O‘zbekiston – Qatar: O‘zaro munosabat jadal rivojlanmoqda
“Diplomatik rakurs” loyihasining bugungi mehmoni O‘zbekiston Respublikasining Qatar davlatidagi birinchi Favqulodda va muxtor elchisi Ashraf Xodjayev O‘zA muxbiri bilan suhbatda o‘quvchilariga o‘zaro savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, ta’lim, madaniy-gumanitar va sog‘liqni saqlash sohasidagi aloqalar strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilayotgani va bu yo‘lda amalga oshirilgan ishlar xususida so‘zlab berdi.
– Ma’lumki, Qatar ta’lim sifati bo‘yicha arab mamlakatlari ichida birinchi, dunyoda esa to‘rtinchi o‘rinda turadi. Ayni yo‘nalishda O‘zbekiston va Qatar qanday hamkorlik qilyapti?
– Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan, Qatar Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy 2023-yil 5-6-iyun kunlari davlat tashrifi bilan mamlakatimizda bo‘ldi. O‘shanda qator loyihalar qatori madaniyat, ta’lim, turizm sohalarida almashinuvni faollashtirishga qaratilgan sa’y-harakatlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, jumladan birgalikda madaniyat kunlari, konsert dasturlari, ko‘rgazmalar, hunarmandlik va pazandalik namoyishlarini o‘tkazishga kelishib olindi. Shuningdek, Oliy ta’lim va ilmiy tadqiqot sohasida hamkorlik to‘g‘risida hukumatlararo memorandum imzolandi.
Ushbu hujjat ijrosi doirasida Qatar Davlati Ta’lim va oliy ta’lim vaziri Busaina bint Ali Al Jabr Al-Nuaymiy xonim bilan uchrashganimizda ta’lim va fan sohalarida ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash istiqbolini muhokama qildik. Xususan, akademik hamkorlik, talabalar va o‘quvchilar almashinuvi, qo‘shma ilmiy loyihalar va ta’lim grantlari amalga oshirilishini nazarda tutgan qo‘shma harakatlar rejasi ishlab chiqishga kelishib oldik. Al-Nuaymiy xonim O‘zbekistonga taklifimizni ham mamnuniyat bilan qabul qildi.
Qatar universiteti Prezidenti doktor Umar Muhammad Al-Ansoriy, Lusail universiteti rektori, professor Nitham Muhammad Hindiy bilan uchrashib, universitetlar aro sheriklikni yo‘lga qzyish, jumladan, talabalar almashish, birgalikda qo‘shma tadqiqot olib borish, qo‘shma o‘quv dasturlarini amalga oshirish, o‘zaro kadrlar malakasini oshirish masalalarini o‘rgandik.

Ikki tomonlama imzolangan 15 hujjat orasida Madaniyat sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi hukumatlar aro memorandum ham bor.
Ayni mavzuda Qatar davlati Madaniyat vaziri Shayx Abdurahmon bin Hamad bin Josim bin Hamad Ol Soniy bilan suhbatlashib, joriy yil 20-26-fevral kunlari Dohada O‘zbekiston madaniyati, hunarmandligi va turizmi haftaligi o‘tkazilgani, yurtdoshlarimiz Doha Dizayn biyennalesida ilk bor ishtirok etib, muvaffaqiyat qozonganini e’tirof etdik. Shuningdek, ikki davlatda bo‘lajak qator qo‘shma madaniy tadbirlarni muhokama qildik.
Davlat vaziri, Qatar Milliy kutubxonasi prezidenti doktor Hamad bin Abdulaziz Al-Kavariy bilan uchrashish sharafiga ham muyassar bo‘ldik. Mazmunli suhbat davomida madaniy alokani mustahkamlash yo‘llarini ko‘rib chiqdik.
– Ijtimoiy loyihalar amalga oshirish yo‘lida qanday qadamlar qo‘yilmoqda?
– Qatar ijtimoiy taraqqiyot va oila vaziri Maryam Al-Misnad bilan uchrashganimizda O‘zbekiston va Qatar o‘rtasida aholini ijtimoiy himoya qilish sohasida o‘zaro tajriba almashish, hamkorlikda ijtimoiy loyihalar amalga oshirish masalasini muhokama qildik.
Maryam xonim Qatarning nogironlar uchun shahar infratizimini yaxshilash, yetim bolalar va qariyalarga e’tibor berish, jamiyatda xotin-qizlar o‘rnini mustahkamlash yo‘nalishlarida erishgan yutuqlari bo‘yicha tajriba almashishga tayyorligini bildirdi. Shuningdek, Qatarda mazkur yo‘nalishlarda ish olib boruvchi jamoat tashkilotlari faoliyati bilan yaqindan tanishish, hamkorlik loyihalarini o‘rganib chiqishni taklif etdi. Vazir O‘zbekiston Ijtimoiy himoya milliy agentligi rahbariyati boshchiligidagi delegatsiyani Qatarga taklif qildi.
Jurnalistlarni media sohasidagi hamkorlik, ya’ni ijodkorlarning o‘zaro tashriflari, tajriba almashishi kabi masalalar qiziqtirishi tabiiy.
Haqiqatan, Al-Jazira media instituti direktori Imon Ahmad Al-Amriy xonim bilan suhbatlashib, OAV, jurnalistika va PR sohalarida jahon darajasidagi ilg‘or tajriba bilan tanishdik.
Bosh qarorgohi Dohada joylashgan ushbu xalqaro telekompaniya “Al-Jazira” 1996-yil Qatar amiri farmoni bilan tuzilgan. “Al-Jazira” arab tilida “orol” ma’nosini anglatadi.
Shuningdek, “Al-Jazira Media Netvork bosh direktori doktor Mustafo Suag bilan media sohasida hamkorlik qilish, jumladan kontent va dastur yaratish, O‘zbekistonda jurnalistlar uchun treninglar o‘tkazish masalalari yuzasidan maslahatlashdik.
– Oxirgi savol. Sayyohlik va turizm iqtisodiy rivojlanishning drayveri – harakatlantiruvchi kuchi ekani haqida yakdil fikr bor. Bu boradagi yangiliklar bilan bo‘lishsangiz?
– “Qatar Airways” kompaniyasi bosh ijrochi direktori Badr Muhammad Al-Miyr bilan uchrashib, davlatlarni bog‘lab turadigan havo qatnovi juda muhimligiga e’tibor qaratdik. Muloqot chog‘ida kargo tashuvini yo‘lga qo‘yish, zamonaviy avia xizmat sohasida tajriba almashish kabi masalalar ham ko‘tarildi. Bu yo‘nalishda reja jiddiy: dastlab haftasiga 4 marta, keyinchalik kunlik tartibda reys belgilash niyatidamiz.
To‘g‘ridan-to‘g‘ri qatnov orqali o‘zaro turistlar oqimi tezlashishi, ikki tomonlama savdo ko‘lami kengayishiga imkon yaratiladi.
Muharrama Pirmatova suhbatlashdi.
O‘zA