O‘zbekiston – qardosh xalqlar qadr topgan yurt
30 iyul – Xalqlar do‘stligi kuni Jizzax viloyatida keng nishonlandi. Barcha tuman markazlari, shahar, qishloq va mahalla fuqarolar yig‘inlarida o‘tgan ikki kun davomida “Qudratimiz – do‘stligimizda” shiori ostida do‘stlik festivallari, madaniy-ma’rifiy, badiiy tadbirlar o‘tkazildi.
Jumladan, Jizzax shahrida “Qardosh do‘stim, kelajak biz yoshlar qo‘lida” shiori ostida o‘tgan xalqaro yoshlar festivalida o‘zbek, qozoq, rus, qirg‘iz, tojik va boshqa millat vakillarining iqtidorli estrada xonandalari ijrosida konsert dasturi namoyish etilib, unda o‘zbek va qardosh xalqlar tillarida Vatan, do‘stlik, sevgi va sadoqatni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar yangradi.
30 iyul – Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan G‘allaorol tumani Marjonbuloq shaharchasida “O‘zbekiston – qardosh xalqlar qadr topgan yurt” nomli tadbirda o‘quvchi-yoshlar tomonidan rus, tatar, tojik va qirg‘iz millati vakillarining madaniy va badiiy-musiqiy chiqishlari namoyish etildi.
Zafarobod tumanida bayram munosabati bilan tashkil etilgan do‘stlik festivali san’atning turli yo‘nalishlari hamda o‘zbek va qardosh xalqlar yozuvchi, shoirlari qalamiga mansub badiiy adabiyotlar bo‘yicha tashkil etilgan kitobxonlik ko‘rgazmasi bilan boshlandi. Mazkur ma’naviy-ma’rifiy, madaniy tadbir davomida ijodkor yoshlar tomonidan tayyorlangan jonli ijrodagi chiqishlar barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.
“Qudratimiz-do‘stligimizda” shiori ostida xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik kuniga bag‘ishlangan “O‘zbekiston – qardosh xalqlar qadr topgan yurt” nomli viloyatning asosiy bayram tadbiri esa Jizzax shahridagi Sharof Rashidov shoh ko‘chasidagi Mustaqillik maydonidan “O‘rda” ekologik bog‘iga qadar “5 ming qadam piyoda” yurish marafoni bilan boshlandi.
Viloyati hokimligi, nodavlat notijorat tashkilotlari, “Nuroniylar” va “Mahalla” jamoat fondlari, Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi hamda boshqa ko‘plab hamkor tashkilotlar tomonidan tashkil etilgan xalqaro do‘stlik festivalida 7 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan 2 mingdan ortiq Jizzax viloyatining turli hududlarida istiqomat qiluvchi millat va elat vakillari, viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan milliy madaniy markazlar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, o‘quvchi, talaba va yoshlar ishtirok etdi.
Xalqlar do‘stligi festivalining rasmiy qismi boshlanishi avvalida Jizzax shahridagi “O‘rda” ekologik bog‘i ko‘p millatli xalqimizning bunyodkorlik salohiyati, yurtimizning betakror tabiati, millatlararo do‘stlik, turli millat vakillarining yurtimiz taraqqiyotiga qo‘shayotgan hissasi aks etgan tasviriy san’at asarlari, milliy taomlar tanlovi, hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmasi, viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan milliy madaniy markazlarning milliy urf odatlarini o‘zida aks ettirgan lapar, aytishuv, qo‘shiq, raqs va badiy chiqishlari namoyish etildi.
So‘ngra tadbirning rasmiy qismi “O‘rda” bog‘idagi amfiteatrda davom etdi. Jizzax viloyati hokimi o‘rinbosari Sindor Rahmonqulov Prezidentimizning Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga yo‘llangan bayram tabrigi o‘qib eshittirdi.
Ushbu sana munosabati bilan davlatimiz rahbarining butun O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan tabrigi ko‘p millatli Jizzax xalqining ham kayfiyatiga bayramona ruh bag‘ishladi.
– Prezidentimizning bayram tabrigidagi, “Ko‘pmillatli xalqimiz – bizning eng katta boyligimiz, yurtimizdagi millatlar va konfessiyalararo hamjihatlik – barcha yutuq va marralarimizning mustahkam asosidir” degan jumlalarini tinglab, butun vujudimda yoqimli titroqni his qildim, – deydi Respublika tojik milliy madaniy markazining Jizzax viloyati bo‘limi rahbari, “1-darajali mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni sohibi, faxriy jurnalist Abdukarim Sharipov. – O‘zbekiston zamini millatlar o‘rtasidagi o‘zaro do‘stlik, hamjihatlik, quda-andachilik, birodarlik va bag‘rikenglik an’analari bilan shuhrat qozongan. Viloyatimizda barpo etilgan “Do‘stlik uyi” turli millatga mansub fuqarolar o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlashda muhim o‘rin tutayotganini ta’kidlab o‘tgan bo‘lardim.
Bu yerda rus, qozoq, qirg‘iz, tatar, koreys, tojik milliy madaniy markazlari faoliyat olib borishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Viloyatdagi umumta’lim maktablarida o‘quv-tarbiya jarayonlari davlat tilidan tashqari yana rus, qirg‘iz va tojik tillarida olib boriladi. Quvonarlisi, qardosh tilli ushbu o‘quv muassasalarida tahsil olayotgan farzandlarimiz davlat hisobidan darslik va badiiy adabiyotlar bilan ta’minlanganidir. Jonajon O‘zbekistonimizda, jumladan, Jizzax viloyatida ham millatlararo do‘stlik va totuvlik uzoq yillik mustahkam zaminga ega. Men tug‘ilib o‘sgan ushbu zaminda qaysi millat va elat vakili bo‘lmaylik, barcha millatlar qatori teng haq-huquqqa egamiz. Va men ana shunday xalqparvar, jannatmakon O‘zbekistonda tug‘ilganim bilan faxrlanaman.
[gallery-12954]
Ta’kidlanganidek, hamjihatlik, mehr-oqibat muhitini asrash, milliy madaniyatlar, urf-odat va an’analarni rivojlantirish borasidagi katta xizmatlari, Yangi O‘zbekistonning tinchliksevar va xalqparvar siyosatini xalqaro miqyosda keng targ‘ib etish, shuningdek, turli sohalarda samarali mehnat qilib, yurtimiz iqtisodiyotini yuksaltirishga qo‘shgan munosib hissasi, yosh avlodni Vatanga muhabbat va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash yo‘lidagi ibratli ishlari hamda ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki uchun bir guruh yurtdoshlarimiz turli darajadagi Davlat mukofotlari bilan taqdirlandi.
E’tiborlisi ana shu mukofotlanganlar orasida Respublika tojik milliy madaniy markazining Jizzax viloyati bo‘limi a’zosi, tojik millatiga mansub, 90 yoshlik Bozor momo Nazarova “Do‘stlik” ordeni, Zafarobod tumanidagi “Chimqo‘rg‘on” qishloq fuqarolar yig‘inining xotin-qizlar faoli, karachay millatiga mansub Kulina Xutova “Shuhrat” medali sohibi bo‘lganlari ko‘p millatli Jizzax viloyati ahli uchun katta faxr va iftixor ekanligi qayd etildi.
Milliy madaniy markazlar badiiy jamoalari, shahar va tuman madaniyat uylari qoshidagi folklor etnografik xalq ansambllarining mustaqillikni, tinchlik, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikni, yoshlik, mehr-oqibat va bag‘rikenglikni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlari yangradi, taniqli xonandalar ishtirokida namoyish etilgan konsert dasturi ishtirokchilarga xush kayfiyat ulashdi.
Xalqlar do‘stligi bayrami tunga borib mushakbozlik bilan nihoyasiga yetdi.
A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (surat), O‘zA