O‘zbekiston va Iordaniya hamkorligi yangi bosqichda
-
Iordaniya Hoshimiylar Podshohligining “Ammonnews”, “Khaberni”, “Al-mamlakatv” kabi qator yetakchi nashrlari yurtimiz diniy-ma’rifiy soha vakillaridan iborat delegatsiyaning Iordaniya Podshohi bilan uchrashuvini keng yoritdi.
Maqolalarda joriy yil 25-26 avgust kunlari Podshoh Abdulloh II ibn Al-Husayn mamlakatimizda davlat tashrifi bilan bo‘lgani, safar davomida ikki davlat o‘rtasida keng ko‘lamli hamkorlik kelishuvlari imzolangani ta’kidlangan.
Mavjud aloqalarni yanada rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Sardor Umrzoqov, Prezident maslahatchisi o‘rinbosari, Xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maqsudov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim Muhammadsiddiqov va boshqa rasmiylardan iborat delegatsiyamizning ushbu arab davlatiga xizmat safari uyushtirildi.
Vakillarimiz Iordaniyada qator uchrashuvlar o‘tkazdi. Dastlab S.Umrzoqov va M.Komilov ishtirokida kechgan Podshoh Abdulloh II ibn Al-Husayn bilan muloqotda hamkorlik jarayonida yangi davr boshlangani e’tirof etildi.
Podshoh ikki davlatning mustahkam do‘stligini yuqori baholab, sheriklikni davom ettirish va mavjud o‘sish imkoniyatidan savdo, sarmoya, sog‘liqni saqlash, ta’lim va turizm sohalarida samarali foydalanish zarurligini ta’kidladi.
Mehmonlar kun davomida Podshohning Din va madaniyat masalalari bo‘yicha Bosh maslahatchisi, shahzoda Amir G‘oziy, Vaqf islom ishlari va muqaddas qadamjolar vaziri Muhammad Al-Halayola, Bosh muftiy Ahmad Al-Hasanot hamda tashqi ishlar vaziri Ayman Safodiy bilan ham uchrashuvlar o‘tkazdi.
Tashrif doirasida O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va Iordaniya xalqaro islom ilmlari universiteti (rektori Ja’far Mahmud Al-Fanatso) o‘rtasida Hamkorlik memorandumi imzolandi. Mazkur universitet nafaqat Iordaniya, balki mintaqaning islomshunoslik sohasi bo‘yicha eng nufuzli ta’lim dargohlaridan biri hisoblanadi.
Muharrama Pirmatova, O‘zA