O‘zbekiston va Janubiy Afrika savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytiradi
O‘zbekiston va Janubiy Afrika Respublikasi o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamda sanoat sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Janubiy Afrika Respublikasi savdo, sanoat va raqobat vaziri Parks Tayu bilan videokonferensiya shaklida muzokara o‘tkazdi.
Muloqot davomida ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish hamda ustuvor yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuvda joriy yil kuzida qariyb 50 ta O‘zbekiston kompaniyasidan iborat biznes missiyasini Janubiy Afrikaning Yoxannesburg shahriga tashkil etish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Mazkur tashrif doirasida Janubiy Afrika biznes vakillari bilan manzilli B2B uchrashuvlarini o‘tkazish rejalashtirilmoqda.
Tomonlar, shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasida Hukumatlararo komissiyani tashkil etish, savdo va investitsiyalarni o‘zaro himoya qilishga oid bitimlarni tayyorlash hamda Preferensial savdo to‘g‘risidagi bitim ustida ish boshlash masalalarini muhokama qildi.
Muzokaralar yakunida O‘zbekiston va Janubiy Afrika o‘rtasidagi iqtisodiy sheriklikni yangi yo‘nalishlarda rivojlantirish va o‘zaro manfaatli loyihalarni ilgari surish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.
Hamroz Bayonov, O‘zA