O‘zbekiston Prezidenti Saudiya Arabistoni bilan yirik investitsiya loyihalarining borishini ko‘rib chiqdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining navbatdagi yig‘ilishi doirasida “ACWA Power” kompaniyasi rahbari Muhammad Abunayyan boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Uchrashuvda sheriklik aloqalarini kengaytirish va qo‘shma loyihalarni jadallashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Davlatimiz rahbari O‘zbekiston “yashil” energetika sohasining asosiy hamkori bo‘lgan “ACWA Power” faoliyatini yuqori baholadi. Qayd etilganidek, o‘tgan yil dekabr oyida boshlangan yangi investitsiya tashabbuslari, jumladan, quyosh va shamol elektr stansiyalarini barpo etish loyihalari belgilangan rejalar asosida izchil amalga oshirilmoqda.

Muloqot davomida hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlariga ham alohida e’tibor qaratildi. Xususan, “Yangi Toshkent” xalqaro aeroporti qurilishini boshlash, Farg‘ona shahrida ko‘p tarmoqli tibbiyot muassasasini barpo etish, IT-parkda zamonaviy ma’lumotlar markazini ishga tushirish kabi masalalar muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida saudiyalik investorlar O‘zbekistondagi islohotlar va yaratilgan qulay investitsiya muhiti uchun minnatdorlik bildirib, loyihalarni sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirishga tayyor ekanliklarini ta’kidladilar.