O‘zbekiston va BMT hamkorligining ustuvor yo‘nalishlari
2-mart – O‘zbekiston BMTga a’zo bo‘lgan kun
Ma’lumki, O‘zbekiston tashqi siyosatning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan hamkorlikka alohida e’tibor qaratadi. Ayniqsa so‘nggi yillarda yurtimiz keng qamrovli xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, dolzarb muammolar, xususan dunyo miqyosidagi mojarolarni tinch yo‘l va vositalar bilan hal qilish, tabiiy ofatlarni bartaraf etish, qurolli to‘qnashuvlarning oldini olish, global muloqot va amaliy tashabbuslarni ilgari surish, shuningdek inson huquqini himoya qilish masalalarida faol qatnashmoqda.
O‘zbekiston va BMT o‘rtasidagi munosabat 1992 yil 2 mart, ya’ni respublikamiz mazkur nufuzli tashkilotga a’zo bo‘lgan kundan boshlab jadal rivojlanmoqda. Bu aloqalar siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, ekologik va xavfsizlik sohalarini qamrab olgan.
Mamlakatimiz Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlikni mustahkamlash va mintaqada barqarorlikni ta’minlash borasida BMT bilan yaqin munosabat o‘rnatgan. Tuzilmaning global tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashdagi muhim o‘rnini e’tirof etib, xalqaro muammolarni hal qilishda faol ishtirok etadi. BMTning Markaziy Osiyo bo‘yicha ilgari surayotgan tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlaydi. Xususan, Afg‘onistonning barqaror rivojlanishiga yordam berib, terrorizm va ekstremizmga qarshi murosasiz kurashadi.
2017 yil O‘zbekiston tashabbusi bilan Toshkent shahrida BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiyasi bo‘yicha mintaqaviy markazi faoliyat ko‘rsata boshladi. Mazkur tuzilma bilan hamkorlik xavfsizlikni ta’minlash, terrorizmga qarshi kurashish, tinchlikni mustahkamlashda ayollar va yoshlar salohiyatidan foydalanish, nizolarning oldini olish, muammolarni hal etish, shuningdek transchegaraviy suv va energiya resurslaridan birgalikda va oqilona foydalanishni nazarda tutadi.
Mamlakatimiz aholisining qariyb yarmini tashkil etadigan yoshlar salohiyatini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha ham markaz bilan izchil ish olib borilyapti. Bu jarayonda Oliy Majlis Senati huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolari preventiv diplomatiyaning zamonaviy usul va vositalarini o‘zlashtirishi bo‘yicha alohida kelishuv mavjud.
Ma’lumki, 2015 yil “BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari” nomli strategiyasi e’lon qilingan. Shu munosabat bilan respublikamizda 2030 yilga qadar insoniyatni ravnaq toptirishning 16 global maqsadiga erishish maqsadida qator amaliy ishlar olib borilmoqda. BRMga to‘la hamohang tarzda ishlab chiqilgan va amalga oshirilayotgan Taraqqiyot strategiyasi, ushbu hujjatga muvofiq qabul qilinayotgan Davlat dasturlari hamda qonun hujjatlari mamlakatimiz barqaror taraqqiyotiga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston BMT Taraqqiyot Dasturi (UNDP) bilan birga iqtisodiy islohotlar o‘tkazish, mamlakatda tadbirkorlikni rivojlantirish va ijtimoiy loyihalar amalga oshirishni yo‘lga qo‘ygan. BRM asosida maxsus dasturlar ishlab chiqilmoqda. Jahon oziq-ovqat dasturi (WFP) ko‘magida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash choralari ko‘rilmoqda. Qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish, ekologik toza texnologiyalarni amaliyotga joriy etishga qaratilgan xalqaro loyihalar ilgari surilmoqda.
Yurtimizda BMT Inson huquqlari bo‘yicha Kengashi bilan faol hamkorlikda inson huquqini himoya qilish va gender tenglikni ta’minlash yo‘lida islohotlar o‘tkazilmoqda. 2021 yil O‘zbekiston mazkur Kengashga a’zo bo‘ldi.
Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) va Xalqaro mehnat tashkiloti (ILO) bilan birga aholining ijtimoiy himoyasini ta’minlash, yoshlar bandligini oshirish va gender tenglikka erishish bo‘yicha ish olib borilyapti. Atrof-muhit bo‘yicha dastur (UNEP) ko‘magida ekologik loyihalar yo‘lga qo‘yilgan. O‘zbekiston tashabbusi bilan 2021 yil Bosh Assambleyada Orol bo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiya hududi, deb e’lon qilish to‘g‘risida maxsus rezolyutsiya qabul qilindi. Global iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash bo‘yicha xalqaro dasturlarni qo‘llab-quvvatlash, suv resurslaridan oqilona foydalanish va cho‘llanishga qarshi kurash bo‘yicha chora-tadbirlar belgilangan.
O‘zbekiston BMT minbaridan qator muhim tashabbuslar bilan chiqib, xalqaro hamjamiyat e’tiborini mintaqaviy va global muammolarga qaratib kelmoqda. 2017 yil Prezident Shavkat Mirziyoyev Bosh Assambleya minbarida turib Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha maxsus rezolyutsiya qabul qilish tashabbusini ilgari surdi. Natijada 2018 yil BMT BA “Markaziy Osiyoda muloqot va hamkorlikni mustahkamlash” rezolyutsiyasini qabul qildi. O‘zbekiston Markaziy Osiyo davlatlari hamkorligini kuchaytirish va BMT doirasida mintaqaviy muammolarni hal qilish bo‘yicha yetakchi, eng tashabbuskor davlat bo‘lib kelmoqda. Bu boradagi faollik mintaqada barqarorlikni mustahkamlab, xalqaro hamjamiyat bilan munosabatlarni yaxshilamoqda. So‘nggi yillarda Markaziy Osiyo yaxshi qo‘shnichilik, barqarorlik, o‘zaro hamkorlik va rivojlanish yo‘lidan bormoqda. Davlatimiz rahbari tomonidan umumiy xavfsizlik va taraqqiyotga qaratilgan “Samarqand birdamlik tashabbusi” ilgari surildi. Bu g‘oyaning asosiy maqsadi mamlakatlar va xalqlarning bugungi kuni va istiqboli uchun mas’uliyatni har tomonlama chuqur anglash, ochiq va konstruktiv hamkorlikka tayyor barcha tomonlarni global muloqotga jalb qilishdan iborat.
BRMga uyg‘un “O‘zbekiston-2030” taraqqiyot strategiyasi ishlab chiqilgani mamlakatimiz o‘z zimmasiga olgan barcha majburiyatlarni to‘la va qat’iy bajarayotganidan dalolat.
O‘zbekiston yetakchisi BMT huzurida Markaziy Osiyo yoshlarini rivojlantirishga ko‘maklashish bo‘yicha ishchi guruh tashkil etish, tuzilma doirasida “Markaziy Osiyo yoshlari kun tartibi-2030” dasturini ishlab chiqish taklifni bildirdi. BMT Bosh kotibining Suv resurslari bo‘yicha maxsus vakili lavozimi ta’sis etilishini qo‘llab-quvvatlash va Markaziy Osiyoda suv tejaydigan texnologiyalar platformasini yaratish jarayonida “Birlashgan Millatlar Tashkiloti – suv resurslari” mexanizmini ishga solib, eng ilg‘or texnologiyalarni jalb etish va tatbiq qilish masalasi ham ilgari surilgan.
Prezidentimiz BMT Bosh Assambleyasidagi nutqida ta’kidlagan masalalar – “Markaziy Osiyo global iqlim tahdidlari qarshisida: umumiy farovonlik yo‘lida hamjihatlik” rezolyutsiyasini qabul qilish tashabbusi, Samarqandda bo‘lib o‘tadigan xalqaro iqlim forumi, jahon miqyosida dinlararo bag‘rikenglik va hamjihatlik g‘oyalarini keng targ‘ib etish maqsadida O‘zbekistonda YUNESCO shafeligida Dinlararo muloqot va bag‘rikenglik xalqaro markazini tashkil etish kabi takliflar ham global ahamiyat kasb etgan muhokamalardan o‘rin olgan.
O‘zbekiston yoshlar huquqini xalqaro miqyosda himoya qilish maqsadida BMTning Yoshlar huquqi to‘g‘risidagi konvensiyasini qabul qilish taklifini kiritdi. Bu hujjat yoshlarning ta’lim olish, bandlik, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoya huquqlarini xalqaro darajada mustahkamlashga qaratilgan. Respublikamiz mintaqa xavfsizligini mustahkamlash maqsadida BMT huzurida Markaziy Osiyo bo‘yicha Terrorizmga qarshi maxsus markaz tashkil etish tashabbusini ilgari surgan.
BMT rahbarlari O‘zbekistonga bir necha bor rasmiy tashrif buyurgan. Ushbu tashriflar o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash, mintaqaviy muammolarni muhokama qilish va davlatimizning xalqaro maydondagi faolligini yanada oshirishga xizmat qilgan. Bosh kotib Antoniu Guterrishning 2017 yil iyun va 2024 yil iyuldagi tashriflarida Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlik, O‘zbekistonning BMT doirasidagi islohotlarini qo‘llab-quvvatlashi, Orol dengizi inqirozi va ekologik muammolarni o‘rganish masalalari batafsil muhokama qilingan. Orol bo‘yi mintaqasi muammolarini hal qilishda xalqaro yordamni kuchaytirish, mintaqa davlatlarini o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashga chaqirish, yurtimizdagi iqtisodiy, siyosiy islohotlarni qo‘llash, BMTning diyorimizdagi loyihalarini kengaytirish kabi masalar ham ushbu tashriflar kun tartibidan o‘rin egalladi. Guterrish Orol bo‘yiga tashrif buyurib, hududni “sayyoramizdagi eng yirik ekologik fojia manzillaridan biri” deb atagan va xalqaro hamjamiyatni O‘zbekistonning bu boradagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashga chaqirgan. Uning ikkinchi tashrifi “O‘zbekiston-2030” strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar BMT tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgani tasdig‘i hamda global va mintaqaviy tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash, O‘zbekiston va BMT o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish, barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda yangi bosqichni boshlab berdi. Ayni payt 140 ta qo‘shma dastur va loyiha muvaffaqiyatli ishlamoqda. Oxirgi bir necha yil ichida O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining 10 ta maxsus rezolyutsiyasi qabul qilindi. 2024 yil Bosh kotibning besh nafar o‘rinbosari O‘zbekistonga tashrif buyurdi. 2024 yil davlatimiz Iqtisodiy va ijtimoiy kengash (ECOSOC) tarkibiga va Xalqaro mehnat tashkiloti Ma’muriy kengashiga saylandi. O‘zbekiston vakili birinchi marta Inson huquqlari qo‘mitasi a’zosi bo‘ldi. Toshkentda BMTning yana bir maxsus muassasasi – Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha xalqaro jamg‘arma vakolatxonasi ish boshladi. Birgalikda global kun tartibiga oid yirik xalqaro tadbirlar, jumladan oziq-ovqat xavfsizligi, turizmni rivojlantirish, kambag‘allik va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish hamda biologiya xilma-xilligini muhofaza qilish bo‘yicha tadbirlar o‘tkazilmoqda.
2025 yil Samarqandda YUNESCOning 43-bosh konferensiyasi bo‘lib o‘tadi. Davlatimiz rahbari Bosh kotibning xalqaro xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash, BMTning asosiy organlarini isloh qilish tashabbusini qat’iy qo‘llab-quvvatlashini bildirgan. Tashrif davomida Afg‘onistonda yuzaga kelayotgan vaziyat muhokama qilinib, afg‘on xalqiga gumanitar yordamni kengaytirish, jahon hamjamiyatining bu mamlakatga nisbatan umumiy strategiyasini ishlab chiqish zarurligi ta’kidlandi. Shuningdek, 2026-2030 yillarda BRM bo‘yicha hamkorlikning hadli dasturini birgalikda ishlab chiqish yuzasidan kelishuvga erishildi.
BMT rahbarlarining O‘zbekistonga tashrifi davomida quyidagi tashabbuslar ilgari surilgan: Orol bo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiya hududiga aylantirish, Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanish va xavfsizlik bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlash, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash bo‘yicha BMT bilan hamkorlikni kengaytirish, Inson huquqlari bo‘yicha Kengashda O‘zbekiston ishtirokini faollashtirish, BMT agentliklari orqali mamlakatdagi iqtisodiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlash.
Xulosa qilib aytganda, bu tashriflardavlatimizning xalqaro maydondagi o‘rnini mustahkamlash va BMT bilan ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Eng muhimi, ekologiya, inson huquqi, mintaqaviy xavfsizlik va barqaror rivojlanish yo‘nalishlarida O‘zbekiston tashabbuslari xalqaro miqyosda qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Hilola Mustapova,
Toshkent davlat sharkshunoslik universiteti
Xalkaro munosabatlar kafedrasi dotsenti,
siyosiy fanlar buyicha falsafa doktori