O‘zbekiston – Tojikiston: Yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro ishonch va ittifoqchilikka tayangan sheriklikning yangi bosqichi
O‘zbekiston va Tojikiston munosabatlari so‘nggi yillarda oddiy yaxshi qo‘shnichilikdan institutsional jihatdan mustahkam pog‘onaga ko‘tarildi. Bunday ijobiy o‘zgarishning eng muhim sharti 2025-yil 31-mart kuni O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnoma kuchga kirganidir. O‘sha kuni tashqi ishlar vazirlari ratifikatsiya yorliqlarini almashgan edilar.
Bu hujjat o‘zaro munosabatni faqat siyosiy ishonch yoki diplomatik yaqinlik doirasida emas, balki uzoq muddatli xavfsizlik, iqtisodiy kooperatsiya va mintaqaviy muvofiqlashuv mantig‘i asosida ham qayta belgiladi. Ya’ni, bugungi o‘zbek-tojik aloqalari muammolarni bartaraf etish bosqichidan o‘tib bo‘lib, umumiy kun tartibini birga shakllantirish bosqichiga kirgan. 2025-yil noyabr oyida Toshkentda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ikki davlat rahbarlari munosabatlarni do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik mantig‘ida yanada kengaytirish masalalarini muhokama qilgani bejiz emas.
Savdo dinamikasi
Ikki davlat munosabatlaridagi eng ko‘zga ko‘ringan o‘zgarishlardan biri savdo ko‘rsatkichlarida namoyon bo‘lmoqda. 2021-yil O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “2017-yildagi 70 million dollarlik ikki tomonlama tovar aylanmasi 2020-yil ilk bor 500 million dollarga yetdi”, deya ta’kidlagan edi. Bu bayonot munosabatlardagi burilish nuqtasini aniq ifodalaydi.

2025-yil yakuni esa bu tendensiya to‘xtab qolmagani, aksincha yanada mustahkamlanganini ko‘rsatdi. Tojikiston Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi ma’lumotiga ko‘ra, yanvar-dekabr oylarida Tojikistonning O‘zbekistonga eksporti 275,8 million dollar, O‘zbekistondan importi 442,6 million dollar bo‘lgan. Shu jadvaldan tovar aylanmasi 718,3 million dollarga yetganini ko‘rish mumkin. Ayni payt 2024-yilga nisbatan 122,5 foiz o‘sish qayd etilgan.
Bu raqamlar oddiy statistika emas, balki muhim xulosa. Birinchidan, iqtisodiy yaqinlashuv allaqachon barqaror an’anaga aylangan. Ikkinchidan, savdo hajmi o‘sishi hanuz ulkan zaxira mavjudligini ham anglatadi.
Statistikada yana bir muhim jihat ko‘zga tashlanadi. 2025-yil O‘zbekiston Tojikiston eksportida 11,1 foiz ulush bilan asosiy bozorlardan biri bo‘lgan. Demak, O‘zbekiston Tojikiston uchun faqat qo‘shni emas, balki amaliy tashqi iqtisodiy tayanch nuqtalaridan biriga aylanmoqda.
Binobarin, 718,3 million dollarlik ko‘rsatkich hali ikki davlat iqtisodiy salohiyatiga to‘la mos emas. Bu yerda masala faqat tovar hajmi yoki tuzilmasida emas. Hozirgi bosqichda ikki tomonlama savdoda xomashyo, oziq-ovqat, neft mahsulotlari, sanoat va iste’mol tovarlari muhim o‘rin tutadi. Boshqacha aytganda, savdo o‘sgan, ammo yuqori qo‘shilgan qiymatli sanoat mahsulotlari ulushi hali yetarli darajaga chiqmagan. Shu ma’noda keyingi bosqichning asosiy vazifasi tovar aylanmasini mexanik ravishda oshirish emas, balki sifatni o‘zgartirishdan iborat.
Bu nuqtai nazar 2025-yil iyun oyida Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida O‘zbekiston Prezidentining Tojikiston Bosh vaziri Qohir Rasulzoda bilan uchrashuvida ham ochiq aytildi. O‘shanda sanoat, energetika, elektrotexnika, to‘qimachilik va qishloq xo‘jaligi sohalarida hamkorlik loyihalari amalga oshirilayotgani qayd etildi va yangi iqtisodiy sheriklik kun tartibini shakllantirish muhimligi ta’kidlandi.

Demak, ikki tomonlama munosabat hozir shunday nuqtaga keldiki, endi savdo statistikasining o‘zi yetarli emas. Kelgusi bosqichda qaysi tarmoqlarda birgalikda ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishi, qaysi korxonalar qo‘shma klaster shaklida ishlashi, qaysi mahsulotlar uchinchi bozorlarga birgalikda chiqarilishi hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Chuqur integratsiya aynan shu nuqtaan boshlanadi.
Raqamdan amaliyotga o‘tish
Oxirgi yillarda o‘zbek-tojik munosabatlarida sanoat kooperatsiyasi tobora ko‘proq tilga olinayotgani bejiz emas. Avval urg‘u tranzit, chegara va savdo erkinlashuviga berilgan bo‘lsa, endi qo‘shma ishlab chiqarish, investitsiya va tarmoqlararo bog‘liqlik masalasi kun tartibiga chiqib ulgurgan.
2024-yil aprel oyida Dushanbe shahrida o‘tkazilgan O‘zbekiston –Tojikiston investitsiya biznes-forumi shu tendensiyaning amaliy ifodasi bo‘ldi. O‘zbekiston hukumat portali ma’lumotiga ko‘ra, 600 dan ortiq biznes va idora vakillari qatnashgan anjumanda hamkorlikning strategik darajasi alohida ta’kidlangan. O‘sha xabarda so‘nggi sakkiz yillik o‘zaro savdo 2023-yil 750 million dollargacha o‘sgani, yil boshida yana 40 foizlik o‘sish qayd etilgani ham aytilgan.
Tojikiston rasmiy manbalarida ham sanoat kooperatsiyasiga o‘tilayotgani ta’kidlanadi. Tojikiston tashqi ishlar vazirligining 2025-yil aprel oyida yangilangan ikki tomonlama munosabatlar haqidagi ma’lumotida 2024-yilgi davlat tashrifi chog‘ida Zarafshon daryosidagi ikki gidroelektr stansiya qurilishi bo‘yicha qo‘shma loyiha amalga oshirila boshlagani ta’kidlangan. Shuningdek, 2025-yil mart oyida Tojikiston Prezidenti rasmiy axborotida “So‘g‘dmetall” metallurgiya korxonasi tashkil etilishi savdo-iqtisodiy hamkorlik mustahkamlangani samarasi sifatida qayd etildi.
Bu misollar bir narsani anglatadi: hamkorlik endi faqat bir-biridan sotib olish emas, balki birgalikda ishlab chiqarish shakliga o‘ta boshlagan. Tahliliy nuqtai nazardan eng muhim o‘zgarish ham shu, chunki qo‘shma korxona va qo‘shma infratuzilma paydo bo‘lsa, munosabatlar siyosiy jarayonga kamroq bog‘liq bo‘ladi, iqtisodiy manfaatlar uzoq muddatli sheriklikni ta’minlaydi.
Geografiyadan geoiqtisodiyotga o‘tish
O‘zbekiston va Tojikiston munosabatlarini chuqur tushunish uchun transport va chegara masalasiga alohida e’tibor qaratish kerak. Ayniqsa so‘nggi yillardagi eng muhim o‘zgarish chegarani muammo emas, resurs sifatida ko‘rish mantig‘i shakllangani bilan bog‘liq.
2025-yil 31-mart kuni Xo‘jandda O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston davlat rahbarlari uch davlat chegaralari tutashgan nuqta bo‘yicha tarixiy shartnomani imzoladilar. Qo‘shma deklaratsiya qabul qilib, Do‘stlik stelasini ochdilar. Uchrashuvda yana bir muhim tezis aytildi. O‘zbekistonning Qirg‘iziston va Tojikiston bilan savdo aylanmasi so‘nggi yillarda o‘n barobar oshgan va bu hajmning deyarli yarmi chegara hududlariga to‘g‘ri keladi. Shuning uchun bojxona postlarini kompleks modernizatsiya qilish, zamonaviy savdo-logistika infratuzilmasini yaratish, doimiy ko‘rgazma-yarmarka maydoniga ega uch tomonlama savdo platformasini tashkil etish taklif qilindi. O‘zaro reyslar sonini ko‘paytirish, chegara hududlaridagi shaharlar o‘rtasida yangi avtobus yo‘nalishlarini ochish bo‘yicha kelishuvga erishilgani ham ma’lum qilindi.
Bu nima uchun muhim? O‘zbekiston – Tojikiston munosabatlarining keyingi o‘sish nuqtasi aynan chegara hududlarida. Katta poytaxt diplomatiyasi strategik fon yaratadi, lekin savdo, kichik biznes, xizmat, turizm va mehnat harakatining haqiqiy drayveri chegara oldi hududlardir. Aynan shu yerda logistika arzonlashsa, harakat osonlashsa, ikki tomonlama iqtisodiy integratsiyada sifat o‘zgarishi yuz beradi.
Eng sezgir sohadan pragmatik sheriklikka
Energetika O‘zbekiston va Tojikiston munosabatlarida eng ko‘p siyosiy bahs uyg‘otgan sohalardan biri. Shuning uchun ayni yo‘nalishdagi hozirgi hamkorlik alohida ahamiyat kasb etadi. Bu ishonch tiklanganining eng muhim indikatorlaridan biri ham.
Tojikiston TIV ma’lumotiga ko‘ra, 2024-yilgi oliy darajadagi tashrif davomida ikki davlat Zarafshon daryosida ikki gidroelektr stansiyasi qurilishi bo‘yicha qo‘shma loyiha amalga oshirila boshlagan. Bu yerda gap shunchaki energetika investitsiyasi emas, balki suv-energetika masalasidagi yondashuv o‘zgargani haqida ketmoqda. Ilgari ziddiyat manbai bo‘lgan resurs endilikda qo‘shma kapital va umumiy manfaat nuqtasiga aylana boshladi. Bundan tashqari “Barqi tojik” kompaniyasi rasmiy axborotiga ko‘ra, Tojikistonning Markaziy Osiyo yagona energetika tizimiga qayta ulanishi loyihasining maqsadi davlatlarimiz o‘rtasida elektr energiyasi almashinuvini ta’minlash maqsadiga ham yo‘naltirilgan. Loyiha doirasida 220 va 500 kilovoltli ulanish nuqtalarida zamonaviy uskunalar o‘rnatilishi, tarmoqlar sinxron ishlashi va tizim ishonchliligi oshirilishi ko‘zda tutilgan.
Bu yerda yana bir muhim geoiqtisodiy o‘lcham bor. 2025-yil noyabr oyida O‘zbekiston rasmiy manbalarida Zarafshon daryosidagi gidroenergetika loyihalari va Bahri Tojik suv omborining vegetatsiya davrida muvofiqlashtirilgan ish rejimi haqida so‘z bordi. Bu esa energetika, suv va qishloq xo‘jaligi manfaatlari alohida-alohida emas, balki bir-biriga bog‘liq tizim sifatida ko‘rilayotganini anglatadi.
CASA-1000 loyihasiga kelsak, O‘zbekiston tashabbusning bevosita ishtirokchisi bo‘lmasa-da, mazkur loyiha Tojikistonni janubiy yo‘nalishdagi elektr eksportiga bog‘laydigan katta infratuzilma sifatida butun mintaqa, jumladan O‘zbekiston uchun ham yangi energetika geografiyasini yaratadi. Shu bois O‘zbekiston – Tojikiston energetika hamkorligiga mintaqada yangi elektr bozori shakllanishining tashqi omili sifatida ham qarash to‘g‘riroq bo‘ladi. Bu farqni aniq belgilash juda muhim.
Madaniy-gumanitar aloqalar
Ikki tomonlama munosabatning mustahkamligi faqat Prezidentlar uchrashuvi yoki savdo jadvali emas, balki oddiy odamlar darajasidagi aloqalar qanchalik barqarorligi bilan ham o‘lchanadi. Shu nuqtai nazardan madaniy-gumanitar yo‘nalish o‘zbek-tojik munosabatlarida ikkinchi darajali soha emas, balki siyosiy ishonchni jamiyat darajasiga tushiradigan asosiy mexanizmga aylanmoqda.
2025-yil mart oyida Xo‘janddagi tadbirlar chog‘ida Shavkat Mirziyoyev har yili Navro‘z bayrami kunlarida chegara hududlarida qo‘shma do‘stlik konsertlari va festivallari o‘tkazishni taklif qildi. O‘sha kuni davlat rahbarlari ishtirok etgan qo‘shma konsertda esa chegaralar endi birodarlik chizig‘i, yangi imkoniyatlar va integratsiya makoni ekani alohida ta’kidlandi.
Turizm sohasida ham bu tendensiya aniq ko‘zga tashlanyapti. O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan yil aprel oyida Xo‘jandda o‘tgan mintaqaviy turizm forumida “Farg‘ona vodiysining oltin turistik halqasi” va “Navro‘z – Markaziy Osiyo qalbida” kabi qo‘shma yo‘nalishlar muhokama qilingan. O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikistonni bog‘laydigan bu marshrutlar amalda o‘zbek-tojik gumanitar hamkorligini yanada chuqurlashtiradi. Tarixiy merosni birgalikda targ‘ib qilish, kichik biznesni jalb qilish va chegara hududlarini iqtisodiy faol hududga aylantirish imkonini beradi.
Shu ma’noda madaniy-gumanitar aloqalar bugun ramziy emas, amaliy vazifani ham bajarmoqda.
Ikki tomonlama munosabatdan mintaqaviy modelga
O‘zbekiston – Tojikiston munosabatlarining ahamiyatini faqat ikki davlat doirasida baholash yetarli emas. Bu sheriklik Markaziy Osiyodagi yangi mintaqaviy tartibning tayanch unsurlaridan biriga aylanmoqda. 2025-yil 31-martda uch davlat chegaralari tutashgan nuqta bo‘yicha shartnoma imzolanishi va Xo‘jand deklaratsiyasi qabul qilinishi butun mintaqa uchun ramziy va amaliy ahamiyatga ega bo‘ldi.
Buning geosiyosiy ma’nosi shundaki, Markaziy Osiyoda oldin xavf manbai bo‘lib ko‘rilgan masalalar – chegara, suv, tranzit, energiya endilikda hamkorlik infratuzilmasiga aylantirilmoqda. O‘zbekiston va Tojikiston ana shu o‘tish jarayoni markazida turibdi. Agar ikki davlat o‘rtasidagi ittifoqchilik shartnomasi siyosiy karkas bo‘lsa, savdo o‘sishi iqtisodiy mazmun, energetika va transport hamkorligi esa amaliy mexanizm hisoblanadi.
Shu bois O‘zbekiston – Tojikiston sherikligining kelajagi ko‘proq bir savolga bog‘liq: ikki davlat siyosiy yaqinlikni qanchalik tez institutsional va tarmoqlar integratsiyaga aylantira oladi? Hozircha kuzatilayotgan faktlar shuni ko‘rsatmoqdaki, Toshkent va Dushanbe bu yo‘ldan orqaga emas, aynan oldinga harakat qilmoqda.
Dilshod Hakimov, O‘zA