“O‘zbekiston Qahramonlari” kitob-albomi taqdimoti
Buxoro davlat universitetida mamlakat taraqqiyotining eng muhim, ustuvor vazifalari e’lon qilingan murojaatnomaning mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan “Ma’rifat soati” o‘tkazildi.
Tadbirda “O‘zbekiston Qahramonlari” kitob-albomi taqdimoti va buxorolik Qahramonlarga kitoblarni topshirish marosimi ham bo‘lib o‘tdi.

Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston Respublikasining 1994 yil 5 maydagi “O‘zbekiston Qahramoni” unvonini belgilash va oliy nishon – “Oltin yulduz” medalini ta’sis etish to‘g‘risida”gi qonuniga asosan, “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni O‘zbekiston Respublikasidagi oliy darajadagi mukofot bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasining fuqarolariga davlat va xalq oldidagi qahramonona jasorat ko‘rsatish bilan bog‘liq xizmatlari uchun beriladi.
“O‘zbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlangan shaxsga “Oltin Yulduz” medali va unvon berilganligi to‘g‘risidagi tegishli hujjat topshiriladi. Bunday oliy unvonga Islom Karimov – Siyosatchi yo‘nalishida, shoirlar Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, adabiyotshunos, yozuvchilar- Suyima G‘aniyeva, Said Ahmad, aktyor, madaniyat sohasida Zikir Muhammadjonov, Munojot Yo‘lchiyeva, shifokorlar – Vosit Vohidov, Malika Abdullaxo‘jayeva, Mirumar Asadov, me’morlar, milliy hunarmandlar, matematiklar, ustoz va murabbiylar Turg‘un Azlarov, agronom Mahmud Mirzayev singari jami 103 nafar o‘z kasbi va Vataniga sodiq, fidoyilar taqdirlangan.

Joriy yil “Adabiyot” nashriyotida “O‘zbekiston Qahramonlari” kitob-albomi chop etildi. Kitobga Buxoro viloyatidan mazkur unvonga sazovor bo‘lganlar ham kiritilgan. Bular Muyassar Temirova – zardo‘z (1995), Martiya Rahmatova – to‘quvchi (1999), Hazrat Abloqulov (2000)qishloq xo‘jaligi sohasi xodimi, Azim Latipov – qishloq xo‘jaligi sohasi xodimi (2002), To‘ra Narziyev –irrigator (2009), Muhammad Axmedov qishloq xo‘jaligi sohasi xodimi (2021) yillarda munosib deb topilgan.

Tadbirda buxorolik O‘zbekiston Qahramonlari bilan dildan qurilgan suhbat yig‘ilganlarga ko‘tarinkilik baxsh etdi. Ta’kidlash kerakki, keyingi yillarda mamlakatimizda ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, sohada olib borilayotgan islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish borasida alohida tizim yaratildi. Xalqimiz ongu tafakkuri va dunyoqarashini yuksaltirish, ma’naviy-mafkuraviy immunitetini mustahkamlash, yuksak vatanparvarlik, istiqlolga sadoqat tuyg‘usi bilan yashaydigan barkamol avlodni tarbiyalash borasida qator ishlar amalga oshirildi.

Prezidentimizning 2019 yil 3 maydagi “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qarori, 2021 yil 26 martdagi “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori hamda O‘zbekiston Ruspublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 30 oktyabrdagi “Ma’naviyat fidoyisi” ko‘krak nishonini ta’sis etish to‘g‘risida”gi qarorlari bu borada olib borilayotgan ishlarga katta turtki berdi. Mazkur hujjatlardan kelib chiqib, o‘zining ilmiy salohiyati, jamoat ishidagi fidoyiligi, mehnatevarligi va vatanparvarligi bilan el hurmatiga sazovor bo‘lgan fuqarolar “Ma’naviyat fidoyisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanib kelinmoqda.
Joriy yil mazkur ko‘krak nishoni bilan Buxoro viloyatidan 4 nafar fidoyilar taqdirlandi.
Zarif Komilov, O‘zA