O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida ishbilarmonlik aloqalari faollashmoqda
O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida eksport salohiyatini oshirish, investitsiyalarni jalb etish hamda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishga qaratilgan iqtisodiy hamkorlik tobora faollashmoqda.
Nyu-Dehli shahrida O‘zbekiston–Hindiston biznes-forumi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov, Hindiston Savdo va sanoat vaziri Piyush Goyal, Hindiston Savdo-sanoat palatalari federatsiyasi (FICCI), Invest India agentligi rahbarlari hamda ikki mamlakatning 100 dan ortiq yetakchi kompaniyalari va ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etdi.
Forum davomida savdo-iqtisodiy hamkorlikning bugungi holati, investitsiyaviy sheriklik va sanoat kooperatsiyasini kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi. Tomonlar o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab oldi.
Ta’kidlanganidek, o‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 30 foizga oshib, ilk bor 1,3 milliard AQSH dollaridan ortdi. Endilikda ushbu ko‘rsatkichni 2 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan. Shu maqsadda Savdoga ko‘maklashish bo‘yicha Anglashuv memorandumi ishlab chiqilmoqda.
Forumda ikki mamlakat iqtisodiyotlarining o‘zaro bir-birini to‘ldiruvchi imkoniyatlari alohida qayd etildi. O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari, kimyo, rangli metallar, to‘qimachilik hamda elektrotexnika mahsulotlari eksportini kengaytirishga tayyorligini bildirdi. Hindiston esa farmatsevtika, zamonaviy texnologiyalar, mashina-uskunalar va avtomobil butlovchi qismlari yetkazib berish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirishga qiziqish bildirdi.
Bugungi kunda O‘zbekistonda Hindiston kapitali ishtirokidagi qariyb 400 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Qo‘shma loyihalar portfeli esa 5 milliard AQSH dollaridan oshgani qayd etildi.
Forum doirasida metallurgiya, kimyo sanoati, energetika, farmatsevtika, mashinasozlik, raqamli infratuzilma hamda agrosanoat majmuasi istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlari sifatida belgilandi.
Shuningdek, B2B va G2B uchrashuvlari davomida aniq investitsiya loyihalari, moliyalashtirish mexanizmlari va amaliy hamkorlik masalalari muhokama qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi istiqbolli loyihalarni amalga oshirishning barcha bosqichlarida investorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.
Forum yakunida erishilgan kelishuvlar O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish, yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish hamda strategik sheriklikni mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.
M.Hojiakbarova, O‘zA