida ko‘rsatish mumkin?
– 16-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov boshchiligidagi delegatsiya Seul shahridagi Janubiy Koreyaning nufuzli davlat universitetlaridan birida bo‘ldi. Mazkur universitetga koreyalik ma’rifatparvar va mohir pedagog doktor Li Suk Jon tomonidan 1936-yilda asos solingan.
Bugungi kunda universitetda 50 dan ortiq yo‘nalish bo‘yicha 13 ming 877 nafar talaba tahsil olmoqda. Oliygoh aktyorlik san’ati, vokal san’ati, musiqa terapiyasi va xoreografiya kabi madaniyat va san’atning nozik yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlar tayyorlaydi.
Ayni paytda ushbu ta’lim muassasasida ikki mingga yaqin xorijiy talaba tahsil olmoqda. Ular orasida O‘zbekistondan borgan 20 nafardan ortiq iqtidorli talaba – bakalavr, magistr va doktorantlarning tahsil olayotgani quvonarli.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti hamda Sungshin ayollar universiteti o‘rtasida tajriba almashish, professor-o‘qituvchilar malakasini oshirish va stajirovkasini tashkil etish, talabalar almashinuvi dasturlarini rivojlantirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Shuningdek, Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti va Sungshin ayollar universiteti o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.
Uchrashuvda Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovga universitetning faxriy professori unvoni berilgani ham xabar qilindi. Bu e’tirofning ahamiyati nimada?
– Sungshin ayollar universiteti prezidenti, professor Song Kin I tomonidan Ozodbek Nazarbekovga O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi madaniyat va san’at aloqalarini rivojlantirishga qo‘shayotgan hissasi uchun universitetning faxriy professori unvoni topshirildi.
Menimcha, bu nafaqat bir shaxsga berilgan unvon, balki ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy hamkorlikka berilgan yuksak bahodir. Ushbu e’tirof xalqlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro hurmat va ishonchning yana bir ifodasi bo‘ldi.
– Delegatsiya a’zolari universitetda ta’lim jarayoni bilan ham tanishdilar. Qaysi yo‘nalishlar alohida qiziqish uyg‘otdi?
– Rasmiy uchrashuvlardan so‘ng delegatsiya a’zolari universitetning moddiy-texnik bazasi va ta’lim jarayoni bilan yaqindan tanishdi.
Xususan, ovoz yozish studiyasi, grim ustalarini tayyorlash markazi, aktyorlik mahorati uchun mo‘ljallangan auditoriyalar va musiqa terapiyasi kafedrasi faoliyati katta qiziqish uyg‘otdi.
Bunday tajribani o‘rganish biz uchun juda muhim. Chunki san’at ta’limida zamonaviy texnologiyalardan foydalanish, amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirish va talabalar uchun xalqaro tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri.
– Janubiy Koreyada tahsil olayotgan o‘zbekistonlik yoshlar bilan ham uchrashuv o‘tkazildi. Muloqot qanday ruhda kechdi?
Kunning ikkinchi yarmida universitet faollar zalida Janubiy Koreyada tahsil olayotgan, mamlakatimiz madaniyati, san’ati va ona tilimiz targ‘ibotiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan iqtidorli o‘zbekistonlik yoshlar bilan uchrashuv tashkil etildi.
Samimiy va ko‘tarinki ruhda o‘tgan muloqot davomida yoshlarning fikr va takliflari tinglandi. Ular o‘zlarini qiziqtirayotgan masalalar, mavjud imkoniyatlar va kelgusida amalga oshirishni rejalashtirayotgan tashabbuslari haqida so‘z yuritdilar.
– Uchrashuvda Koreya kino sohasida faoliyat yuritayotgan o‘zbekistonlik yoshlar ham ishtirok etgan ekan.
Ha, uchrashuvda Janubiy Koreya kino sohasida muayyan yutuqlarga erishib kelayotgan yosh aktyor va boshlovchi Nuriddin Ahmedov ham ishtirok etdi. U Netflix, Disney va Amazon platformalaridagi loyihalarda turli rollarni ijro etgan o‘zbekistonlik aktyorlardan biri sifatida o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.
U O‘zbekistonda kino san’atiga qaratilayotgan e’tiborni alohida e’tirof etib, yurtimiz tarixiga bag‘ishlangan filmlarni suratga olish loyihalarida ishtirok etishga tayyor ekanini bildirdi. Bunday yoshlar mamlakatimizning madaniy salohiyatini xalqaro maydonda namoyon etayotgan muhim vakillardir.
– Janubiy Koreyada o‘zbek milliy musiqasi va folkloriga qiziqish qanday?
Bu borada ham quvonarli misollar ko‘p. Uchrashuvda Jonbuk universiteti doktoranti, “Turon” o‘zbek milliy-etnik folklor ansambli rahbari Nuriddin Bozorov ham o‘z fikr va takliflarini bildirdi.
Uning ta’kidlashicha, bugungi kunda ansamblda nafaqat o‘zbekistonlik, balki koreyalik yoshlar ham faol ishtirok etib, o‘zbek milliy musiqasi va maqom namunalarini katta qiziqish va mahorat bilan ijro etmoqda.
Bu, albatta, milliy san’atimizning boshqa xalqlar tomonidan ham qiziqish bilan qabul qilinayotganidan dalolat beradi.
Nuriddin Bozorov Janubiy Koreyada o‘zbek diasporasi ko‘p istiqomat qiladigan hududlardan birida O‘zbek madaniyati markazini tashkil etish taklifini ham bildirdi.
Yoshlar tomonidan yana qanday tashabbuslar ilgari surildi?
– Bayekseok universiteti magistranti, madaniy turizm yo‘nalishi mutaxassisi Dilovar Tojiboyeva ham o‘zbek xalqi madaniyati va san’atini keng targ‘ib qilishga xizmat qiladigan O‘zbek–Koreya madaniyati va san’ati jamiyatini tashkil etish taklifini bildirdi.
Umuman, uchrashuv davomida yoshlarning ko‘plab fikr, taklif va tashabbuslari tinglandi. Eng muhimi, ularning tashabbuslari bilan qiziqish va ularni qo‘llab-quvvatlashga tayyorlik namoyon bo‘ldi.
Tadbir Koreyada istiqomat qilayotgan o‘zbek va koreys yoshlaridan tashkil topgan “Turon” folklor ansamblining chiqishi bilan yakunlandi.
– Siz ko‘p yillardan buyon musiqa ta’limi sohasida faoliyat yuritasiz. Mutaxassis sifatida O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi san’at ta’limi bo‘yicha hamkorlikning istiqbolini qanday ko‘rasiz?
– Menimcha, bu borada imkoniyatlar juda katta. Ayniqsa, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar, mahorat darslari, stajirovkalar va qo‘shma ijodiy loyihalarni ko‘paytirish muhim.
Musiqa, aktyorlik, xoreografiya, musiqa terapiyasi kabi yo‘nalishlarda Koreya tajribasi bilan tanishish o‘zbekistonlik yosh mutaxassislar uchun katta maktab bo‘lishi mumkin.
O‘z navbatida, biz ham o‘zbek milliy musiqasi, maqom san’ati, folklori va boy madaniy merosimizni koreyalik yoshlar va mutaxassislarga yanada kengroq tanitishimiz zarur.
– Demak, bugungi madaniy hamkorlikni faqat madaniyat kunlari yoki konsertlar bilan izohlab bo‘lmaydi, shundaymi?
- Albatta. Bugungi hamkorlik ancha keng tushunchaga aylanmoqda. Janubiy Koreyada o‘tkazilayotgan O‘zbekiston madaniyati kunlari buning yaqqol misoli.
Bu tadbirlar nafaqat konsert va tomosha dasturlaridan, balki ta’lim, ilm-fan, san’at, yoshlar bilan muloqot va madaniy diplomatiya yo‘nalishlarini qamrab olgan keng miqyosli muloqot maydonidan iborat bo‘lmoqda.
Oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida memorandumlarning imzolanishi, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi bo‘yicha kelishuvlarga erishilishi, xorijda tahsil olayotgan iqtidorli yoshlar bilan bevosita muloqotlarning yo‘lga qo‘yilishi — bularning barchasi madaniy munosabatlar yangi mazmun kasb etayotganini ko‘rsatadi.
— Suhbatimiz so‘ngida, O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi madaniy munosabatlarning kelajagi haqida qanday fikr bildirasiz?
— Eng avvalo, bu munosabatlar o‘zaro hurmat, ishonch va do‘stlikka tayanmoqda. Bugungi hamkorlik faqat madaniyat namoyishlari bilan cheklanib qolmasdan, ikki davlatning ta’lim muassasalari, ijodkorlari, olimlari va yoshlarini bog‘laydigan mustahkam ko‘prikka aylanmoqda.
Bunday uchrashuvlar milliy san’atimizni xalqaro maydonda keng targ‘ib qilish, yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash, ilg‘or tajribalarni o‘rganish va o‘zaro manfaatli yangi loyihalarni amalga oshirish uchun muhim imkoniyatlar yaratadi.
Ishonamanki, O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlik izchil davom etadi. Bu jarayon nafaqat ikki mamlakat madaniyati va san’atini yanada yaqinlashtiradi, balki xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro anglashuvni ham mustahkamlaydi.
O‘zA muxbiri N.Usmonova yozib oldi.