O‘zbekiston - O‘mon siyosiy maslahatlashuvi
Maskat shahrida O‘zbekiston va O‘mon tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida siyosiy maslahatlashuvning yettinchi davrasi bo‘lib o‘tdi.
Tomonlar delegatsiyalariga O‘mon tashqi ishlar vazirining diplomatik masalalar bo‘yicha o‘rinbosari shayx Xalifa al-Horisiy va O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Furqat Sidiqov rahbarlik qildi.
Tadbirda siyosat sohasidagi hamkorlikning joriy holati va istiqboli, mintaqaviy va xalqaro muammolar yuzasidan fikr almashildi.
Xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar, xususan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti va Islom hamkorlik tashkiloti doirasidagi o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishga kelishib olindi.
Hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy bazasini mustahkamlash masalasi ham kun tartibidan o‘rin oldi.
Ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikning bugungi holatini baholash va istiqbolini belgilash muzokaraning asosiy mavzusi bo‘ldi.
Bu borada o‘zaro savdo-sotiq hajmini keskin oshirish hamda investitsiyaviy aloqani jadallashtirish, hamkorlik yo‘nalishlari tarkibini tubdan diversifikatsiya qilish choralari xususida so‘z yuritildi.
O‘zA