O‘zbekiston va BAA TIV rahbarlari uchrashdi
“WAM” axborot agentligi xabar berishicha, Birlashgan Arab Amirliklari tashqi ishlar vaziri Shayx Abdulloh bin Zoid Ol Nahayon BMT Bosh Assambleyasi 78-sessiyasi doirasida o‘zbekistonlik hamkasbi Baxtiyor Saidov bilan uchrashdi.
Ikki vazir anjuman kun tartibidagi hamda savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, madaniy-ma’rifiy masalalarni, shuningdek, qishloq xo‘jaligi, texnologiya, oziq-ovqat xavfsizligi, qayta tiklanadigan energiya kabi muhim sohalardagi hamkorlik holatini muhokama qildilar.
Iqlim o‘zgarishi oqibatiga qarshi kurashga sa’y-harakatni safarbar qilish uchun ushbu xalqaro platformaga sarmoya kiritish zarurligiga e’tibor qaratilarkan, BMT sessiyasi doirasida bo‘lib o‘tadigan Iqlim ambitsiyasi sammitiga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Shayx Abdulloh bin Zoid Ol Nahayon hamkasbiga BAAda noyabr oyida o‘tkaziladigan Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Konvensiya (COP28) konferensiyasi yigirma sakkizinchi sessiyasiga tayyorgarlik jarayoni haqida ma’lumot berdi. Butun dunyo “COP28”ga katta umid, global iqlim harakati jarayonida sezilarli ta’sir va sifat o‘zgarishiga erishish uchun umumiy istak, iroda bilan qarashini ta’kidlab, BAA ushbu nufuzli global tadbirga mezbonlik natijasida barqaror xalqaro hamkorlik yondashuvi yanada mustahkamlanishini intiqlik bilan kutayotganini bildirdi.
O‘z navbatida Baxtiyor Saidov ham umumiy manfaat keltiradigan mintaqaviy va xalqaro darajadagi qator masalalar muhokamasiga urg‘u berdi.
Muharrama Pirmatova, O‘zA