O‘zbekiston tashabbuslari SHHT makonida umumiy taraqqiyotni ta’minlashga xizmat qiladi
Bishkek shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT)ga a’zo davlatlar rahbarlari kengashining yubiley yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda tashkilotning 25 yillik faoliyati sarhisob qilinib, kelgusidagi dolzarb va ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Oliy Majlis Senati a’zosi Pokiza Ahmadjonova shu haqda munosabat bildirdi:
– SHHT o‘tgan yillar davomida salmoqli taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tib, bugun Yevroosiyoda siyosiy muloqot, o‘zaro ishonch va ko‘p tomonlama hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilayotgan nufuzli xalqaro minbarga aylandi.
Tashkilot tarkibining kengayishi, uning mexanizmlari rivojlanishi va hamkorlikning yangi yo‘nalishlari paydo bo‘lishi SHHTning mintaqaviy hamda xalqaro taraqqiyotning dolzarb masalalarini hal etishdagi o‘rni ortib borayotganidan dalolat beradi.

O‘zbekiston SHHT tashkil etilgan dastlabki kunlardan boshlab uning ochiq, bloklardan xoli va tinchlikparvar hamkorlik platformasi sifatida mustahkamlanishini izchil qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.
Mamlakatimiz 2003-2004, 2009-2010, 2015-2016 va 2021-2022-yillarda tashkilotga raislik qildi. Ayniqsa, tashkilot tarixida 2016-yilgi Toshkent sammiti alohida o‘rin tutadi. Zero, unda erishilgan kelishuvlar tashkilotning geografik qamrovi va xalqaro nufuzini yanada kengaytirishga xizmat qilgan.
2017-yildan boshlab O‘zbekiston SHHT doirasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha tashabbuskorlik yo‘liga o‘tdi. 2017-2025-yillar mobaynida davlatimiz rahbari tomonidan siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-logistika, innovatsion va boshqa sohalarda 118 ta tashabbus ilgari surildi. Bu esa mamlakatimizning SHHT doirasidagi faol va konstruktiv o‘rnini yanada mustahkamladi.
Tashkilot rivojida 2022-yil sentyabr oyida Samarqand shahrida O‘zbekiston raisligida bo‘lib o‘tgan sammit alohida ahamiyat kasb etadi. Chunki uning yakunlari bo‘yicha rekord darajadagi – 44 ta hujjat qabul qilindi. Ular savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, transport bog‘liqligini kuchaytirish, sanoat kooperatsiyasi, energetika, raqamlashtirish, oziq-ovqat xavfsizligi va boshqa ustuvor yo‘nalishlardagi sheriklikni yangi bosqichga olib chiqishga zamin yaratdi.
Prezidentimizning joriy yil 1-sentyabr kuni Bishkek shahrida o‘tkazilgan SHHTga a’zo davlatlar rahbarlari kengashining yubiley yig‘ilishidagi ishtiroki O‘zbekistonning xalqaro maydondagi faol, tashabbuskor va konstruktiv pozitsiyasini yana bir bor yaqqol namoyon etdi.
Davlatimiz rahbari SHHT oldida turgan eng dolzarb vazifalarga e’tibor qaratib, tashkilotning uzoq muddatli taraqqiyot yo‘nalishlarini belgilashga qaratilgan bir qator takliflarni ilgari surdi. Masalan, “SHHT - 2040: umumiy taraqqiyot makoni” konseptual qarashini ishlab chiqish taklifi umumiy taraqqiyot uchun yangi imkoniyatlar yaratish va a’zo davlatlar sa’y-harakatlarini mushtarak maqsadlar atrofida birlashtirishga xizmat qiladi. Ya’ni bu yerda gap tarmoq dasturlari majmuidan investitsiyalar, texnologiyalar va bilimlar harakati, qo‘shma ishlab chiqarishlar hamda hududlar va biznesning to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalari mavjud bo‘lgan o‘zaro bog‘liq makonning umumiy modeliga o‘tish haqida bormoqda.
Yurtboshimiz tomonidan ilgari surilgan eng muhim amaliy tashabbuslardan yana biri – SHHT Sanoat kooperatsiyasi xaritasini yaratish bo‘ldi. Ushbu mexanizm tashkilotning ulkan geografik va iqtisodiy ko‘lamini real transchegaraviy ishlab chiqarish zanjirlariga aylantirib, ishbilarmonlar, investorlar, davlat tuzilmalari uchun yaratilgan yagona universal raqamli darchada maxsus iqtisodiy zonalar, ishlab chiqarish jarayonlari, sotuv bozorlari va logistika tizimini birlashtiradi. Bu esa ular uchun yangi loyihalarni shakllantirish, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish hamda o‘zaro manfaatli aloqalarni yanada rivojlantirishga imkon beradi.
Bishkek sammitida davlatimiz rahbari yig‘ilganlar e’tiborini SHHT Taraqqiyot bankini amalda ishga tushirishga qaratdi. Bu tashkilot uchun qanchalik muhim? SHHTda transport, energetika va raqamli sohalarga oid g‘oyalar ko‘p, biroq ularni moliyalashtiriladigan loyihalarning tayyor portfeliga aylantiradigan o‘z mexanizmi yo‘q. Banklararo birlashma banklar faoliyatini muvofiqlashtiradi, lekin yagona ekspertiza, birgalikda moliyalashtirish va nazorat mezonlariga ega bo‘lgan taraqqiyot institutining o‘rnini bosa olmaydi. Bank, birinchi navbatda, foyda va xatarlari bir nechta davlat o‘rtasida taqsimlanadigan ko‘p tomonlama loyihalar uchun aynan shu institutsional bo‘shliqni to‘ldirishi mumkin.
Bugun iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq global xavf-xatarlar oziq-ovqat, suv va energetika xavfsizligiga bevosita ta’sir ko‘rsatayotgan eng dolzarb muammolardan biriga aylandi. Bunday sharoitda ushbu yo‘nalishlarni bir-biridan alohida emas, balki o‘zaro chambarchas bog‘liq holda ko‘rib chiqish, SHHT makonida yagona va muvofiqlashtirilgan kun tartibini shakllantirish hayotiy zaruratga aylanmoqda.
Bu jarayonda SHHTning kompleks dasturlarni, texnologiyalar va ilg‘or bilimlar almashinuvini muvofiqlashtiruvchi ixtisoslashgan mexanizmini tashkil etish muhim amaliy qadam bo‘ladi. 2035-yilgacha suv va energetika samaradorligi sohasida SHHTning texnologik hamkorlik dasturini ishlab chiqish resurslardan oqilona foydalanish, ekologik barqarorlikni mustahkamlash hamda umumiy xavf-xatarlarga birgalikda samarali yechim topishga xizmat qiladi. Zotan, bugungi murakkab ekologik sharoitda barqaror taraqqiyotga faqat o‘zaro ishonch, hamjihatlik va amaliy hamkorlik orqaligina erishish mumkin.
Bir so‘z bilan aytganda, SHHTning Bishkek sammitida O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar o‘zaro ishonch, tinchlik va mushtarak taraqqiyotni ta’minlashga qaratilgan izchil siyosatning mantiqiy davomidir.
N.Abduraimova, O‘zA