O‘zbekiston va AQSH: korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi hamkorlik kuchaytiriladi
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonov AQSH Davlat departamentining Giyohvand moddalarni nazorat qilish va huquqni muhofaza qilish ishlari byurosi (INL) Yevropa va Osiyo boshqarmasi direktori Mark Tervakoski bilan uchrashdi.
Uchrashuvda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, erishilayotgan natijalar va Agentlik oldidagi ustuvor vazifalar xususida batafsil ma’lumot berildi.
Muzokaralar davomida ikki davlat o‘rtasida hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Xususan, korrupsiya haqida xabar bergan shaxslarni himoya qilish, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining 5-raund monitoringi doirasidagi tavsiyalarini amalga oshirish, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash metodologiyasini ishlab chiqish kabi qator yo‘nalishlarda amaliy hamkorlikni kuchaytirishga alohida urg‘u berildi.
AQSH tomoni raqamli texnologiyalar va tog‘-kon sanoati sohalariga investitsiya kiritish va biznes yuritishdagi korrupsiyaviy xavf-xatarlarni tahlil qilish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyor ekanini bildirdi.
Uchrashuv yakunida ilgari surilgan takliflar va yangi yo‘nalishlar doirasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirishga kelishib olindi.
N.Abduraimova,
O‘zA