O‘zbekiston – Rossiya: tibbiyotdagi hamkorlik
Yurtimizda sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirishda xorijiy oliy ta’lim dargohlari va tibbiyot muassasalari bilan hamkorlikni takomillashtirish borasida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.
Rossiya Federatsiyasi yetakchi travmatolog-ortoped, professor A.Bagirov Buxoro viloyatida bo‘ldi.

ؘ– Shu yil bahor oylarida nomukammal otogenez suyaklar sinuvchanligi, o‘ng son suyagi yopiq sinishi tashxisi bilan kasalxonaga yotqizilgan bemor, tayanch-harakat a’zosidagi shikastlanishdan xalos bo‘lish uchun xorijda jarrohlik amaliyotini aynan rossiyalik professor Akshin Bagirov qo‘li ostida o‘tkazgan, – deydi respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filiali bolalar jarohatlari bo‘limi travmatologi Bobir Muhammedov. – Bemorga son suyagini tiklash maqsadida vaqtinchalik metall stend qo‘yilgan. Bugunga kelib rossiyalik yuqori malakali travmatolog o‘zi rahbarligida o‘tkazilgan jarrohlik amaliyoti samarasini bilish, qolaversa, bu borada Buxoroda amalga oshirilayotgan ish uslubi bilan yaqindan tanishish maqsadida Buxoro viloyatida bo‘ldi.

Hozirda, jarrohlik amaliyotini o‘tkazgan bemor bolaning oyog‘idagi metall stend olib tashlandi. Bemorning ahvoli esa qoniqarli. Rossiyalik vrach travmatolog A.Bagirov filialning kattalar travmatologiya bo‘limida yotgan bemorlardan xabar olib, ularda qo‘llanilayotgan davo usullari bilan ham qiziqdi.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.