O‘zbekiston – Qirg‘iziston: farovon kelajak uchun ishonchli kafolat
Hozirgi kunda Markaziy Osiyo mintaqasidagi davlatlar o‘rtasida yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro ishonchga asoslangan ijtimoiy-siyosiy muhit shakllanmoqda. Bu jarayon tarixi, madaniyati va ma’naviy-ma’rifiy qadriyatlarining ildizi bir bo‘lgan O‘zbekiston va Qirg‘iziston munosabatlari strategik sheriklikning sifat jihatidan yuqori bosqichiga ko‘tarilgani bilan alohida ahamiyat kasb etadi.
Keyingi yillarda ikki tomonlama manfaatli platformaning eng muhim bo‘g‘ini bo‘lgan transport kommunikatsiyalarini rivojlantirish borasida transformatsion o‘zgarishlar ro‘y bermoqda. Xususan, “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li” loyihasi nafaqat ikki davlat, balki butun qit’a uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lib, 2024–2025 yillarda loyihaning texnik-iqtisodiy asoslari yakunlandi va qurilish ishlari jadallashtirildi.
O‘zbek va qirg‘iz xalqlarini birlashtiruvchi eng muhim omil bu umummilliy madaniy merosdir. Madaniy-gumanitar sohada ikki qardosh xalqning buyuk siymolari – Zahiriddin Muhammad Bobur va Chingiz Aytmatov nomlari bilan atalgan shohko‘cha, markaziy xiyobon va madaniyat maskanlari mavjud. Qirg‘izistonda o‘zbek tilidagi maktablarning qo‘llab-quvvatlanishi va O‘zbekistonda qirg‘iz madaniyati kunlarining o‘tkazilishi do‘stlikning ma’naviy poydevorini yanada mustahkamlamoqda.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi do‘stlik aloqalari nafaqat davlat miqyosida, balki nodavlat notijorat tashkilotlari va jamoatchilik darajasida ham tobora rivojlanib bormoqda. Xususan, Andijon viloyatida millatlararo totuvlikni ta’minlash, Qirg‘iziston bilan yaxshi qo‘shnichilik va do‘stona aloqalarni mustahkamlashda Qirg‘iz milliy-madaniy markazi Andijon viloyati bo‘limi alohida o‘rin tutadi.
Markaz tomonidan Xonobod shahri, Buloqboshi, Jalaquduq, Izboskan, Marhamat, Qo‘rg‘ontepa, Paxtaobod va Xo‘jaobod kabi chegaradosh tumanlarda istiqomat qirg‘iz millatiga mansub fuqarolarning tili, madaniyati va an’analarini targ‘ib qilishda asosiy ko‘prik vazifasini o‘tamoqda.
Ayni vaqtda Markazning Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondi tomonidan moliyalashtirilgan “O‘zbek va qirg‘iz xalqlari do‘stligi: madaniyat, qadriyat va meros” nomli loyihasi doirasida turkum madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda. Ularda turli millat vakillari o‘rtasida do‘stlik va totuvlikni ta’minlash, milliy qadriyatlarga hurmat, yoshlarni Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash masalalari ilgari surilmoqda.
Shuningdek, 2024–2025 yillar mobaynida Andijon viloyatidagi “Hamroh” NNT va Qirg‘izistonning Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish jamg‘armasi (FSDS) hamkorligida “Chegara hududlar – Xonobod shahri va Paxtaobod tumanida yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish” loyihasi doirasida chegara hududlari xotin-qizlari bandligini ta’minlash uchun 136 million so‘mlik zamonaviy uskunalar yetkazib berildi.
O‘sh shahrida tashkil etilgan “Do‘stlik ko‘priklari” xalqaro forumida ikki qo‘shni davlatning Farg‘ona vodiysi viloyatlari yoshlari tinchlik, fan va texnologiyalar sohasida o‘zaro tajriba almashdi. Shuningdek, Qirg‘izistonning “Saymaluu-tash” maskanida bo‘lib o‘tgan seminarda Jalolobod va Andijonning chegaradosh hududlaridan tashrif buyurgan ayol va qizlar faolligini oshirish, NNTlarning davlat organlari bilan hamkorligi mexanizmlari keng muhokama qilindi.
Ushbu loyihalar ikki qardosh xalq o‘rtasidagi ijtimoiy jipslik va o‘zaro ishonchni mustahkamlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi munosabatlar azaliy qardoshlikning namunasidir. Zero, ikki qardosh xalqlar o‘rtasidagi birdamlik va hamkorlik Markaziy Osiyo mintaqasining tinchligi, barqaror va farovon kelajagi uchun ishonchli kafolat bo‘lib xizmat qiladi.
Farhodbek Ataxonov,
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi
Andijon viloyati hududiy bo‘linmasi rahbari.
O‘zA.