O‘zbekiston - Pokiston savdo hajmi 50 foiz o‘sdi
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov Islomobod shahrida Pokiston Islom Respublikasi Bosh vazirining savdo va investitsiyalar bo‘yicha maslahatchisi Abdul Razzoq Dovud bilan uchrashdi.
Ushbu muloqot davomida iqtisodiy sheriklikni yanada chuqurlashtirish chora-tadbirlari, amaldagi kelishuvlarning hayotga tatbiq etilishi hamda hukumat va ishbilarmon doiralar ishtirokida rejalashtirilgan ikki tomonlama tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
Xususan, Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim bo‘yicha kelishishni jadallashtirish hamda Tranzit savdosi to‘g‘risidagi bitimni amalda joriy etish bo‘yicha qo‘shma tadbirlar rejasi bo‘yicha dolzarb vazifalar ko‘rib chiqildi. Tomonlar bu borada yuzaga kelayotgan masalalarni tezkor o‘rganish va hal qilishga qiziqish bildirdilar.
O‘zaro savdo hajmi o‘sishi va diversifikatsiyasining ijobiy sur’at qayd etildi. Jumladan, 2021 yilda pandemiyaning salbiy oqibatlariga qaramay, O‘zbekiston - Pokiston savdo hajmi qariyb 50 foiz oshdi. Xususan, asbob-uskuna, oziq-ovqat, kimyo, to‘qimachilik va farmatsevtika sanoati, shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan savdo qilishda sezilarli natijaga erishildi.
Tomonlar ustuvor tarmoqlarda investitsiyaviy va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish uchun yaratilgan qulay shart-sharoitni olqishladi. Suhbat chog‘ida qo‘shma investitsiya tashabbuslarini ro‘yobga chiqarish uchun istiqbolli yo‘nalishlar va to‘plangan muvaffaqiyatli tajriba asosida ikki mamlakat tadbirkorlarini loyihalarni amalga oshirishga jalb etish bo‘yicha hamkorlik qilish mexanizmi ko‘rib chiqildi.
Bo‘lajak ikki tomonlama tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi bilan Pokiston Islom Respublikasi o‘rtasida savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi va qo‘shma biznes-forumni o‘tkazish bo‘yicha keyingi choralar ham muhokama qilindi. Tomonlar ushbu tadbirlarning muvaffaqiyatli o‘tkazilishi ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa o‘rnatilishi ikki tomonlama investitsiyaviy, sanoat, savdo-iqtisodiy, transport va logistika, madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga qo‘shimcha turtki berishiga ishonch bildirdilar.
Uchrashuv yakunida o‘zaro munosabatlarning ko‘rib chiqilgan barcha yo‘nalishlarida amaliy hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan navbatdagi tadbirlar kelishib olindi.
O‘zA