O‘zbekiston–Pokiston o‘rtasida turistik aloqalar jadal sur’atlarda rivojlanmoqda
O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar so‘nggi yillarda turizm sohasida ham faollashib bormoqda.
Madaniy yaqinlik, to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar va o‘zaro qiziqish turistik tashriflar soni ortishiga xizmat qilmoqda. O‘tgan 2025 yil natijalari ushbu yo‘nalishda sezilarli o‘sish kuzatilganini ko‘rsatadi. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda 435 nafar O‘zbekiston fuqarosi turistik maqsadda Pokistonga safar qilgan. Bu ko‘rsatkich 2024 yilga nisbatan 6,9 barobarga oshgan.
O‘zbekiston fuqarolarining Pokistonga safar maqsadlari tahlil qilinganda, 272 nafari sayohat, 95 nafari xizmat safari, 67 nafari qarindoshlarni yo‘qlash maqsadida yo‘l olgani ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, o‘qish uchun safar qilgan 1 nafar fuqaro qayd etilgan. Shu bilan birga, 2025 yil davomida O‘zbekistonga qariyb 18 752 nafar Pokiston fuqarosi turistik maqsadlarda tashrif buyurgan.
Bu ko‘rsatkich avvalgi yilga nisbatan 3,4 barobarga ko‘paygan. Pokistonlik mehmonlarning safar maqsadlari ko‘rsatkichida sayohat ustunlik qilib, 10,7 ming nafarni tashkil etgan. Shuningdek, xizmat yuzasidan 5,8 ming nafar, o‘qish uchun 1,8 ming nafar, tijorat maqsadida 404 nafar va qarindoshlarni yo‘qlash uchun 74 nafar tashrif qayd etilgan. Qayd etilishicha, turistik oqimning o‘sishi ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, madaniy almashuvni kengaytirish hamda turizm infratuzilmasini rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA