O‘zbekiston qancha konditsioner eksport qilgan?
Yozning jazirama issiq kunlarida muzqaymoq va salqin ichimliklar, muzlatkich va konditsionerlar jonga oro kiradi.
Ayniqsa, shu kunlarda havo haroratining keskin oshgani xonadon va ishxonalarga o‘rnatilgan konditsionerlarning qadrini yanada oshirdi.
Hozirgi kunda shaharu qishloqlardagi deyarli har bir xonadonda konditsionerlar o‘rnatilganiga ko‘zingiz tushadi. Bu uskuna xizmatidan foydalanish ko‘lami yildan-yilga ortib bormoqda. Talab oshishi esa, o‘z navbatida, konditsioner ishlab chiqarish ko‘lamini kengaytirishni taqozo etadi. Bu borada mahalliy ishlab chiqaruvchilar hamda qo‘shma korxonalarning faoliyati alohida o‘rin tutadi.
Mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan bu turdagi mahsulotlar yurtdoshlarimiz talabini qondirish bilan birga, xorijga ham eksport qilinmoqda. Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yilning dastlabki 4 oyida O‘zbekiston 8 ta xorijiy davlatga qiymati 3,6 million dollarga teng bo‘lgan konditsioner eksport qilgan. Konditsioner eksporti o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda, 2,5 million dollarga oshgani ma’lum bo‘ladi.
O‘zbekiston Ozarbayjonga 2,4 million, Rossiyaga 315,9 ming, Turkmanistonga 304,4 ming, Tojikistonga 223,8 ming, Qozog‘istonga 159,9 ming, Qirg‘iz Respublikasiga 59,6 ming, Moldovaga 38,8 ming, Yamanga 18,3 ming dollarlik konditsioner eksport qilgan. Bunda Toshkent shahri 2,7 million dollarlik, Toshkent viloyati 796,4 ming dollarlik, Andijon viloyati 0,9 ming dollarlik konditsioner eksportini amalga oshirgan.
Bir so‘z bilan aytganda, xonadon va ishxonalarimizni jaziramada sovutib, qahratonda isitib beruvchi konditsionerlar hayotimizning mavsumiy hamrohiga aylanib bormoqda. Mamlakatimizda bu kabi maishiy texnika vositalarining zamonaviy, energiyatejamkor turlari ko‘payib, eksportdagi ulushi ortib borayotgani quvonarli, albatta.
Muhtarama Komilova, O‘zA