O‘zbekiston seysmologik atlasi
Mamlakatimiz hududida kuzatiladigan zilzilalarni kartografik jihatdan tasvirlash, zilzila jarayonlarining hozirgi holati, ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik oqibatlarini baholash, shuningdek, mamlakatimizning seysmik xavfi yuqori bo‘lgan mintaqalarida yuzaga kelishi ehtimoli bo‘lgan zilzilalarga qarshi ko‘riladigan chora-tadbirlarni rejalash maqsadida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi G‘.Mavlonov nomidagi Seysmologik institutining olimlar jamoasi tomonidan "O‘zbekiston seysmologik atlasi" tuzildi.
“O‘zbekiston seysmologik atlasi" 7 bobdan iborat bo‘lib, o‘zida 70 dan ortiq xaritani jamlagan.
Atlasda zilzila jarayoniga oid xaritalardan tashqari geologik, tektonik va boshqa mavzulardagi xaritalar ham o‘rin olgan.
Fanlar akademiyasi matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, "O‘zbekiston seysmologik atlasi" Seysmologik institutda turli yillarda faoliyat ko‘rsatgan va hozir ham o‘z tadqiqotlarini olib borayotgan olimlarning ko‘p yillik ilmiy izlanishlari natijasida tayyorlangan.
Mazkur atlasdan nainki geologiya, seysmologiya yo‘nalishi mutaxassislari, balki Yer haqidagi fanlar bilan bog‘liq yo‘nalishlarda tahsil olayotgan magistrantlar, ilmiy izlanuvchilar, professor- o‘qituvchilar va qiziquvchilar foydalanishi mumkin.
“O‘zbekiston seysmologik atlasi" Vatanimiz mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlanadi.
N.Usmonova, O‘zA