“O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan huquqbuzarliklar profilaktikasi inspektori” faxriy unvoni ta’sis etiladi
“O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan huquqbuzarliklar profilaktikasi inspektori” faxriy unvoni ta’sis etilishi kutilmoqda.
Ayni maqsadga qaratilgan “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan huquqbuzarliklar profilaktikasi inspektori” faxriy unvonini ta’sis etish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, huquqbuzarliklar profilaktikasi inspektorlari jamoat xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va bartaraf etish, xavf guruhidagi shaxslar bilan profilaktik ishlarni tashkil etish, mahallalarda tinchlik va osoyishtalikni saqlashda muhim vazifalarni bajaradi. Qonun loyihasi ana shu sohada ko‘p yillar davomida samarali xizmat qilgan xodimlarning fidoyiligi va kasbiy mahoratini e’tirof etish, ularni rag‘batlantirishga qaratilgan.

Qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasining “Davlat mukofotlari to‘g‘risida”gi Qonuniga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilib, yangi faxriy unvonning huquqiy asoslarini belgilash taklif etilmoqda.
Shuningdek, “O‘zbekiston Respublikasining faxriy unvonlarini ta’sis etish to‘g‘risida”gi Qonunga o‘zgartirish kiritish orqali mazkur unvonning nomi va ko‘krak nishoni tavsifini hamda ko‘krak nishoni berish uchun asos bo‘ladigan holatlarni qonunchilikda mustahkamlash nazarda tutilgan.

Muhokamalarda ta’kidlanganidek, ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi huquqbuzarliklar profilaktikasi inspektorlarining xizmat vazifalarini sidqidildan va samarali bajarishga bo‘lgan rag‘batini oshirish, sohada xizmat an’analarini mustahkamlash hamda jamoat xavfsizligini ta’minlashga qo‘shgan hissasini munosib e’tirof etishga xizmat qiladi.
M.Komilova, O‘zA