O‘zbekiston-SHHT: samarali hamkorlik davom etmoqda
15 iyun - SHHT tashkil topgan kun
Bu yil O‘zbekiston Shanxay hamkorlik tashkilotiga raislik qilmoqda. Ayni payt butun diqqat-e’tibor joriy yil 15-16 sentyabr kunlari bo‘lib o‘tadigan SHHTga a’zo mamlakatlar davlat rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishiga qaratilgan. Samarqand sammitiga tayyorgarlik ko‘rish, anjumanni mazmunan boyitish, kun tartibini belgilash bo‘yicha keng ko‘lamli ish olib borilmoqda. Bo‘lajak oliy darajadagi yig‘in doirasida imzolanishi rejalashtirilgan hujjatlar kelishilmoqda.
Ta’kidlash kerak, mamlakatimizning SHHTga raisligi doirasida shu kungacha 50 ga yaqin tadbir muvaffaqiyatli o‘tkazildi. O‘zbekiston tashabbusi bilan ilgari surilayotgan va samarali amalga oshirilayotgan hamkorlikning ko‘plab yangi yo‘nalishlari Tashkilot kun tartibini zamonaviy voqelikdan kelib chiqqan holda boyitishga xizmat qilmoqda. Xususan, SHHTga a’zo davlatlar Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, Kambag‘allikni qisqartirish masalasi va O‘simliklar karantini bo‘yicha mas’ul idoralari rahbarlarining ilk yig‘ilishlari aynan yurtimizda tashkil etildi. Bundan tashqari Yoshlar kengashining 15-yig‘ilishi, Atrof-muhit masalasi bo‘yicha mas’ul idoralar rahbarlari, Sog‘liqni saqlash vazirlarining navbatdagi uchrashuvlari, «SHHT mamlakatlari an’anaviy (xalq) tabobatining zamonaviy sog‘liqni saqlash tizimlariga integratsiyasi»ga bag‘ishlangan SHHT an’anaviy tibbiyot anjumani, Xavfsizlik kengashi kotiblarining navbatdagi majlisiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha ekspertlar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu anjumanlarda barqarorlik rivojlanish uchun xavf tug‘dirayotgan xatar, tahdidlarga qarshi kurashishda Tashkilot salohiyatini kuchaytirish, “Shanxay ruhi” tamoyili asosida ko‘p tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirish zarurligi bir ovozdan maqqullandi.
Kelgusida transport sohasida o‘zaro bog‘liqlik, “yashil” energetika, innovatsiyalar, raqamli iqtisodiyot, sanoat kooperatsiyasi borasidagi qo‘shma loyihalarni faol ilgari surishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
May oyida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizga tashrif buyurgan Shanxay hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Chjan Minni qabul qildi. SHHT doirasida amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish va mintaqaviy sheriklikni mustahkamlash, shuningdek, O‘zbekiston raisligidagi tadbirlarga puxta tayyorgarlik ko‘rish masalalari ko‘rib chiqildi.
Bosh kotib O‘zbekistonni SHHTning eng faol ishtirokchilaridan biri sifatida e’tirof etdi. «Prezident Shavkat Mirziyoyevning Yangi O‘zbekiston haqidagi konseptual g‘oyalari aks etgan SHHTning yangi, ajoyib shahri bunyod etilmoqda. Samarqand sammiti tashkilotimiz tarixida muhim voqea bo‘lib qoladi», deya ta’kidladi.
Mamlakatimiz 2001 yil Tashkilotga asos solinishida muhim rol o‘ynadi, tuzilmaning rivojlanishi va muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatishiga salmoqli hissa qo‘shib kelmoqda. SHHTning Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi qarogohi Toshkentda joylashgan.
O‘zbekiston SHHT xalq diplomatiyasi shakllanishi va rivojlanishining tashabbuskori hisoblanadi. 2019 yil yanvar oyidan beri Toshkentda faoliyat yuritayotgan SHHT Xalq diplomatiyasi markazi ishonch va yaxshi qo‘shnichilikni, millatlararo va dinlararo hamjihatlikni mustahkamlash, sivilizatsiyalararo muloqotni rivojlantirish yo‘lida izchil faoliyat yuritmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, roppa-rosa 21 yil avval boshlangan O‘zbekiston va SHHT o‘rtasidagi samarali hamkorlik bundan keyin ham barqaror taraqqiyotga xizmat qilaveradi.
Abror G‘ULOMOV,
O‘zA