O‘zbekiston tashqi savdosida Xitoy va Rossiya yetakchilik qilmoqda
Ma’lumki, 2026-yilning birinchi yarmida O‘zbekiston jahonning 195 ta mamlakati bilan tashqi savdo aloqalarini amalga oshirdi. Xitoy va Rossiya eng yirik hamkorlar sifatida yetakchilik qilgan bo‘lsa, Markaziy Osiyo, Yevropa va Yaqin Sharq davlatlari bilan savdo aloqalari ham izchil kengaymoqda. Raqamlar mamlakat tashqi savdosida geografik diversifikatsiya jarayoni kuchayib borayotganini ko‘rsatmoqda.
O‘zbekiston iqtisodiyotining tashqi dunyo bilan integratsiyasi tobora chuqurlashib bormoqda. Buni mamlakatning tashqi savdo aloqalari geografiyasi va savdo hamkorlari bilan aylanma hajmidagi o‘zgarishlar ham ko‘rsatadi.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar–iyun oylarida O‘zbekiston jahonning 195 ta mamlakati bilan savdo aloqalarini amalga oshirgan. Davlatlar kesimidagi ko‘rsatkichlar mamlakat tashqi savdosida Osiyo davlatlari, xususan, Xitoy, Rossiya va Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi o‘rinni saqlab qolayotganini ko‘rsatmoqda. 2026-yilning birinchi yarmida O‘zbekistonning eng yirik savdo hamkori Xitoy bo‘lgan. U bilan tashqi savdo aylanmasi 9,5 milliard dollarga yetgan. Ikkinchi o‘rinda Rossiya Federatsiyasi — 7,0 milliard dollar. Demak, ikki davlat bilan tashqi savdo aylanmasining umumiy qiymati 16,5 milliard dollarni tashkil etgan.
Bu raqamlar Xitoy va Rossiyaning O‘zbekiston tashqi savdosidagi salmog‘i juda yuqori ekanini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, bu ikki mamlakat bilan iqtisodiy aloqalarning xususiyati ham turlicha: savdo munosabatlari tovar ayirboshlashdan tashqari investitsiya, sanoat kooperatsiyasi, transport-logistika va texnologik hamkorlik bilan uyg‘unlashib bormoqda. Qizig‘i, 2025-yilning birinchi yarmida ham Xitoy va Rossiya O‘zbekistonning eng yirik savdo hamkorlari bo‘lgan. O‘sha davrda Xitoy bilan tashqi savdo aylanmasi 6,56 milliard, Rossiya bilan 6,03 milliard dollarni tashkil etgan. Shundan kelib chiqib, 2026-yilda ikki yirik hamkor bilan savdo hajmi yanada oshganini ko‘rish mumkin.
Tashqi savdoda ikkinchi muhim tendensiya Markaziy Osiyo mamlakatlarining salmog‘idir. 2026-yil yanvar–iyun oylarida Qozog‘iston bilan tashqi savdo aylanmasi 2,8 milliard dollarni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich Qozog‘istonni O‘zbekistonning Xitoy va Rossiyadan keyingi uchinchi yirik savdo hamkoriga aylantirgan. Qirg‘iz Respublikasi bilan savdo aylanmasi esa 624,6 million dollarni tashkil etgan.
Qozog‘iston va Qirg‘iz Respublikasi bilan bir qatorda, mintaqadagi boshqa davlatlar bilan iqtisodiy aloqalarning rivojlanishi O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi savdo-iqtisodiy integratsiya jarayonlarida faol ishtirok etayotganini anglatadi. Bunda transport yo‘laklarini rivojlantirish, chegaraoldi savdosi, sanoat kooperatsiyasi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti va logistika infratuzilmasini takomillashtirish muhim ahamiyatga ega.
Tashqi savdo hamkorlari orasida Turkiya — 1,4 milliard dollar, Afg‘oniston — 1,1 milliard dollar bilan keyingi o‘rinlarni egallagan. Turkiya bilan savdo hajmi mamlakatning nafaqat Yevropa va Osiyo bozorlari o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarini mustahkamlash, balki investitsiyaviy va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish nuqtai nazaridan ham muhim.
Afg‘oniston esa O‘zbekiston uchun Janubiy Osiyo bozorlariga chiqish imkoniyatlari nuqtai nazaridan alohida ahamiyatga ega. Ushbu yo‘nalishda transport-logistika infratuzilmasining rivojlanishi tashqi savdo hajmini oshirishning muhim omillaridan biri bo‘lishi mumkin.
Yevropa va Osiyo bozorlari: yangi imkoniyatlar TOP-10 tarkibida Koreya Respublikasi, Fransiya, BAA va Germaniya kabi davlatlarning mavjudligi O‘zbekiston tashqi savdosining geografiyasi faqat qo‘shni davlatlar yoki an’anaviy hamkorlar bilan cheklanmayotganini ko‘rsatadi. Jumladan, Koreya Respublikasi 940,0 mln dollar, Fransiya 890,9 mln dollar,
BAA 807,7 mln dollar, Germaniya 623,2 mln dollarni tashkil etgan. Bu mamlakatlar bilan hamkorlik O‘zbekiston uchun investitsiya, texnologiya, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish va eksport bozorlarini diversifikatsiya qilish nuqtai nazaridan muhim.
Ayniqsa, tashqi savdo tarkibida yuqori texnologik va tayyor mahsulotlar ulushini oshirish mamlakatning global qiymat zanjirlaridagi ishtirokini kengaytirishga xizmat qilishi mumkin. 2025-yilning yanvar–iyun oylarida O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasi 37 milliard dollarni tashkil etgan va bu 2024-yilning shu davriga nisbatan 5,1 milliard dollar yoki 16,1 foizga ko‘p bo‘lgan. Eksport 16,9 milliard, import esa 20,1 milliard dollarga yetgan. 2025-yilning birinchi yarmida tashqi savdo aylanmasida Xitoyning ulushi 17,7 foiz, Rossiyaning ulushi 16,3 foiz, Qozog‘istonniki 6 foiz, Turkiyaniki 3,6 foiz, Koreya Respublikasiniki esa 2,3 foiz bo‘lgan.
Bu raqamlar O‘zbekiston tashqi savdosida eng yirik hamkorlar mavqei barqaror ekanini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, savdo geografiyasining kengayishi mamlakatning tashqi iqtisodiy aloqalarini diversifikatsiya qilish uchun imkoniyatlar ortib borayotganidan dalolat beradi. Tashqi savdo aylanmasining o‘sishi, albatta, ijobiy ko‘rsatkich. Ammo iqtisodiy samara nuqtai nazaridan savdo hajmining o‘zi emas, uning tarkibi ham muhim.
Eksportda xomashyo va nisbatan past qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ulushini kamaytirib, tayyor va yuqori texnologik mahsulotlar eksportini ko‘paytirish dolzarb vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda. 2025-yil yanvar–iyun oylarida eksport tarkibida xizmatlar 4,06 milliard dollarni tashkil etgan va eksportning 24 foiziga to‘g‘ri kelgan. Shuningdek, nomonetar oltin eksporti 6,49 milliard dollar bo‘lgan. Demak, kelgusi davrda tashqi savdo siyosati uchun bir nechta yo‘nalish alohida ahamiyat kasb etadi. Eksport geografiyasini yanada kengaytirish, tayyor va yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ulushini oshirish, xizmatlar eksportini rivojlantirish, transport va logistika xarajatlarini kamaytirish,
yangi bozorlarga chiqishda milliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash,
Markaziy Osiyo davlatlari bilan savdo-iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirish zarur.
Mazkur davrda O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasidagi TOP-10 davlatlar, Xitoy 9,5 mlrd AQSH dollari, Rossiya Federatsiyasi 7,0 mlrd AQSH dollari, Qozog‘iston 2,8 mlrd AQSH dollari, Turkiya 1,4 mlrd AQSH dollari, Afg‘oniston 1,1 mlrd AQSH dollari, Koreya Respublikasi — 940,0 mln AQSH dollari, Fransiya 890,9 mln AQSH dollari, BAA 807,7 mln AQSH dollari, Qirg‘iz Respublikasi 624,6 mln AQSH dollari, Germaniya 623,2 mln AQSH dollarini tashkil etgan.
Xulosa o‘rnida aytganda, 2026-yilning birinchi yarmidagi ko‘rsatkichlar O‘zbekiston tashqi savdosida ko‘p vektorli hamkorlik modeli shakllanayotganini ko‘rsatmoqda. Xitoy va Rossiya yetakchilik qilmoqda, Markaziy Osiyo davlatlari bilan savdo aloqalari mustahkamlanmoqda, Turkiya, Yevropa va Yaqin Sharq mamlakatlari bilan hamkorlik esa yangi imkoniyatlarni ochmoqda. Eng muhim jihat shundaki, tashqi savdo geografiyasining kengayishi O‘zbekiston uchun yangi bozorlarga chiqish imkoniyatini oshiradi. Endi asosiy maqsad — ushbu imkoniyatlarni yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar eksporti, texnologik kooperatsiya va investitsiyalarni ko‘paytirish bilan uyg‘unlashtirishdir.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA