“O‘zbekiston tushlarimga kirib chiqadi”
O‘zbekistondagi ochiqlik siyosati, iqtisodiyotdagi liberallik, qonunchilikdagi demokratik tamoyillar, uning go‘zal va takrorlanmas tabiati, insoniyat taraqqiyotidan guvohlik beruvchi tarixiy obidalari, benazir madaniyati, tilidagi nafislik, musiqasidagi jozibadorlik – bularning barchasi bu ko‘hna va navqiron yurtga bo‘lgan qiziqishni orttirmoqda. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoy deb atalmish davlatning o‘zidagina 9 ta oliy o‘quv yurtida o‘zbek tili o‘qitilyapti. Ammo bu mamlakat aholisi orasida o‘zbek tili, madaniyati va musiqasiga muhabbat undanda yuqori.
Xan Yuy bilan Pekin ko‘chalarida tasodifan uchrashib, tanishib qoldik, bir necha lahza bo‘lsada suhbatlashdik va uni sizga ham havola qilmoqchimiz.

– Ismingiz nima?
– Mening ismim Xan Yuy. O‘zbekcha ismim Izzatulloh.
– Izzatulloh, siz qaysi xorijiy tillarni bilasiz?
– Men fors, arab, rus, ingliz tillari fonetikasi va grammatikasini o‘rgandim. Endi o‘zbek tilini o‘rganmoqchiman.
– Siz bu tillarni qanday o‘rgandingiz?
– Yolg‘iz o‘zim kitob, internet orqali o‘rgandim.
Xan Yuy – Izzatullohning qo‘lida cholg‘u asbobi bor edi. Biz u bilan ham qiziqdik.
– Siz musiqa asboblarini chalishni bilasizmi?
– Men o‘zbek musiqa asboblaridan dutor, nay, ud chalishni bilaman. Ularni ham o‘zim o‘rgandim. Ustozim musiqa yozuvlari bo‘lgan. Hozir men “Dilxiroj” kuyini chalib beraman.
– Sizga qaysi kuylar yoqadi va nima uchun?
– Men Turg‘un Almatovning sato va tanburda chalgan kuylarini juda-juda yaxshi ko‘raman. “Tanovor”, “Kuygay” maqomlar jonu dilim.
– Sizning qanday rejalaringiz bor?
– O‘zbekiston tushlarimga kirib chiqadi. Toshkent, Buxoro, Farg‘ona, Samarqand ko‘chalarida yurgandek tasavvur qilaman o‘zimni. Men O‘zbekistonga bormoqchiman. Chunki O‘zbekiston juda go‘zal yurt.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/E5O-HC5lehM?si=4MDYVDDsttE2MXFq" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov,
O‘zA muxbiri